Скачать книгу

Oyim dodlagancha tobutga yopishdi.

      – Onajon! Yolg‘izini ko‘rolmay ketgan onajonim!

      Erkaklar tobutni ko‘tarishganida oyim besh-olti qadam yugurdi-yu, kalishi sirg‘anib ketib chalqanchasiga yiqildi.

      – Oyi, oyi! – dedim uning ustiga egilib. Yig‘lab yubordim. Onamning ko‘zi olayib ketgan, chamasi meni tanimas edi.

      – Voy onajon-a! – dedi ingrab. – Kun ko‘rib, kuni ro‘shnolik ko‘rmagan onam-a!

      O‘sha kundan boshlab onam g‘alati bo‘lib qoldi. Bir nuqtaga tikilib o‘tiraveradi, o‘tiraveradi. Birov gapirsa eshitmaydi. Faqat ukam yig‘laganida hushi joyiga keladi… U Habiba buvining kir yuvdisi, yettisida yelib-yugurib xizmat qildi. Ma’rakaga borganida oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lib yuradi-yu, uyga kelganda yana g‘alati bo‘lib qoladi.

      Habiba buvining yigirmasiga Ermon buva sigirini sotdi. Dadamning aytishiga qaraganda, Haydar shamol o‘rtaga tushib, shu ishni qilmang, desa ham Ermon buva ko‘nmapti. «Kampirim bechora dunyoga kelib nima ko‘rdi. Hech bo‘lmasa o‘zi ko‘rmaganni arvohi ko‘rsin, Oltmishvoyim kelganida amallab boshqa sigir olarmiz», debdi. Sigirni Dalavoy suv tekinga sotib olganmish…

      O‘shandan keyin onam sal o‘nglangandek bo‘ldi. Har kuni Ermon buvanikiga qatnaydi, goh yaktagini yuvib, sandal ustida quritib beradi, goh lavlagi sharbatiga holvaytar pishiradi… Nuqul bitta gapni qaytaradi: «Buvangga jabr bo‘ldi, bolam, buvangga jabr bo‘ldi…»

      Bir kuni dadam yangi gap topib keldi. Ermon buva kampirining qirqida ham yurtga osh berarmish. Odamlar o‘rtaga tushib yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lgan ekan, ko‘nmapti. «Qirq degan xotinlarning ma’rakasi bo‘ladi. Kampirimning arvohi shod bo‘lsin», debdi.

      Xuddi o‘sha ma’rakadan uch kunmi-to‘rt kun ilgari g‘alati voqea bo‘ldi. Yakshanba bo‘lsa kerak, dadam ham, akalarim ham uyda edi. Bir mahal hovli tomonda gurji kuchugim bir-ikki akilladi-yu, negadir jimib qoldi. To‘satdan eshik ochildi. Ostonada yaktak kiyib olgan Ermon buva paydo bo‘ldi. Tashqarida qor yog‘ayotgan bo‘lsa kerak, uning yalang boshi, yaktagining yelkasi qorga ko‘milgan edi. Qiziq, qo‘lida hassa yo‘q. U ostona hatlab chiqqanidan keyingina oyoqyalang ekanini ko‘rdim. Uning katta-katta oyoqlari qip-qizil go‘sht bo‘lib ketgan, negadir lozimining pochasini qayirib olgan, to‘pig‘igacha qoplagan tuklariga kir qor yopishib qolgan edi. Dadam bilan akalarim ham, oyim bilan men ham hayratdan qotib qoldik.

      – Oltmishvoyim keldi, – dedi Ermon buva iljayib. – Keldi! Kampirim ham keldi. Ikkovlari mozor boshiga ketishdi.

      Oyimning yuziga bir zum tabassum qalqidi-yu, keyin dahshat ichida dadamga qaradi.

      – Keldi, – dedi Ermon buva tag‘in g‘alati iljayib. Keyin o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini dutor qilib cherta boshladi.– Tolda chumchuq sayraydi, ko‘rsam ko‘nglim yayraydi…– U to‘satdan jimib qoldi. Birdan menga ko‘zi tushdi-yu, g‘ayritabiiy, ingichka ovozda kulib yubordi. – Iya, sizam shu yerdamisiz, qoravoy! Oltmishvoy akangiz keldi. Keldi…– dedi ovozini pasaytirib. Keyin to‘satdan xaxolab kula boshladi. Uning bunaqangi bor ovoz bilan kulganini hech qachon eshitgan emasdim. Go‘shti chiqib ketgan oyoqlarini gursullatib yerga urgancha yana qo‘shiq aytdi. – Tolda chumchuq sayraydi, ko‘rsam ko‘nglim yayraydi.

      Hammamiz sehrlangandek qotib qolgan edik. Ermon buva xo‘p o‘ynadi! Yalangoyog‘ining boldiriga yopishgan loy aralash qorlar namatga sachrab ketdi. Keyin u charchab, cho‘kkalab qoldi. Kavshandoz tomonga qarab yuziga fotiha tortdi.

      – Ilohi omi-i-in! Yurtimiz tinch bo‘lsin, illo-billo qirg‘in-barot bo‘lmasin. Ollohu akbar!

      Ertasiga uni jinnixonaga olib ketishdi. Haydar shamol bilan dadam birgalashib oborishdi. Dadamning aytishiga qaraganda, Ermon buva jinnixonaning eshigidan kirayotganda ham qibla tomonni qidirib cho‘kkalab olganmish. Osmonga qarab iltijo qilganmish.

