ТОП просматриваемых книг сайта:
Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Читать онлайн.Название Qasoskorning oltin boshi
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-505-1
Автор произведения Xudoyberdi To‘xtaboyev
Издательство SHARQ
Hamdamboy ikki qo‘lini biqiniga tirab, qo‘rqqanidan xonaning bir chekkasiga g‘uj bo‘lib olgan arzgo‘ylarga g‘azab to‘la ko‘zlarini sanchib, bir-bir qarab chiqdi:
– Oralaringda Namoz Pirimqul o‘g‘li bormi? – ovozini yakam-dukkam tishlarining orasidan chiqarib dedi boy.
– Menman, Boybuva! – Namoz bir odim oldinga yurdi.
– Qulibek! – chaqirdi boy.
– Labbay, Boybuva, – tashqaridan chuvakkina, echki soqol bir kishi yugurib kirdi.
– Bularning ichida qay biri ot o‘g‘risi, taniysanmi?
– Tanidim, Boybuva, mana bu! – qo‘lini bigiz qilib Namozni ko‘rsatdi Qulibek.
– Nechta ot o‘g‘irlagan, esingdami?
– Esimda, Boybuva to‘rtta ot o‘g‘irlagan.
– Qachon o‘g‘irlagan?
– Chorshanbaga o‘tar kechasi o‘g‘irlagan.
– Shodiqul! – deb chaqirdi Hamdamboy ochiq daricha orqali.
– Labbay, Boybuva! – bashang kiyingan, mo‘ylabi endigina sabza urgan, oq-sariq yuzli, yoshgina bir yigitcha xonaga otilib kirdi.
– Sen otlarni kimdan sotib olgan eding? Bularning ichida o‘sha odam bormi?
– Bor, Boybuva.
– Qani bizga ko‘rsat-chi, ot sotgan kimsani.
– Mana bu yigit sotgan otlarni menga, – qo‘lini bigiz qilib Namozboyning ko‘kragiga tiradi Shodiqul.
– Har bir otga necha tangadan bergansan? – so‘rashda davom etdi Hamdamboy.
– Uch ming tangadan, Boybuva.
– Itvachcha! – Hamdamboy haligacha gap nimadaligiga aqli yetmay, karaxt bo‘lib turgan Namozga yaqinlashib, ikki yuziga ketma-ket tarsaki tushirdi, – o‘g‘ri, muttaham!
Namoz burun kataklari kerilib, sherdek bir pishqirdi-yu, lekin gapning poyoniga yetolmaganligi uchun o‘zini bosib:
– Men hech narsa tushunmayapman, Boybuva,– dedi yelkasini qisib. – Nima gap o‘zi? Bundoq bir tushuntirib aytgansiz-chi, qanaqa otlar haqida gap ketyapti?
Bo‘lis hokimi Mirza Hamid sekin mo‘ylov qilgan edi davangirdek olti navkari birdan tashlanib, garangsib turgan Namozning qo‘llarini orqasiga qayirdi.
– Nima qilayapsanlar, o‘zi?! – xonaning shipini ko‘chirgudek bir kuch bilan o‘kirib yubordi Namoz. – Bu qip-qizil tuhmat-ku, hoy musurmonlar, nega qarab turibsizlar, menga tuhmat qilyaptilar-ku!
Olti barzangi uni sudrab tashqariga olib chiqa boshladi. Boy nima qilarini, nima deyishini bilmay nasha elitib qolgan bangidek tirjaygancha qotib qolgan qozi kalonga o‘girildi:
– Ot o‘g‘rilari bilan nimani maslahat qilayotgan edingiz, to‘ram?
– Astafurullo! – deb qo‘ydilar qozi kalon, – men… biz… Inshoollo…
Ammo, to‘ramning nima deganini boy eshitmadi, qanday vahshat bilan kirgan bo‘lsa, shunday vajohat bilan chiqib ketdi.
Xonada sallasi bir tomonga qiyshaygan qozi kalon-u boshlarini g‘amgin eggan arzgo‘ylar qolishdi. Go‘ristondek og‘ir jimlikni Sherniyozning qichqirig‘i buzdi:
– Bu tuhmat-ku, taqsir!
– Xudo shohid! – daricha orqali jimjit bo‘lib qolgan hovliga ko‘z tashlab dedilar to‘ram.
