Скачать книгу

– Bir so‘zdanoq anglashadi ular meni. Sen esa ertalabdan beri koyintirasan. Belingga tosh tegmagan, ikki pol yo‘ng‘ichqani o‘rib tashlash nahotki shunchalar qiyin bo‘lsa. Uyga kelding, kitobga yopishasan, uzzu-kun uyqudan bosh ko‘tarmaysan, Anovu Olako‘zdan hech farqing yo‘q seni!

      Olako‘z – cho‘loq taka. Onadan majruh tug‘ilgani bois qo‘radan chetga chiqmaydi. Har bir jonivorning o‘z fe’li bor deganday, Olako‘z kunduzlari g‘alati alfozda uxlaydi, ya’ni o‘lgan moldek to‘rt oyog‘ini uzatib yotadi. Bilmagan odam o‘lgan gumon qilishi tayin. Dastavval, o‘zim ham shunday deb o‘ylagandim, hatto bir necha bor turtkilab ko‘rganman. Boz ustiga, u o‘lgudek bez, turtsang-da turay demaydi, ko‘zlarini baqraytirib yotaveradi.

      Olako‘zga mengzalishimdan qattiq jahlim chiqdi! Qo‘limdagi kitobni shartta yopdim-da, oyog‘im ostidagi bo‘sh chelaklardan birini to‘nkarib, ustiga joylashib o‘tirib oldim. Shu sozda enam bilan janjallashmoq o‘yida bo‘ldim. Yetar har baloga mengzagani! Ammo allaqachon dashtga yetgan Qashqaning mo‘ngrashi janjalning beliga tepdi.

      Qashqa mo‘ngrashi bilan enam, xuddi bolasi yig‘lagan onadek, ajib bir shoshqaloqlik bilan dik etib o‘rnidan turdi-da, kaftini peshonasiga qo‘yib, dala tomon qaradi. Qashqa goh uy tomonga, goh sal olisroqdagi piyoz ekilgan paykal tarafga boshini burib po‘pisali mo‘ngradi.

      – Piyozga tushkin, naq mendan ko‘rasan! – dedi enam musht o‘qtalib.

      Qashqa qulog‘ini ding qilib, gapni oxirigacha eshitib turdi-da, so‘ng istar-istamas, xas chimdishga tushdi. Shu orada paykal etagida otliq qorovul ko‘rindi. Piyoz mol uchun mazali yemish. Qorovul dalada yurgan mollarga hadikli qaray-qaray nari o‘tib ketdi. Qorovulning qorasi o‘chishi bilan Qashqa yana mo‘ngrashga tushdi. Bu safar ham po‘pisali mo‘ngradi. Enam javob bermagach, u arazlagan qiyofada paykal tomon yurdi, sekin-asta, namoyishkorona yurdi.

      – Qayt!

      Qashqa boshini o‘girib qaradi-yu, lekin egasining amriga bo‘ysunmadi, yurishda davom etdi.

      – Boraver-boraver, – dedi enam. – Yuvindini senga emas, Olako‘zga beraman. Qorovul oldiga solib bir quvlasin sen gap uqmasni!

      Bu gapdan so‘ng Qashqa taqqa to‘xtadi. Hovli tomon qarab zorlanibroq mo‘ngradi.

      – Zorlanmay, izingga qayt! – dedi enam. – Yo‘g‘asam mendan ko‘radiganingni ko‘rasan. Seni qara-yu, erkatoy.

      Qashqa haqiqatdan iziga qaytdi. Buzoqlarga qo‘shilib o‘tlay boshladi. Ammo bu hol uzoq davom etmadi. Bir ozdan so‘ng tag‘in mo‘ngradi. Bu safar ochiqdan – ochiq nimadir so‘rab mo‘ngrardi.

      – Hali erta, o‘tlayver!—dedi enam.

      Qashqa uch-to‘rt og‘iz xas chimdib, yana mo‘ngradi. Enam e’tibor bermagach, ikkinchi bor mo‘ngradi, ovozida oshkora o‘jarlik aks etdi. Enam bosh ko‘tarib qarashi bilan esa, arazlagan boladay paykal tomon keta boshladi.

      – Qayt!

      Qashqa qaytmadi, hap senimi deganday, olg‘a yurishda davom etdi.

      – Hali shunaqami! – Enam tog‘aradagi yuvindini idishga ag‘darib, po‘pisali ohangda dedi: – Nasibangni endi Olako‘zga beraman. Ma, Olako‘z. Anovu tentakning nasibasini ichib qo‘y.

      Qashqa taqqa-taq to‘xtadi. Yalinishu tavba-tazarruga xos mo‘ngrash dashtni tutdi. Hovli devorsiz, Qashqa goh enamga, goh tevaragi chorcho‘p bilan o‘ralgan qo‘ra to‘ridagi soyada oyoqlarini uzatib yotgan Olako‘zga alanglab, yalingannamo mo‘ngrashda davom etarkan, bora-bora uning ovoziga zarda va oshkora qizg‘anish ohangi indi. Keyin oldingi oyog‘i bilan yer tirnab, uzoqdan Olako‘zga tikilgancha tahdidli mo‘ngray boshladi. Bu hol enam aralashmaguncha davom etdi.

