ТОП просматриваемых книг сайта:
Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Читать онлайн.Название Qasoskorning oltin boshi
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-505-1
Автор произведения Xudoyberdi To‘xtaboyev
Издательство SHARQ
Vahimali chinqiriqni eshitib, ichkaridan Hamdamboyning o‘g‘illari Zamonbek, Davronbek, Jabborbek, kuyovlari Mirzoumar, G‘aniboyvachchalar quyuq ziyofat yeb, xonadonning egasi sha’niga hamd-u sanolar o‘qib o‘tirgan boy-u mirzolar, Shahob bo‘lisi hokimi Mirzo Hayitmurod, Dahbed bo‘lisi hokimi Mirzo Hamidlar hay-haylashib yugurib chiqishdi. Valine’matlari va pushti panohlari bo‘lmish Boybuvaning boshidan sallasi uchib, yerga cho‘zilib yotishi ularning hamiyatlariga qattiq tegib, g‘azab otiga minishdi.
– Urr, bosqinchilarni ur! – deb baqirdi Zamonbek, – yalangoyoqlarni ur!
Qo‘rg‘on tashida otlarini xashakka qo‘yib, suhbatlashib o‘tirgan bo‘lis hokimining bekorchilikdan xirsdek semirib ketgan, kasb-korlari faqat urish-u kaltaklashdan iborat bo‘lib qolgan navkarlari ham: «Ur, bos!», deb ichkariga yopirilib kirishdi.
Mujik qishloqdan rus askarlari yetib kelguncha da’vogarlarning hammasini chala o‘lik qilib devorning tagiga qator yotqizib qo‘yishdi.
VI bob
JARQISHLOQNING SUTDEK OYDIN KECHASI
Xayriyatki Sherniyoz uzoq qolib ketmadi, yarim xuftonga qolmay Sergey tabibni yetkazib keldi. Namoz ko‘cha eshik oldida betoqat bo‘lib kutib o‘tirgandi.
– Nima gap, Polvon? – so‘radi Sergey tabib aravadan sakrab tusharkan.
– Bu ko‘rgulikni qarang, – dedi Namoz uni ichkari boshlab.
– Yaxshi, juda yaxshi bo‘pti!
– Nimasi yaxshi buning?
– Yaxshiligi shundaki, – ko‘rsatkich barmog‘i bilan Namozning peshonasiga urib-urib gapira boshladi Sergey tabib, – yaxshiligi shundaki, mushtlashishga qodir bo‘lgan xalq bora-bora o‘z haq-huquqini ham himoya qilishga o‘tadi. Bugun mushtlashadi, ertaga qo‘liga qurol oladi. Rossiya, Zakavkazye… hammayoqda hozir odamlar qo‘lini musht qilib turibdi. Tokaygacha «hammasi xudodan» deb bo‘ynini egib turaveradi. Bas endi! Mushtlashishsin, shunda pishadi bular! Qani meni ichkari boshla-chi, bay-bay uy juda qorong‘i-ku, lampachiroq yo‘qmi?
– Hozir o‘choqqa guldirramazon qilib o‘t yoqaman, – deb qo‘ydi Namoz, – uyni kunduzdek yoritadi.
Sergey tabib qadam bosishi bilan xonadondagilarning ko‘ngli bir nav ko‘tarilgandek bo‘ldi. Nazarlarida xuddi otalari oyoqqa turib ketayotgandek, chehralarida quvonch yondi. O‘ksinishlar, xo‘rsinishlar to‘xtab, bir-birlariga qarab, jilmayib qo‘yishdi. Chunki, jikkakkina, cho‘qqi soqol bu rus cholining ovozasi hozir uzoq-uzoqlarga ketgan, minglab chechak bilan og‘rigan bolalar, bezgakka yo‘liqqan, dard bilan olishib, «ramaqijon» bo‘lib qolgan bemorlar undan shifo topishdi. Ayniqsa, yara-chaqani tuzatishda Sergey tabibning oldiga tushadigani yo‘q. Avvaliga musulmon bemorlar undan cho‘chibroq turishdi, «g‘ayri din tabibga davolatib, gunohi azimga botmaylik», deb qo‘rqishdi. Qoraterilik Rahim hazrat boshiga qo‘tir toshgan uch o‘g‘lini shu tabibga davolatib yaxshi shifo topganligi haqidagi ovozani eshitishgach, odamlar orasida: «Sergey tabib aslida musulmon ekan, besh vaqt namozni yashirib o‘qirkan», degan mish-mishlar tarqaldi.
– Hechqisi yo‘q, tuzatamiz! – deb to‘satdan o‘zbekchalab gapira boshladi Sergey tabib, bemorning bosh tomoniga o‘tarkan, – xudo xohlasa tuzatamiz. Namoz, ayt-chi, mana bu bolalar hammasi shunikimi? Jannati ekan-ku, bu! Qani, bemor, ko‘zingni och-chi? Ko‘zingni och deyapman!
Namoz o‘choqqa yantoq qalab yubordi, ikki qumg‘on suv quyib, ilita boshladi. Bemor bir o‘ziga kelib, bir o‘zidan ketib, hamon og‘riq bilan olishib yotardi. Sergey tabib juda ehtiyotlik bilan uning hammayog‘ini paypaslab chiqdi. «Jigari ezilganga o‘xshaydi, – ko‘nglidan o‘tkazdi u, – o‘qtin-o‘qtin hushidan ketishi ehtimol shundandir. Yo‘q, yelkasiga o‘roq sanchishibdi, ko‘p qon ketgan. Bexudligi shundan…»
Sergey tabib bemorning yuz, badanlaridagi qotib qolgan qonlarni ho‘l latta bilan avaylab artib oldi; ezilgan joylariga malham bosdi.