      – Ilohi omi-i-in! Illo-billo qirg‘in-barot bo‘lmasin, ollohu akbar! – deganmish.

      MENING ACHA XOLAM

      Oyim odamsiz turolmasdi. Qo‘shni kelinchaklar, yetti mahalla narida turadigan kampirlar – hammasi yig‘ilishib gangir-gungur suhbatlashib o‘tirishardi. Shuncha gap qayoqdan topilishiga ba’zan hayron qolaman. Har kuni ertalab gazeta olib keladigan pochtachi – tatar xotin eshikdan qayta qolmaydi. Albatta oyimning oldiga kiradi.

      – Isanmisiz? – deb so‘rashadi-yu, hasratini to‘kib soladi. – Kitti, svolish! Yana uynashig‘a kitti, parazit.

      Oyim har galgidek uni yupatadi:

      – Qo‘ying, jon bolam, sabr qiling. Eringiz yomon bolamas.

      – Razvodg‘a biram! Alimentg‘a dabitsa itam!

      – Unaqa demang, o‘rgilay, bolangizni tirik yetim qilmang.

      – Ay, ni bo‘lsa bo‘lar! Sudg‘a biram.

      Oyim ishonch bilan tushuntirdi:

      – Mana, meni aytdi dersiz. Eringiz sizni jonidan yaxshi ko‘radi. Ko‘nglim sezib turibdi. Bugun-erta apoq-chapoq bo‘lib ketasizlar.

      Pochtachi ketishi bilan oqsoqlanib qo‘shni kampir kirib keladi.

      – Jigar-jigar, digar-digar ekan, o‘rgilay, – deydi yig‘lamsirab. – Rahmatullaga aytuvdim-a tog‘angning qizini ol, ot tepkisi otga o‘tmaydi deb. Yo‘q, quloq solmadi. O‘laman sattor, mana shu qirchang‘ini olaman, deb turib oldi. Mana, oxiri nima bo‘ldi… Kecha itni kunini boshimga soldi, aylanay! Xotin olgandan keyin ona kerak bo‘lmay qolarkan. Shuni oldi-yu o‘g‘lim ham aynidi-qoldi, qoqindiq.

      – Unaqa demang, ovsinjon. – Oyim osoyishta ohangda yupatadi. – Keliningiz yomon bolamas, qaysi kuni ko‘chada ko‘rib qoldim. Og‘zidan bol tomib sizni maqtadi boyoqish.

      – Voy, tilyog‘lama bo‘lmay tillari kesilsin. Siz uning tilini bilmaysiz, o‘rgilay!

      – Mana, meni aytdi dersiz, – oyim qandaydir ichki ishonch bilan tushuntiradi. – Keliningiz sizni o‘z onam deb etagingizdan tutgan. Ko‘nglim sezib turibdi…

      Oyimning «sezgir ko‘ngli» qiziq. Hamisha yaxshilikni «karomat» qiladi.

      Har gal shunaqa gaplarni eshitganimda bolaligimda ro‘y bergan voqeani eslayman.

      Urush tugagan paytlar edi. O‘shanda go‘dak tasavvurimga sig‘magan narsani keyin tushunganman: urush bitib odamlarning yarasi yangilangan damlar ekan. Birovning eshigida surnay, birovnikida aza tovushi eshitilardi…

      Bir kuni akam eshikdan baqirib kirdi.

      – Oyi! Lo‘li kelyapti, lo‘li!

      Turgan joyimda tirrakdek qotib qoldim. Lo‘lilar haqida shunaqa gaplar eshitgan edikki, nomi qulog‘imizga chalinishi bilan sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketar edi. Lo‘li ko‘chada yurgan bolani qopiga solib ketarmish. Uyda kattalar bo‘lmasa, bolalarni bo‘g‘ib o‘ldirarmish-da, hamma narsani ship-shiydon qilib g‘oyib bo‘larmish.

      Akam bilan ketma-ket xuddi quvlagandek, qop-qora lo‘li xotin kirib keldi. Uzun, isqirt ko‘ylagining ustidan nimcha kiygan, shokilasi osilib yotgan qo‘sh ko‘zli xurjunini yelkasidan oshirib tashlab olgan, sochlarining uchiga so‘lkavoy taqqan, oyog‘ida eski qizil etik… Dahshat ichida oyimning pinjiga tiqildim. Uyda dadam yo‘q-ku, endi nima qilamiz? Hovlining allaqaysi burchagida yotgan mushukdekkina gurji kuchugimiz g‘azab bilan akillagancha lo‘liga qarab yugurdi. Lo‘li xotin bir lahza to‘xtadi-yu, qiyshiq tayog‘ini itga o‘qtaldi. Sarosima ichida oyimga qaradim: tezroq haydab yuborsa-chi!

      Oyim lo‘liga diqqat bilan qarab turdi-da, birdan yuzi yorishdi.

      – Voy, Acha xola-ku! – dedi eski qadrdonini ko‘rgandek quvonib. – Keling, aylanay.

      U lo‘li tomon yura boshlagan edi, qo‘lidan ushlab jonholatda orqaga tortdim.

      – Bormang! – dedim yig‘lamsirab.

      – Qo‘rqma, jinnivoy, Acha xolang-ku bu! – Oyim ayvondan ildam tushdi. Hovlining

Скачать книгу