      – Ko‘p ich-etingni yeyaverma, – dedi u qaddini rostlab, – Qo‘rqma, bermayman. Olako‘zga. Faqat to‘polon qilma. Seni qara-yu, indamasa, halizamon yig‘lashga ham tushasan, shekilli.

      Chindanam Qashqa tinchlandi. Qo‘ra tomonga shubhali qarayqaray xas chimdishga tushdi.

      – Bunaqada yeganing ichingga tushmaydi seni, – dedi enam o‘zicha to‘ng‘illab. – Mayli, jichcha sabr qil. Qo zon-tovog‘imni qatron qip olay.

      Bo‘layotgan voqeani kuzatarkanman, beixtiyor hang-mang bo‘lib qoldim, Ko‘zimga enam boshqacha, juda boshqacha ko‘inib ketdi.

      – Mollaringizni hammasi shunaqa… tushunadiganmi? – dedim hayratimni yashirmay.

      – Yaxshi gapirsang, sutdan chiqmay tarbiyalasang, Hammasiyam tinglaydi, – dedi enam mening hayratlanishimdan ajablanib. – Nima edi?

      – Anovu cho‘loq,,. e, Olako‘z ham tinglaydimi sizni?

      – Yo‘q, u senga o‘xshab sal quloqsizroq.

      Mengzalishdan bu gal jahlim chiqmadi. Enam bilan jonivorlar o‘rtasidagi g‘alati muloqot juda qiziqtirib qo‘ygandi meni.

      – Agar shuniyam gapingizga yurita olsangiz, – dedim jiddiy. – Hoziroq yo‘ng‘ichqangizni o‘rib tashlayman.

      – O‘rmay qo‘ya qol! – Enam kosani qozonga, qozonni kosaga urib po‘ng‘illadi: – Odamni yosh bola qilaman deysan-a.

      – Qiziq-da endi, ena, – dedim yolvorib. – Chin so‘zim, agar mana shu takani gapingizga kirita olsangiz, ertaga anovu kichkina tomchangizni ham suvoqdan chiqarib beraman.

      – Xuddi mol ko‘rmay yurganday gapirasan-a, bolam, – enam xiyol royish bildirganday bo‘ldi. – Qo‘y, odamni uyaltirma.

      – Jo-on, ena! – borib u kishining elkasidan tutdim. – yo‘q, demang.

      Enam erkalashimdan iyib ketib, o‘rnidan turdi. Bir menga, bir oyoqlarini uzatib yotgan Olako‘zga qarab turib, tag‘in fikridan qaytdi.

      – Odamni artist qilma, bolam, – dedi. – Qarigan chog‘imda artist qilig‘im nimasi? Kerak ekan, bor, o‘zing qilaver.

      – Gap menda emas, sizda, – dedim bo‘sh kelmay. – Men ming gapirsam ham g‘iq etmaydi buningiz. Yo‘q demang endi, ena. Nimasi qiyin, borasizu gapirasiz, tamom-vassalom.

      – Keyin ustimdan hingir-hingir kulasan, shundaymi? – Enam menga shubhalanib tikildi. – Bilaman men seni…

      – Kulgan nomard, – dedim bir oz qizishib. – Qiziqmisiz, enaning ustidan ham kuladimi, kishi. Kundalik ishingizni ko‘z o‘ngimda qaytaring deyapman, xolos.

      – Unday bo‘lsa, mayli. – Enam qo‘llarini kir sochiqqa surta-surta, qo‘ra tomon yurdi. Lekin hozir qilishi lozim bo‘lgan ishi o‘ziga erish tuyulayotgani butun xatti-harakatidan sezilib turardi. Hatto yarim yo‘lda iziga qaytmoqchi ham bo‘ldi. Yolvoruvchan tarzda tikilib turganimni ko‘rgachgina, istamaygina yana oldimga yurdi. Takaning tepasiga borgach, men tomonga xijolatomuz qarab qo‘ydi-da, birovning gapini so‘zma-so‘z qaytarayotgan odamday, qat’iyatsiz ohangda buyurdi:

      – Olako‘z, tur o‘rningdan! – Olako‘z, kavsh qaytarib, qimir etmay yotaverdi. Takaning quloqsizligi enamning asl holiga qaytishiga ko‘maklashdi. Gapi ikki bo‘lishiga ko‘nikmagan enam birdan tutaqib ketdn.

      – Nima, karmisan, tur o‘rningdan deyapman! – dedi baqirib.

      Olako‘z oshiqmay o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, oyoqlagach, enamga norozi tikilib, “Mi-ium” deb qo‘ydi.

      – Bor, suvlab kel! – Enam qo‘li bilan chap tomonga ishora qildi. – Tez-tez qimirla!

      Olako‘z, oqsoqlanib, qo‘ra etagiga bordi-da, ulkan temir idishdan suv ichgan bo‘ldi. So‘ng qaytib, yana joyiga yotib oldi.

      – Qoyil! – men chapak chalib yubordim.

      Shu payt dashtdan hadikli mo‘ngrash eshitildi. Qiziqsinib, o‘sha tomonga boqdim. Qashqa, quloqlari

Скачать книгу