– Esingdami, – so‘radi Namozdan, – Ivanboy ham otdan yiqilganda bir kun hushsiz yotgandi?
– U qon qusgan edi shekilli?
– Jigari ezilgan edi uning ham… Pochchang necha yoshda?
– Qirq beshlarda bo‘lsa kerak.
– Hech bezgak bilan og‘riganmi?
– Bilmadim.
– Ha, mayli. Eng muhimi – baquvvat ekan. Xudo xohlasa, dardni yengadi. Mana buni ko‘zini ochishi bilan bir qoshiqdan yetti mahal ichirasan. Lat yegan jigar faoliyatini tartibga soladi bu dori, o‘zim tayyorlaganman. Hamma umid uning bardoshida, yengadi. Sovun bilan tog‘ara keltir endi. Lekin, mushtlashib yaxshi qilishibdi. Qachongacha «peshanada bor ekan» deb qo‘yday yuvosh yuraveramiz… Ayt, bolalari endi kiraverishsin.
Sergey tabib Ulug‘oyga o‘rischa-o‘zbekcha so‘zlarni aralashtirib, ul-bul narsani tushuntirgan bo‘ldi. «Eng muhimi ko‘p suv bermang, xudo xohlasa, bir haftada oyoqqa turib ketadi», deb cho‘kkan ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib chiqib ketdi.
Javlonqulning o‘zi aytayotgandek beli emas, o‘ng tomonidan ikki qovurg‘asi singan ekan. Sergey tabib unga ham imkoniyati kelgancha dori-darmon qildi. Bir-birining pinjiga tiqilishib, musichadek beozor bo‘lib o‘tirishgan qizlariga qiziq-qiziq so‘zlar aytib kuldirib, jarohatlangan ikki qo‘shnining ahvolidan kunora xabar olib turishga so‘z berib: «Agar xabar olmasam, xudo ursin», deb qizlarni yana bir bor qiqirlatib kuldirib, jo‘nab ketdi.
Namoz bilan Sherniyoz uni eltib qo‘yishdi.
Qaytib kelishsa, hovliga yana odamlar to‘planishibdi. O‘klonlik, bugun kaltak yegan Usta Jamolning kuyovi, ikki shogirdi. Qozoqovuldan Esergep, Eshbo‘ri degan qozoq yigitlar (Eshbo‘rining otasi qo‘rg‘onga tuyada xarsang tashigan edi) bugun haqlarini undirishga borolmagan va shuning uchun ham kaltaklanishdan qutulib qolgan yana besh-olti mardikorlar to‘planishib, o‘rtaga o‘t yoqib, davra qurib o‘tirishgan ekan. Hammalarining umidi Namozboydan. Namozboy dunyo ko‘rgan, mard, halol yigit. Rus to‘ralari bilan oshnoligi bor, qozilar, sudyalar uni hurmat qilishadi. O‘shaning maslahati – maslahat, yo‘rig‘i – yo‘riq, deb o‘tirishgan edi.
– Xo‘sh, Namazboy, endi nema qildiq? – asta gap boshladi Esergep.
– Haqqimizning bir so‘mini ham qoldirmay undirib olamiz, – dedi choyni qaynoq-qaynoq ho‘plab Namoz.
– Bu mushkulroqqa o‘xshaydi-ku? – ikkilanibroq dedi yigitlardan biri.
– Haqqimizni bermasa, qo‘rg‘oniga o‘t qo‘yamiz, – dedi boshini solintirib o‘tirgan boshqa bir yigit.
– Ertalab namozi bomdoddan so‘ng Dahbedga boramiz, – maslahat berdi Namoz, – qozi kalon Shodixonto‘ra huzurida hamma gapni ochiqchasiga gaplashamiz. Endi tarqalinglar.
Bu oqshom Namozning harakatlari keskin, so‘zlari qisqa, qo‘rg‘oshindek og‘ir edi. Biron qarorga kelganda u odatda ana shunday kamgap bo‘lib qolardi. Uning bu fe’lidan xabardor bo‘lgan hamyurtlari birin-ketin chiqib keta boshladilar. Namozning o‘zi miltillab yonayotgan olov yonida uzoq o‘tirib qoldi. Jiyanlari botinib yoniga kelisholmasdi. Opasi Ulug‘oy tovoqda bir kafgir osh keltirib qo‘ydi. O‘zi ham yoniga cho‘kib, choy quyib berib turdi. Ro‘za hayiti o‘tishi bilan u pahlavon ukasini – ham ota, ham ona o‘rnida qolgan yakka-yolg‘izini uylantirib qo‘ymoqchi edi. Hamma umidlari Hamdamboy beradigan uch yuz tangada edi. Yarmini to‘yga xarjlab, yarmini ro‘zg‘orga sarflab, qishdan ham omon-eson chiqib olamiz deb yurishgandi. Endi nima bo‘ladi? Bordi-yu, otalari tuzalmasa-chi? Voy xudoyim…
– Kirib yot endi? – mehr to‘la bir ovoz bilan dedi Ulug‘oy.
– Uxlagim yo‘q, – deb qo‘ydi Namoz.
O‘t miltillab yonar, chordana qurib olgan Namoz boshini quyi solib o‘tirgancha o‘y surar, o‘ylarining to‘xtami yo‘q, keti ko‘rinmasdi. Bir mahal «Namoz