Скачать книгу

– Hammasini ber.

      Qo‘limdagi yong‘oqlarni ham, cho‘ntagimdagilarniyam bolaga berdim. Nima qipti, hali terib olaveraman. Ko‘chamizda yong‘oqdan ko‘pi bormi?

      – Yuz so‘m! – eski choponli kishi dallolning qo‘lidan tutdi. – Bor baraka!

      – Voy, nima deyapsiz, amaki? – Oyim xuddi birov tortib olayotgandek echkining arqonidan mahkam ushlab o‘ziga tortdi. – Bu zotli mol. Onasi har yili ikkitadan tug‘adi. Sutni ko‘p beradi. Sutiyam yog‘li.

      – Sizam insof qiling-da, birodar! – dallol endi xaridorga qarab qo‘lini paxsa qildi. – Yangam rost aytyaptilar. Zotli mol, erta-indin qochib qolsa, bahorda maza qilib sutini ichasiz.

      Oyimga jon kirdi.

      – Shuni aytaman-da! Zotli mol! Onasi har yili ikkitadan tug‘adi. Ko‘p sut beradi. Suti yog‘li, sigirnikiga o‘xshaydi.

      Xaridor horg‘in bosh chayqadi.

      – O‘zimga qolsa-ku, besh yuzga ham olaverardim. Shu bolaga so‘rayapman. – U tag‘in bolaga imo qildi. Bola yong‘oqlarni u qo‘lidan bu qo‘liga olar, yupqa, qonsiz lablarini pichirlatib sanar edi. – Hech kimi yo‘q bechoraning,– dedi xaridor ovozini pasaytirib. – Savob bo‘lar deb boshiga do‘ppi oberdim. Otasi frontda o‘lgan. Yaqinda onasiyam qazo qildi: sil edi bechora. Yetmish yashar kampir buvisi bilan qoldi. Men qo‘shnisi bo‘laman. Kampir bechoraning kigiz tagiga yig‘ib qo‘ygan jindek puli bor ekan. Shunga bittagina echki obering, deb yalindi. Savob uchun tushdim bozorga.

      Goh bolaga, goh onamga qarab karaxt bo‘lib qoldim. Bola hamon yong‘oqlarini sanar, oyim ham unga tikilib qolgan edi. Birdam onamning ko‘zlarida yosh aylandi. Bir qo‘li bilan arqondan tutgancha ikkinchi qo‘li bilan bolaning do‘ppisi ustidan boshini siladi.

      – Aynoniy-a! – dedi ovozi titrab. – Hech nima qilmaydi. Hali shundoq yigit bo‘lasanki, sen ko‘rganni hech kim ko‘rmaydi, bolam!

      – Mana, bori shu! – xaridor bir so‘mlik, uch so‘mlik pullardan bir hovuchini dallolning qo‘liga tutqazdi.

      – Qancha? – dedi dallol.

      – Yuz ellik so‘m!

      Dallol oyimning arqon ushlab turgan qo‘lini kaftiga olib silkita boshladi.

      – Bor baraka deng endi, yanga! Bor baraka deng!

      U har siltaganda oyim qo‘li uzilib ketgudek bo‘lib butun gavdasi bilan silkinar edi.

      – Hech bo‘lmasa yana ellik so‘m qo‘shing, amaki, – dedi onam eski choponli kishiga iltijoli termilib. – Zotli mol, onasi har yili ikkitadan tug‘adi.

      – Nima qilay, singil! – xaridor tag‘in bosh chayqadi.– Mengamas, bolaga deyapman-ku. Savob uchun tushdim bozorga, bor puli shu bo‘lsa, men nima qilay?

      – Axir, menam bolamga pufayka obermoqchiman, – dedi onam yig‘lamsirab.

      – Savob ham kerak-da odamga, yanga! – Dallol oyimning qo‘lini qo‘yib yubormay shang‘illadi. – Dunyoga kelib, nima karomat ko‘rsatdik?! Ko‘prik soldikmi, machit qurdikmi…

      – To‘g‘ri-ku, lekin… Bolamga pufayka… Zotli mol…

      Endi onamning gapini xaridor bo‘ldi.

      – Xudoga shukur deng, singil. Bolangizni boshida otasi bor ekan, siz bor ekansiz. Jayam yangi bo‘lmasa eskiroq pufayka oberarsiz. Bu bechoraning kimi bor?

      Oyim bolaga bir nafas termilib turdi-yu arqonni sekin qo‘yib yubordi. Bola hamon lablarini pichirlatib yong‘oq sanar edi.

      – Mang, yanga! Rozi bo‘ling, – dallol pulni sanab oyimga tutqazdi. – Xizmat haqimni opqoldim. Ammo rozi bo‘ling.

      Oyim pul changallab turgan qo‘li bilan tag‘in bolaning do‘ppisi ustidan boshini siladi.

      – Xafa bo‘lma, o‘rgilay! Buvingga mendan salom aytgan. Echki sotgan xotin salom aytdi, degin.