VIII bob
QOZI KALON QASOS OLMOQCHILAR
Shodixon to‘ram hali peshin namoziga taraddud ko‘rayotganlarida Mirza Qobil lip etib, tashqariga chiqdi-yu, oyog‘ini qo‘lga olib, Hamdamboyning qo‘rg‘oniga yugurdi. Bo‘lsa o‘ziga, bo‘lmasa o‘g‘illaridan birontasiga Boybuva ustidan arzgo‘ylar kelganini ma’lum qilib qo‘ymoq-chi edi u. Niyati: «Ko‘rayapsizmi, Boybuva, men sizga qanchalik sodig‘-u sadoqatliman. Qozi kalon bo‘lsalar sizdek ulug‘ zotning oldilaridan bir og‘iz o‘tmasdan ustingizdan jinoiy ish qo‘zg‘ab yubordilar…» degan ma’noni ta’kidlash edi. Mirza Qobil garchi tashqaridan qozi janoblariga g‘oyat e’tiqodli va samimiy ko‘rinib, har bir harakati bilan ul zotning nozik ko‘ngillarini ovlab tursa-da, zimdan payini qirqishga, obro‘yini to‘kishga harakat qilar, uch saylovdan buyon qozilikka saylanib kelayotgan Shodixon to‘rani ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi. Erta-yu kech qozilik lavozimini egallashga yo‘l axtarar, yo‘l axtargan sari Shodixon to‘ramning qo‘l-oyoqlarini tinmay yalar edi.
Hamdamboy tushlik taomdan so‘ng yonboshlab qaynoq-qaynoq choy ichib, cho‘ri qizga oyog‘ini uqalatib, huzur-halovatda yotgan edi. Dastyor bola kirib xabar qildi:
– Mirza Qobil amakim zarur ish bilan kelibdilar.
– Ayt, kirsin, – buyurdi Boybuva.
Mirza Qobil Hamdamboy qarshisiga tortinibroq kelib, odob bilan qo‘l qovushtirdi.
– Ha, Mirza, it quvgan soqovdek buncha hovliqmasang? – so‘radi Hamdamboy.
– Boybuva, bir qoshiq qonimdan kechsangiz…
– Kechdim, nima gaping bor?
– Qozi kalon sizga nisbatan beodoblik qildilar, ustingizdan jinoiy ish qo‘zg‘ab yubordilar.
Yonboshlab yotgan boy turib chordana qurdi:
– Qanaqa jinoiy ish ekan?
– Kecha qo‘rg‘onda bo‘lib o‘tmish g‘avg‘olar xususida.
Boyning qoshlari past-baland bo‘lib ketdi:
– Shunaqa degin?
– Va yana alarning pul da’volari bor ermish.
– Itvachchalar!
– Namoz Pirimqul o‘g‘li otliq bir yalangoyoqni o‘zlariga vakil qilib sayladilarkim, ul xiyla badtarin ko‘rinadi.
– Shunaqa qilishayapti degin?
– Men qozi hazratlariga valine’matimiz Boybuvamni ogoh etaylik, dedim. U kishi qo‘l siltab, boy o‘z yo‘liga, qozilik ishlari o‘z yo‘liga, deb kaminani urishib berdilar.
– Nonko‘r ekan-ku, to‘rang! – Hamdamboyning uzun bo‘ynidagi ikki tomiri o‘qlog‘dek bo‘rtib chiqdi, yutindi. Mirzaga bir so‘lkovoy oltin sovg‘a qilib, minnatdorchilik bildirdi. So‘ngra o‘z uyidan nari borsa ikki yuz qadam keladigan hokimning mahkamasiga oshiqdi. Mirza Hamid peshin namoziga taraddudda ekan.
– Namozni keyin o‘qirsan, – dedi Hamdamboy hokim taklif qilgan yumshoq o‘ringa o‘tirayotib. – Maslahat chiqib qoldi. Buni faqat ikkimiz bilmog‘imiz va yana juda tez hal qilmog‘imiz darkor.
Mirza Hamid Hamdamboyning sodiq quli. Sababi shundaki, shu valine’matning ko‘magida u hokimlikka saylangan. Va yana shu kishining soyasi davlatida davri davron surib yuribdi.
– Tinchlikmi, Boybuva? – chinakam tashvishga tushib so‘radi hokim.
– Sen aralashsang, xudo xohlasa tinchlik bo‘ladi.
– Qulingizman, – barkashdek katta kaftini ko‘ksiga qo‘yib, og‘ir sallali boshini xiyol egdi bo‘lis hokimi.
– Jarqishloqlik Namoz degan yigitni taniysanmi?
– Taniyman, yaxshi uloq chopadi,