ТОП просматриваемых книг сайта:
Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Читать онлайн.Название Qasoskorning oltin boshi
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-505-1
Автор произведения Xudoyberdi To‘xtaboyev
Издательство SHARQ
– Mard, halol yigit deyishadi…
– Bas qil, tiling kesilgur! – Hamdamboy o‘rnidan turib ketdi. Hech narsaga tushunmay, angraygancha Mirza Hamid ham o‘rnidan turdi:
– Kechirasiz, Boybuva!
– U it emgan kechagi g‘alayonchilarga bosh bo‘lib kelgan emish.
– Yo‘g‘-e!
– Sendaqangi hokimdan o‘rgildim-e!
– Boybuva, men qulvachchani kechiring, hoziroq borib u muttahamning bo‘ynini sapchadek uzib tashlayman.
Ikkovlari da’vogarlardan «qutulish» yo‘lini uzoq muhokama qildilar. Nihoyat, boshliqlarini gum qilish kerak, degan xulosaga kelib, shoshilib tashqariga chiqdilar…
Mirza Hamid avaxtaxonaga qo‘li orqasiga qayrilib kishanlangan Namozni itarib kiritarkan, urishga hech qanday vaj-u sabab bo‘lmasa ham, o‘zining Hamdamboyga sadoqatli ekanini namoyish etish maqsadida yigitning yalang‘och betiga uch-to‘rt qamchi tortib yubordi. Qiziq, Namoz ikki oyog‘ini kergancha, og‘ir-og‘ir yutinib jim turardi. Yuzlaridan tirqirab qon chiqib ketsa hamki, miq etmadi u…
Qozixona mahkamasida hang-u mang bo‘lib qolgan arzgo‘ylar esa Sherniyoz: «Bu tuhmat-ku, taqsir», deb baqirib yuborganidan keyingina asta-sekin o‘zlariga kela boshladilar. Nima qilishlarini bilmay yelka qisib, «Astag‘furullo» deya kalima o‘girib, bir-birlariga qarab qo‘yishar edi.
– Xo‘sh, taqsir, buyog‘i endi necha puldan tushdi? – piching aralash so‘radi qozog‘ovullik Eshbo‘ri.
Qozi kalon hamon o‘zlariga kela olganlaricha yo‘q edi. Izzat-nafslari behad haqoratlandi u kishining. Avom oldida boyning shunday shakkoklik qilishi, qozilikning xos o‘rnidagi atlas ko‘rpachalarni kir oyog‘i bilan toptashi yaxshimi! Yo‘q, boy bo‘lsa o‘ziga! Yo‘q, yo‘q! Shodixon to‘ram bu muqaddas dargohni, Kallomulloi sharifning tartib-u yo‘riqlarini oyoq osti qildirib qo‘ymaydilar. Qasos oladilar, qasos!
– Labbay, bo‘tam? – sekin boshlarini ko‘tardilar qozi kalon.
– Biz ne qildig‘ endi? – takror so‘radi Eshbo‘ri.
– Bir dag‘dag‘a bilan da’voingiz puchga chiqdimi?
– Asla shunday emas, taqsir. Biz qiyamatqacha da’vogarbiz.
– Yana shu ish xususida da’vogarlardan bormi?
– Jami oltmish kishimiz, taqsir.
– Ertaga barchangiz jamlanib, bu yerga kelgaysizlar, – qasos o‘tida yonib, dedilar Shodixon to‘ram, – men Samarqanddagi okrug sudi janoblariga siz jabrdiydalar nomidan arznoma bitib bergayman. Toki ishni ko‘rib chiqmoqni mirovoy sudyalar boshqargay. Inshoollo, niyatlaringizga yetgaysizlar. Endi bandai musurmonlar uylaringizga qaytingiz. Ertaga, xudo xohlasa, shu yerda yuz ko‘rishgaymiz. Aminmanki, battol Hamdamboy yon bergay. Sababkim, sizlar ko‘pchiliksiz, xudo ham ko‘pchilikning iltijosini inobatga olgay.
Shodixon to‘ram xufton mahaligacha vozillab yurdilar. O‘zlarini qo‘yarga joy topolmay goh guzarga, goh masjidga chiqib, bari bir hech joyda o‘tirolmadilar… Bir tomondan boyning g‘azabidan, shu g‘azabdan kelib chiqadigan xunuk oqibatlardan qo‘rqar, ikkinchi tomondan el o‘rtasida qoziyi bokaramning sariq chaqalikcha obro‘yi yo‘q ekan, degan mish-mishlar tarqab ketishidan hayiqar edilar. Yo‘q, vozillab yurishlarining birdan bir sababi faqat shugina emas edi. U kishi bu janjallarni tinchitish borasida kamida o‘n ming tanga daromad qilmoqni rejalab qo‘ygandi. Ana shu tangalardan mahrum bo‘lib qolayotganlari uchun ham yurak-bag‘irlari kuyib bormoqda edi. Xufton namoziga tahorat olmoq uchun endigina hovliga chiqqan ham edilarki, kimdir ko‘cha eshikni ot keldisiga olib duppilatib qoldi. Qarol yigit borib ochsa – Hamdamboyning mirzosi Mirza Olim ekan. To‘ramni yo‘qlab kelibdi.
– Xush ko‘rdik, qadamlariga hasanot! – dedilar Shodixon to‘ram allanechuk betoqat bo‘lib.
