Скачать книгу

hammamiz opamning pinjiga tiqilamiz…

      Guzarga chiqqanimizdan keyin, eng katta niyatimni sekin aytdim:

      – Oyi, kinoga tushsam maylimi? Tarzanga?

      U g‘archli kavushiga chang qo‘ndirmaslik uchun tuproq ko‘chadan avaylab borarkan, orqasiga qaramasdan so‘radi:

      – Kim bilan tushasan?

      – Sobir bilan.

      – Tog‘angnikiga bormaymiz.

      Hafsalam pir bo‘lib to‘xtab qoldim. Bundan chiqdi, ammamnikiga borarkanmiz-da. Ammamnikida men tengi o‘rtog‘im yo‘q.

      – Ammamnikiga ketyapmizmi? – dedim qovoq-tumshug‘im osilib.

      Oyim burilib qaradi:

      – Yo‘q, opangnikiga.

      –Opam uyda-ku? – dedim hayron bo‘lib. – Yana qanaqa opamnikiga boramiz?

      – O‘qchiga. Katta opangnikiga.

      Qiziq, qanaqa katta opam? O‘zi bitta opam bor-ku.

      – Yur, – dedi oyim shoshirib. – Kun isib ketmasidan Beshyog‘ochga yetib olaylik.

      Oyimga ergashib borarkanman, allanimani g‘ira-shira tushungandek bo‘ldim. Besh-olti kun oldin ammam kelgan edi. U oyim bilan pichir-pichir gaplashgan, «o‘gay… yig‘ladi… O‘qchi…» degan so‘zlar qulog‘imga chalingan edi. Demak, O‘qchi degan joyga ketyapmiz.

      O‘qchi degani ikki tomoni boloxonali uylar bilan o‘ralgan tor ko‘cha ekan. Bizning tomonlarda allaqachon hammayoq ko‘karib ketgan, bu yerda bo‘lsa ko‘cha zax, ikki chetda qop-qora suv jilg‘a bo‘lib oqib yotibdi. Ancha yurdik. Tez-tez temirchilik do‘konlari uchraydi. Bayram bo‘lsayam, ba’zilari ochiq. Devordagi mixlarga ketmon, tesha, xaskash ilib qo‘yilgan. Sandonda olov gurullaydi. Taraq-turuq avjida: yaqiniga borib bo‘lmaydi. Oxiri tagidan qoramoydek loyqa suv oqib yotgan, chetidagi panjaralari liqillab turgan yog‘och ko‘prikdan o‘tdik. Oyim dam-badam to‘xtaydi. Hali u eshikni taqillatadi, hali bunisini.

      – Hoy, o‘rgilay, Bashoratxonning uyi shumi? Eri peravodniy…

      Birov yo‘q, deydi, birovi yelka qisib eshikni berkitadi, bir xili eshikni umuman ochmaydi.

      Shu qadar charchadimki, oyog‘imni qimirlatishga madorim qolmadi. Xuddi, hov birda, uydagi opamga sovchi kelganida Qa’niga borganimizdek. Kelmasam bo‘larkan. Qaytaga uyda Xo‘ja bilanmi, Vali bilanmi maza qilib chillak o‘ynab yurgan bo‘lardim. Kun isib ketgan, suv ichgim kelardi. Oyimning o‘zi ham ko‘cha chetidagi vodoprovoddan ikki marta suv ichdi. Suv ichish oson bo‘lsayam mayli ekan. Odamlar paqirini ko‘tarib, qatorlashib navbat kutib turadi… Bayram bo‘lgani uchunmi, yasangan-tusangan o‘tkinchilar tuzuk-quruq gaplashmaydi. Hamma qayoqqadir shoshadi.

      Bir mahal paranji-chachvonli xotinga duch keldik. Oyim yana o‘sha yalinchoq ohangda so‘radi:

      – Hoy, baraka topgur, Bashoratxonni tanimaysizmi?

      Paranjili xotin to‘xtadi. Chachvonini yuzidan olgan edi, qo‘rqib ketdim. Bunaqangi cho‘tir xotinni birinchi ko‘rishim edi. Negadir xayolimga cho‘tirini berkitish uchun paranji yopinib yursa kerak, degan o‘y keldi.

      – Qanaqa Bashor? – dedi u ro‘molcha bilan ter bosgan yuzini artib.

      – Bashoratxon-da! – Oyim kuyib-pishib tushuntirdi.– Eri peravodniy. Ashxobodda yer qimirlaganda kasallarni poyezdda olib kelgan.

      – Uyini bilmaysizmi? – cho‘tir xotin achinib bosh chayqadi. – Dunyoda nima ko‘p, Bashor ko‘p.

      – Yo‘q. Egachim aytuvdilar, – deb oyim yana tushuntirdi. – Shundoq ko‘prikdan o‘tgandan keyin topasiz, devdilar.

      – Bu ko‘chada nima ko‘p, ko‘prik ko‘p, aylanay, – cho‘tir xotin yelkasini nochor qisdi.

      – Hayronman, – dedi oyim umidsizlik bilan. – Nechta eshikni taqillatdim, hech yerda yo‘q.

      Bo‘lmadi, cho‘tir xotindan ham ish chiqmadi. Tag‘in ikkita katta-kichik ko‘prikdan o‘tdik. Yurib-yurib, choyxona oldidan chiqib qoldik. Bayram sharofati bilan choyxona ayniqsa gavjum bo‘lib ketgan, so‘rilarda erkaklar chordana qurib, sabzi to‘g‘rab o‘tirishar, to‘rqovoqlardagi bedanalar avjiga chiqib sayrar, havoda jizza hidi kezar edi.

      – Bor, bolam, – dedi oyim yalinib, – erkaklarning oldiga men bormay qo‘ya qolay. So‘ragin, peravodniyni uyi qaysi, degin, Bashor degan xotini bor, degin, xo‘pmi?

      So‘ri oldiga bordim-u, to‘xtab qoldim. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora, qayrilib ham qaramaydi. Askiya.... Qiyqiriq… Sho‘ppayib turib-turib qaytib keldim. Oyim urishmadi. Yana ketaverdik.

      Kattakon tilla zirak taqqan, yalpoq gulli ko‘rpabop matodan ko‘ylak kiygan, qalin qoshli juvon duch kelganida oyim tag‘in so‘radi:

      – Hoy, opovsi, Bashoratxonni…

      – Man namedonam! – dedi ayol yelka qisib.

      Oxiri oyim ham holdan toydi. Ko‘cha chetidagi yapasqi xarsang ustiga o‘tirib, tugunini yechdi. Kecha yopgan arpa nonidan olib olgan ekan. Shundan bittasini ushatib, ona-bola yedik. Tag‘in chanqay boshladim.

      – Oyi, suv, – dedim hiqillab.

      – Shoshma, bolam, sabr qil. – Oyim yupatdi. – Topamiz. Hozir topib olamiz.

      Non quvvat berdimi, yana avvalgidek yo‘lga tushdik.

      Bir mahal onam to‘xtab qoldi.

      – Voy, o‘lsin, tag‘in Beshyog‘ochga chiqib qolibmiz-ku.

      Qarasam, rostdan ham Beshyog‘och! Bundan chiqdi, aylanib-aylanib yana shu yerga kelib qolibmiz-da. Bozor oldidagi maydonda odam ko‘p edi. Yasangan qizlar, papiros tutatgan yigitlar… Daraxt soyasida bir oyoqli kishi qo‘ltiqtayoqqa suyanib turibdi. Oldida eski kursi, kursidagi savatda obaki. U ingichka bo‘ynining tomirini o‘ynatib, ovozi boricha baqirardi:

      – Obaki dandon

      Lablari xandon

      Chaynama, shimi,

      Chaynama-a-a!

      Birpasda chanqoq ham esimdan chiqib ketdi.

      – Obaki obering, – dedim yalinib.

      Oyim bir zum ikkilanib turdi-da, qo‘limdan yetakladi:

      – Yur.

      Parvardaga o‘xshatib kesilgan obakini og‘zimga soldim-u maza qilib so‘ra boshladim. Saqichga o‘xshagan yumshoq, ammo juda shirin.

      – Siz shu yerlikmisiz, amaki? – dedi oyim qandolatchiga termilib.

      Qandolatchi qo‘ltiqtayog‘iga suyanib, cho‘ntagidan papiros olarkan, shubhalanib oyimga qaradi:

      – Nima edi?

      – Bashoratxonni qidirib keluvdik. Eri peravodniy, Ashxobodda yer qimirlaganda kasallarni olib kelgan. O‘qchida ko‘prikning oldida turadi, deyishuvdi.

      – Nomeri nechchi? – dedi qandolatchi papiros tutatib.

      – O‘shanisini so‘ramabman. – Oyim aybdor qiyofada yerga qaradi.

      – Iya, qiziq ekansiz-ku, singil! – cho‘loq qandolatchi ovozi boricha shang‘illadi. – Afandi eshagi yo‘qolganida bir qo‘lida yantoq, bir qo‘lida tezak ko‘tarib, bozor aylangan ekan, buni yeb, buni anaqa qilganni ko‘rgan bormi, deb. Siznikiyam shundan bo‘ldi-ku.

      Atrofdagi hangomatalab tomoshabinlar xaxolab kulishdi. Oyim mulzam bo‘lib sekin burildi.

      – So‘rab-so‘rab Makkani topgan ekan, amallab topib olarmiz.

      Ikkovlashib yana o‘sha zaxkash, ikki chetida qop-qora suv jilg‘a bo‘lib oqayotgan ko‘chaga kirdik. Oyoqda zo‘rg‘a tursam ham, dam olaylik deb oyimga xarxasha qilishga qo‘rqar edim. Boyagi odamning gapi oyimni xafa qilganini bilib turardim. Yurib-yurib yana o‘sha omonat panjarali yog‘och

Скачать книгу