      Dallol bir tomonga, echki yetaklagan choponli odam bilan bola ikkinchi tomonga ketib, zum o‘tmay odamlar orasidan g‘oyib bo‘lishdi. Onam qo‘liga tuflab-tuflab pulni hafsala bilan sanadi, nimchasining cho‘ntagiga soldi. Ammo ko‘ngli to‘lmadi shekilli, o‘sha zahoti cho‘ntakdan qaytarib olib ko‘ylagining yoqasi tagiga yashirdi. G‘ussaga cho‘kib xo‘rsindi.

      – Xudodanam o‘rgilay! Bandasining boshiga shuncha g‘am solmasa nima qipti-ya!

      Ikkalamiz indamay yo‘lga tushdik. Oyim qo‘limdan tutgancha boshini quyi solib borar, chamasi boyagi bolani ham, hozir uyga borib dadamdan so‘kish eshitishni ham o‘ylar, o‘ylab o‘yiga yetolmas edi. Yana o‘sha kabobpaz, oshpaz oldidan o‘tdik. Kabob isi so‘lagimni oqizsa ham indamadim. Bilaman, endi oyim kabob obermaydi.

      Bozor darvozasiga yetganda onam to‘satdan to‘xtab qoldi.

      – Voy sho‘rim! – dedi rangi o‘chib.

      Men onam pulni oldirib qo‘ydi deb qo‘rqib ketdim.

      – Echkini arqoni bilan berib yuboribmiz-ku! – U shunday dedi-yu, qo‘limdan mahkam tutgancha odamlar orasiga sho‘ng‘ib yana orqaga sudrab ketdi. – Irimi yomon bo‘ladi. Molni arqoni bilan sotib bo‘lmaydi. Voy, meni yer yutsin! Endi nima qildik-a? Bizni kutib o‘tirarmidi. Ketib bo‘ldi endi! – U shunday derdi-yu, odamlarga urilib, surilib mol bozoriga shoshilardi. Ana, yana bozorga kirdik. Endi mollar xiyla kamaygan, biroq odam qalin edi. Boyagi «o‘zimizning» joyga qaytib keldik. Ammo endi bu yerda toychoq savdosi bo‘layotgan ekan.

      – Dallol shu yerning odami-ku. Topilar axir, – derdi oyim menimi, o‘zinimi yupatib. Odamlar to‘dasida anchagina garangsib yurdik. Bir mahal… bir mahal mo‘jiza ko‘rgandek taqqa to‘xtab qoldim. Atrofga alang-jalang qarayotgan onam qo‘limdan siltadi.

      – Yursang-chi, anqaymasdan!

      – Qoraquloq, – dedim sekin. – Ana, Qoraquloq! O‘zimning echkim.

      Men echkimni darrov tanidim. Qulog‘idan tanidim. Yo‘q, o‘zi oq, qulog‘i qora bo‘lgani uchunmas. Chap qulog‘ining qiyshiqligi uchun. Ertalablari echkini sog‘ishdan oldin oyim uni iyitish uchun bolasini birpas emizib olardi. Uloq onasining yeliniga bir yopishgandan keyin ajratish qiyin bo‘ladi. Shunda men uning qulog‘idan ushlab tortaveraman, tortaveraman. Har kuni tortaverganim uchun bir qulog‘i qiyshayib qolgan.

      – Qani? – dedi oyim alanglab. – Qani echki?

      – Ana! – qo‘lim bilan o‘n qadamcha narida, bir to‘da odam orasida turgan echkimni ko‘rsatdim. Boyagi eski choponli kishi echkining arqonidan ushlab turar, telpagining quloqchinini kuya yegan dallol esa shlapali semiz odamga qo‘lini paxsa qilib bir nimani tushuntirar edi. Faqat yangi do‘ppili bola ko‘rinmasdi…

      – Bu zotli mol, akam aylanay! Onasi har yili ikkitadan tug‘adi, – dedi dallol shang‘illab. – Kuniga bir chirpitdan sut beradi. Suti sigirnikidan ham yog‘li. Pulingiz yoningizda ketadi, akam aylanay.

      – Judayam osmondan kelavermang-da, siz ham. – Shlapali odam norozilik bilan bosh chayqadi. – Hech bo‘lmasa olti yuz deng.

      – O‘zingiz ham juda janaz1 odam ekansiz-da. Qarang, buning qornida bolasi bor! – Choponli kishi echkining ikkala biqiniga shapillatib qo‘ydi. – Xudo xohlasa, ayni qish chillasida bolalarning og‘zi oqarib qoladi, birodar!

      Allaqayoqdan boyagi yangi do‘ppili, rangsiz bola paydo bo‘ldi.

      – Dada, – dedi choponli kishiga qo‘lidagi obakini ko‘z-ko‘z qilib. – Mana, obkeldim!

      – Bizniyam boshimizda o‘zimizga yarasha tashvish bor,– choponli kishi bolaga imo qildi. – O‘g‘lim o‘z qo‘li bilan bir yil boqdi echkini. Endi shuning qo‘lini halollab qo‘ymoqchiman, birodar. To‘y qilish osonmi shu zamonda.

      Oyimga qaradim. Uning og‘zi lang ochilib qolgan, qalin lablari pirpirar, ko‘zida yosh bor edi.

      – Voy,

Скачать книгу


<p>1</p>

Janaz – ziqna, qurumsoq.