– Boybuvam duoyi salom aytdilar, – Mirza Olim atrofda hech kim yo‘qmikan, deya uyoq-buyoqqa ko‘z tashlab oldi.
– Umrlari ziyoda bo‘lsin!
– Daryo bo‘yidan mulk sotib olayotganingizni eshitib, behad xursand bo‘ldilar va ozgina ko‘mak berib yubordilar…—Mirza Olim Shodixon to‘ramning qo‘liga baxmal xaltacha uzatib, keskin bir harakat bilan orqasiga burildi. – Xudo xohlasa boshqa ishlaringizga ham yordam bermoq niyatlari bor.
«E, xudoyim, bugun qanaqa kun bo‘ldi, o‘zi? Nahotki, chorshanbani shunaqangi alg‘ov-dalg‘ov qilib yaratgan bo‘lsang! Boyning kunduzgi vahshatini qarang-u, endi mana bu marhamatini ko‘ring! E tavba! E tavba!! Lekin, nima bo‘lganda ham, – o‘ylashda davom etdilar Shodixon to‘ra, – qurgur boyning ham xonligi, ham bekligi borda!.. Ammo, sho‘ring qurg‘ur da’vogarlarga jabr bo‘ldi-da! Nachora, yaratganning o‘ziki shuni buyurib turgandan keyin, men bandai ojizning qo‘lidan nima kelardi…
Shodixon to‘ra ikki qo‘llarini boshlari uzra ko‘tarib, Hamdamboyni uzoq duo qildilar, notavon tuhmatdan, bemahal o‘limdan o‘zing asragin, davlati bundan ham ziyoda bo‘lsin, oblohu akbar, deb yuzlariga fotiha tortdilar.
Jarqishloqlik arzgo‘ylar ertasiga kelib, qozi-yu kalonni mahkamadan topolmadilar, indinisiga ham uchratib bo‘lmadi. Shodixon to‘ram og‘ir betobman deb, mahkamaning barcha yumushlarini Mirza Qobilga topshirib, bir oygacha bu yerga qadam ranjida qilmadilar.
IX bob
DARD USTIGA CHIPQON
Namozning hibsga olinishi jarqishloqliklar uchun dard ustiga chipqondek bo‘ldi. Yoz bo‘yi qo‘rg‘onda ishlab, haqlarini undira olmaganlari, haq so‘rab borib kaltak yeganlari kamlik qilgandek, haq-huquqlarini himoya qilishi mumkin bo‘lgan birdan-bir kishilarining nogahoniy qamalib qolishi katta-kichikning yurak-bag‘rini ezdi, boshlarini egib qo‘ydi.
– Voy xudoyim, voy zolim falak! – sochlarini yulib yig‘lar edi Ulug‘oy. – Bu yana qanday ko‘rgilik bo‘ldi! Ukam bechorani nega hadeb qiynayverishadi?!
Onalari yig‘laganini ko‘rib o‘g‘il-qizlari ham bo‘zlashar, Sergey tabibning dori-darmonlari bilan sal o‘ziga kelib, suyagi yengillashib qolgan yumshoqko‘ngil Xolbek ularni yupatgan bo‘lib:
– Hammasi xudodan, – deb qo‘yar edi, – dard bergan xudo shifosini ham beradi, sabr qilaylik, «sabrning tubi oltin», bu gapni mashoyihlar aytgan. Xudo xohlasa hammasi joyiga tushib ketadi…
Qovurg‘asi sinib, zaxa yegan joylari gazaklab, o‘ng tomoni qulog‘igacha tirsillab shishib ketgan Javlonqul kuyovining boshiga tushgan baxtsizlikni eshitib, avvaliga juda tutoqib ketdi. So‘ng o‘zini bosib:
– Onasi, juma bozor kuni sigirni sotamiz, – deb bir xo‘rsinib oldi, – aqcha bo‘lmasa kuyovingni qutqarib bo‘lmaydi.
Turmushning achchiq-chuchugini ko‘p tatib, boshidan ko‘p sho‘rishi g‘avg‘olarni kechirgan pahlavon Javlonqul zamonning zayiliga fahmi yetadigan bo‘lib qolgan. Odamlar xudodan ko‘ra ham pulga ko‘proq sig‘ina boshladilar. Boy-u batrak, to‘ra-yu hokim – hammasining og‘zidan «aqcha» degan sehrli so‘z tushmay qoldi. Buni Javlonqul har kuni, har joyda eshitadi…
– Rostdan ham kuyovingiz ot o‘g‘irlagan bo‘lsa-ya? – qo‘rqa-pisa so‘radi Bibiqiz xola.
– Unday dema, onasi, – xafa bo‘ldi Javlonqul,– kuyoving undaylardan emas. Hamdamboyning navbatdagi nayrangi bu.
– Shunday deysiz-u, lekin otasi, sigirni sotsak, qizlaringiz oqliqsiz qolishadi-ku!
– Xudo xohlasa bahorga borib, g‘unajining tug‘ib beradi.
– Nima ham derdim… – rozi bo‘ldi Bibiqiz xola. – O‘sha yetimchaga ham qiyin. Tovba qildim-ey, bu qanaqa ko‘rgilikki, erta-indin go‘shangaga kiradigan yigitni avaxta qilib o‘tirishsa-ya! El-u yurt nima deydi endi?
Hammadan ham Namozboyning do‘st-u tengqurlari: