ТОП просматриваемых книг сайта:
Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Читать онлайн.Название Qasoskorning oltin boshi
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-505-1
Автор произведения Xudoyberdi To‘xtaboyev
Издательство SHARQ
Katta o‘g‘li savdo ishlari bilan shug‘ullanuvchi Zamonbekka Marg‘ilontepa qishlog‘i yonidan qo‘rg‘on qura boshladi. Yuz tanobcha keladigan mulkning atrofiga yetti paxsa devor urish, ichkari- tashqarili naqshinkor imoratlar solish, Sochma, Taxta Qoracha tog‘laridan oq marmar keltirish, ariq ochish, hovuzlar kavlattirish o‘zi bo‘lmaydi, albatta.
Ikki yilcha ish yurishmadi.
Nihoyat, bu yil erta bahorda esini taniganidan buyon jo‘yali ishga qo‘l urmagan, biror og‘iz rost so‘zlamagan Hamdamboy bir quvlik ishlatishga qaror qildi. Bo‘lis bozorlariga Omon jarchi orqali:
«Bozordagi odamlar:
Eshitmadim demanglar
Qo‘li ochiq Hamdamboy,
Marhamatli, xudojo‘y,
Marg‘ilontepa qishlog‘da,
Qishloqning adog‘ida,
Katta imorat solur,
Atrofin qo‘rg‘on olur,
Ustalarga besh tanga,
Devolzangga uch tanga,
Oltin to‘lar hammangga,
Kelavergin shu yonga,—
deb jar chaqirtirdi.
Hamdamboyning kimligini yaxshi bilgan, avval ham uning sovuniga kir yuvib ko‘rgan Dahbed, Shahob, Qo‘rg‘oncha, Soyaqishloq odamlari bu gaplarga uncha ham ishonmadilar, birontasi ham ketmon yoki bel ko‘tarib, qo‘rg‘onga bormadi… Lekin, devolzan-u duradgorlarga va’da qilinayotgan uch yoki besh tanga – bu katta pul edi. Boshqa boylarning yumushini bajarib, kuniga yarim tanga ham haq ololmaydigan qarol-u chorikorlar, usta-yu duradgorlar boshqa bo‘lislardan oqib kela boshladi. Ana shu nasiya bug‘doyni deb naqd somondan quruq qolganlar orasida jarqishloqlik Javlonqul bilan Xolbeklar ham bor edi. Boybuva ishning dastlabki kunlari loykash-u paxsakashlarga yarim tangadan, duradgorlarga bir tangadan ulashib turdi; hisob-kitobni ish bitgandan keyin qilamiz, deb barchani ishontirdi. Qurilish shunaqangi avj olib ketdiki, hatto tunlari mash’al yoqib ishlashga to‘g‘ri kelib qoldi. Va nihoyat, bir-biridan chiroyli dang‘illama imoratlar bitib, o‘ymakor eshig-u, kungurador darichalar o‘rnatilib bo‘lindi. To‘qqiz uyga to‘qqiz xil naqsh va rang berildi. Qo‘rg‘onning yetti paxsalik devori ham bitib, to‘rt joyiga bulutdek baland darvoza o‘rnatildi. Ammo, hisob-kitob qilinadigan kun cho‘zilgandan-cho‘zilaverdi. Hamdamboyning etagini hech tutib bo‘lmay qoldi.
Nihoyat, bugun ertalab o‘klonlik bir to‘da ustamardikorlar yo‘l-yo‘lakay Javlonqul bilan Xolbeklarni olib boyning qo‘rg‘oniga yo‘l olishdi. Xayriyat, boy qo‘rg‘onda ekan: qarindosh-urug‘lari, yaqin-yiroqlari bilan to‘planishib, bo‘lajak katta to‘yning maslahatini qilayotgan ekanlar. Maslahatga qozi, mingboshi va atrof bo‘lis hokimlari ham taklif etilgan ekan. Ichkari hovlida quyuq ziyofat berilmoqda edi.
Boy cho‘ziq yuzli, ingichka boshli, yuzida no‘g‘ay qovoqdek katta burundan boshqa hech narsa ko‘rinmaydigan, yirik ko‘zlari hamisha chaqchayib boqadigan, qotma, terakdek novcha bir kishi edi. Boshida oq parcha salla, egnida ko‘k movut chakmon, ikki qo‘lini orqaga qilgancha bitta-bitta qadam bosib da’vogarlar yoniga keldi.
Xush ko‘rdik, musulmonlar, – dedi u ingichka kallasini xiyol egib.
– Davlatingiz ziyoda bo‘lsin, Boybuva! – bir ovozdan deyishdi da’vogarlar qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yishib.
– Xo‘sh, xizmat? – andak vahshat bilan so‘radi Hamdamboy.
Da’vogarlar «sen gapir, sen boshla», deya bir-birlarini turtishib turishaverdi. Javlonqul o‘zini qo‘lga olib:
– Hisob-kitob qilgani keluvdik, Boybuva, – dedi.
