Скачать книгу

nima qilishni bilmay, Xudoga nola qipti. O‘zi bitta-yu bitta qizim bo‘lsa, uch joyga so‘z berib qo‘ygan bo‘lsam, endi nima qilaman, deb yig‘labdi. Shunda Xudoning rahmi kelib bir kechada saxobaning sigiri bilan echkisiniyam qiz qilib qo‘yibdi. Uchala qiz bir xil emish. Uch sovchi uch qizini to‘y-tomoshalar bilan olib ketibdi. Shunda saxoba Xudoga yana nola qipti. Qaysi biri o‘zimning qizim ekanini endi qayoqdan bilaman, debdi. Xudodan nido kepti: eshikdan kirib borganingda salom berib kutib oladigan, erini, qaynota-qaynonasini, qayn-bo‘yinlarini hurmat qiladigan qiz – o‘zingning qizing. Hech kimni hurmat qilmaydigan, shaltoq qiz sigiring. Hech kimni hurmat qilmaydigan og‘zi shaloq qiz – echking bo‘ladi debdi. Har xil xotinlar o‘shandan tarqalgan emish. Biri – esli-hushli, chaqqon, biri – shaltoq, biri – adabsiz…

      – Kennoyiga o‘xshaganmi? – deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu shunday kutilmaganda bo‘ldiki, oyimning cho‘pchagi shartta kesilib qoldi. Keyin opam ikkovlari sharaqlab kulib yuborishdi.

      – Voy shayton, uxlamaganmiding?! – dedi opam qaddini rostlab. O‘rnidan turdi-da, piligi pasaytirilgan lampali tokcha oldidan o‘tib kelib, meni quchoqladi. U yuzimdan, bu yuzimdan o‘pdi. Opam urishib beradi, deb qo‘rqib turgandim. O‘pgani uchun judayam yaxshi ko‘rib ketdim…

      Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini ko‘rib, mehmonga otlanayotganini sezdim-u darrov ergashdim.

      – Menam, menam boraman!

      – Mehmonga ketayotganim yo‘q, – dedi oyim bosh chayqab. – Ishim bor.

      – Boraman, oborasiz!

      Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi.

      – Mayli, ammo charchadim demaysan.

      Ona-bola yo‘lga tushdik. Yomg‘ir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon ko‘pchib yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus ustiga tashlangan yakkacho‘pdan o‘tdik. Lopillab turgan yakkacho‘pdan o‘tayotganda qo‘rqdim-u o‘tib olgandan keyin shundoq suv bo‘yida o‘sib yotgan sambittollarga angrayib qoldim. Sambittol zo‘r! Hushtak yasasa ham bo‘ladi, «ot» qilib o‘ynasa ham…

      – Yur, tezroq, – dedi oyim qo‘limdan tutib…

      Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yo‘q hisob, eski namat tashlangan so‘rida bir chol oftobda mudrab o‘tiribdi, yonida tumshug‘i chegalangan choynak, sopol piyola… Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan o‘tdik. Qovurg‘asi sanalib qolgan uchta ot dumi bilan pashsha qo‘rib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi. Otxona hovlisining burchagiga uyib qo‘yilgan go‘ngdan hovur ko‘tariladi.

      – Qayoqqa ketyapmiz, oyi?

      – Keldik shekilli, – dedi onam atrofga alanglab. – Qurib ketsin, so‘raydigan odam ham yo‘q.

      Ikki betida tollar, teraklar o‘sib yotgan loy ko‘chadan yana ozgina yurgan edik, obkashda suv ko‘tarib kelayotgan semiz xotin ko‘rindi.

      – Hoy egachi, shu yerlikmisiz? – dedi oyim, yaqinroq borib.

      Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni yerga qo‘ydi. Harsillab oyim bilan ko‘rishdi.

      – Mahmud bukurning uylari qaysi, o‘rgilay? – dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib.

      Semiz xotinning rangi o‘chib ketdi.

      – Bukur bo‘lsa Xudo qilgan! – dedi harsillab. – Tavba deng!

      Shunday dedi-yu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni ko‘tardi. Shartta burilib ketdi. Sirg‘alib-sirg‘alib borarkan, obkashi bilan qo‘shilishib orqaga burildi.

      – Ta’na tagi tayg‘oq, – dedi harsillab. – Betamiz!

      Oyim hang-mang bo‘lib qolgan, og‘ir-og‘ir kiprik qoqar, hozir yig‘lab yuboradigan alpozda edi.

      – Voy, sho‘rim! – dedi pichirlab. – Kelib-kelib xotinidan so‘rabman shekilli.

      U hamon sirg‘angancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab turdi-da, qo‘limdan tutdi.

      – Yur, keta qolaylik.

      Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek bo‘ldim.

      Kecha dadam «surishtirib ko‘rish kerak» degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni qo‘ni-qo‘shnisidan bilib olmoqchi.

      Choyxona ro‘parasida pastak tomiga qora qog‘oz tashlangan, derazasining ko‘ziga yaltiroq xitoy qog‘oz yopishtirilgan sartaroshxona bor ekan. Ichkarida kim borligini bilmadim-u, biroq do‘kon eshigi oldidagi yog‘och xarrak bo‘sh edi. Uch-to‘rt qadam yurgandan keyin oyim to‘xtab qoldi.

      – Sochingni oldiramizmi? – dedi to‘satdan.

      Ikkilanib qoldim. Sochimni oldirib borsam, akalarim, jo‘raboshi albatta boshimga shapatilab «ustara haqi» olishadi.

      – Yura qol, – oyim yelkamga qoqdi. – Soching o‘sib rangingni siqib yuboribdi.

      Ochiq eshikdan sekin mo‘raladim. Ichkarida mijozlar yo‘q, oldiga kir peshband taqqan sartarosh devor tomonga qarab choy ichib o‘tirgan ekan. Kechagi yomg‘irda bu yerdan ham chakka o‘tgan shekilli, hujraning xomsuvoq qilingan devoriga uzun-uzun zahkash iz tushib qolgan. Oyim eshikdan mo‘ralab sekin yo‘taldi.

      Sartarosh yelkasi osha burilib qaradi. Mo‘ylovi tekis qaychilangan qisiqroq ko‘zli kishi ekan.

      – Jiyanning sochini olamizmi? – dedi o‘rnidan turib. Shundagina uning bitta oyog‘i yog‘och ekanini ko‘rdim. Nosrang galife shimining yog‘och oyog‘idagi pochasini qayirib qo‘yibdi. U taxtalarining orasi ochilib yotgan polni do‘pillatib yaqin keldi. – O‘tir, jiyan, – dedi eski kursiga imo qilib.

      Devorga tirab qo‘yilgan xira toshoyna ro‘parasiga o‘tirdim. Oyim boshimdan do‘ppimni yechdi-da, boya sartarosh o‘tirgan kursiga joylashdi.

      – Ustarada olamizmi, mashinadami? – sartarosh stol ustida yotgan, soch tolalari yopishgan matoni qoqib-qoqib bo‘ynimga solarkan, onamga yuzlandi.

      – Mashinada ola qoling, – dedi oyim.

      Sartarosh qutichadan yaltiroq mashinasini oldi. Chakkamga mashinani tirab shiq-shiq qilgancha sochimni olishga tushdi.

      – Nega ixraysan? – sartarosh boshimni besh barmog‘i bilan changallagancha dashnom berdi. – Soldat hamma narsaga chidashi kerak. Za Rodinu, deb atakaga borsang ham ixraysanmi?

      Oyimdan panoh kutib, aksini oynada ko‘rish umidida mo‘raladim. Biroq ko‘zgu shunaqangi xira ediki, o‘zimning yuzimni zo‘rg‘a ko‘rardim.

      – Siz shu yerlikmisiz? – dedi onam bir mahal.

      – Sho‘tlikmiz, – sartarosh ishini davom ettirarkan, onamga burilib qaradi. – Nimaydi?

      – Men bir xayrli yumush bilan keluvdim, – dedi oyim osoyishta ohangda. – Odilxo‘ja deganni taniysizmi? Ayollari chevar ekan. Muborak chevar.

      – Nega tanimas ekanman! – sartarosh tantana bilan ovozini balandlatdi. – Shundoq Mahmud bukur bilan qo‘shni turadi-da, otxonadan o‘tsangiz to‘rtinchi darvoza!

      – Bir narsani bilmoqchiydik, – oyim bir zum jimib qoldi-da, davom etdi. – Xudoyiligingizni aytsangiz: qanaqa odamlar o‘zi, tag-zoti qanaqa, asli shu yerlikmi yo boshqa joydan kelishganmi?

      – Ha-a-a! Bundoq demaysizmi? – sartarosh onamning maqsadini tushundi shekilli, bosh irg‘adi. – Tag-zoti toza odamlar! Qadimdan shu yerda turishadi. Ota-bobosi bog‘bon o‘tgan. Katta uzumzori bo‘lardi. Shibilg‘oni deysizmi, shakarangur deysizmi, echkemarmi – hammasi shu bog‘da bo‘lardi. Ana uzum-u mana uzum! Urushning kasofati bilan ko‘plari yo‘q bo‘p ketdi. Qo‘li qisqalik qip qoldi bechoralarni!

      Sartarosh gapirgan sayin g‘ayratga kirar, g‘ayratga kirgan sayin mashinani tezroq shiqirlatar, unga sayin sochim ko‘proq yulinar edi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi.

      – Avlodida yomon odamlar chiqmaganmi?

Скачать книгу