– Qanaqa hisob-kitob? – o‘siq qoshlari baland-past bo‘lib do‘qqa o‘tdi boy.
– Boybuva, men qo‘rg‘oningizda bir yuz-u yigirma kun paxsa urdim.
– Xo‘sh, urgan bo‘lsang nima qipti?!
– Va’da qilganingizdek kuniga uch tangadan hisoblasak, 360 tanga bermog‘ingiz darkor.
– Nima?!.
– Shuni so‘rab keldim. Xudoyo davlatingiz bundan ham ziyoda bo‘lgay. Qizimni uzatmoqchiman. Haqqimni bersangiz.
– Sen, nonko‘r nimalar deyapsan o‘zing?! Betofiq!!
– Astag‘furullo, – dedi Javlonqul yoqasini ushlab va o‘zidan ham battarroq hang-u mang bo‘lib turgan da’vogarlarga bir-bir boqib chiqdi.
Hamdamboy yaqinroq kelib, Javlonqulning qalin soqolidan tortib, iyagini yuqori ko‘tardi:
– Ishlagan bo‘lsang, qorningni to‘yg‘azganman-ku, nonko‘r!
– To‘g‘ri, to‘yg‘azgansiz.
– Tushlikka sho‘rva, xuftonga osh berganman-ku!
– To‘g‘ri, bergansiz.
– Har kuni o‘nlab qo‘ylar so‘yilib turdi-ku.
– Bunisi ham to‘g‘ri, Boybuva.
– Har chorshanbada novvos, yakshanbada ot so‘yib sen dangasalarni ziyofat qilib turganim esingdan chiqdimi?
– Yo‘q, hammasi esimda, Boybuva.
– Mana shularning barchasi pulga kelgan, haromi! Sen yaramaslarni yozi bilan boqqanim kam ekan-da! Senlarning o‘zing mendan qarzdorsanlar. Mirza! – deb qichqirdi oxirida Hamdamboy.
– Labbay, Boyota! – zipillab yugurib keldi boyning kirim-chiqimlarini boshqaradigan mahrami Olim Mirzo.
– Qarzdorlar daftarini keltir buyoqqa!
– Daftar qo‘limda, Boyota.
– O‘qib ber, bu nonko‘rlarga!
Olim Mirzo gap nimaga borib taqalishini sezgan ekanmi yoki avvalroq kelishib olgan ekanlarmi, har qalay qarzdorlarning ismi, otasining ismi qayd etilgan daftarning xuddi o‘sha betini ochib, taxt qilib turgan ekan. Mullabachchalarning tilovatiga o‘xshatib, cho‘zib o‘qiy boshladi:
– «Bismillohur rahmonur rahim, oqil-u fozillar ishtirokida sarhisob qilinganidan so‘ng imorat qurilishi hisob-kitobi ma’lum-u ravshan bo‘ldikim, qo‘rg‘on qurilishiga sarflanmish mablag‘lar, xarjlangan kumush-u tillolar bo‘lib o‘tmish ishlar va bajarilgan yumushlarga nisbatan bag‘oyat ko‘pdur. Qo‘l uchida ishlab, sifatsiz ish bajargan, ish bajarish borasida Hamdamboy Akramboy o‘g‘lini o‘rinsiz chiqimlarga duchor-u mubtalo qilgan usta Jamol usta Kamol o‘g‘li ming tanga, Javlonqul Mavlonqul o‘g‘li uch yuz tanga, Xolbek Ravshanbek o‘g‘li uch yuz tanga… qarzdordirlarkim ushbuni undirmoq uchun qoziyi bokaramga murojaat bo‘ldi…»
Olim Mirzo bir sahifani o‘qib, bismillo deya ikkinchi sahifani ochmoqchi bo‘lgan edi:
– Ey, to‘xta! – deb halidan buyon karaxt bo‘lib turgan Javlonqul daftarga qo‘l cho‘zdi.
– Qo‘lingni tort, betofiq! – jerkib dedi Olim Mirzo.
– Boybuva, bu qanaqa gap bo‘ldi? – bir ovozdan so‘rashdi da’vogarlar.
– Bu shundoq gapkim, – qoshlarini kerib, har bir so‘zini chertib-chertib dedi Hamdamboy, – qarzdorlar uch kun muhlat ichida qarzini to‘lagaylar, bo‘lmasa uy-joylari «kim oshdi»ga qo‘yilur.
– Nima?!—barobariga baqirib yuborishdi da’vogarlar.
– Endi uylaringga jo‘nanglar, – burilib keta boshladi Hamdamboy.
– To‘xtang, Boybuva, – Javlonqul boyning etagidan ushladi.
– Ol qo‘lingni, haromi!
– Boybuva!
– Ol deyapman! – shunday deb boy qattiq silkingandi Javlonqul etakni qo‘lidan chiqarib yuborsa, haqqini undirolmagani