Скачать книгу

dastidan uxlab bo‘lmaydi. Ertalabgacha olishib chiqadi odam. Popochlarning hovlisiyam haligacha g‘ala-g‘ovur. Otasi qassob, do‘konini kech yopadi.

      Yotibman-u qotibman. Tushumdami, o‘ngimdami bilmayman isib ketdimmi ishqilib ustimdagi choyshabni nari surmoqchi bo‘ldim. Ammo nimagadir qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmas, qimirlata olmasdim. Xayolimda yelkam aralash birov meni bosib turardi. Azbaroyi uyquning shirinligidan ko‘zim ochilmas, miyamning allaqaysi hujayralari g‘ira-shira ishlab, kim bo‘ldi ekan degan o‘ylarga borar edi. Kallamga kelgani Popoch bo‘ldi. Voy shumtaka-ey, kunduzi qo‘rqmissimi deb bekorga so‘ramagan ekan-da. Yengiltak, shayton qiz deyman-da, sal o‘zimga kelib ko‘zimni ochaman. Ammo… e-e-e… hayratdan qotib qolaman. Meni qimirlatmay qo‘ygan Popoch emas, boshqa… ha boshqa qiz edi. Voybo‘-o‘… uni! Odam ham shunaqa chiroyli bo‘ladimi? Esim og‘ib qoldi. Biz talabalar shu paytgacha besh ketib o‘zimizcha hur deb yurgan qizlarning birortasiga o‘xshamas edi. To‘g‘rirog‘i, ularning husni-jamolini bir qilganda uning birgina g‘amzasiga alishib bo‘lmas edi. Oy nurlari uning sutdek oppoq yuzini, taralgandek uzun-uzun kipriklarini, chaqnab turgan ehtirosli ko‘zlarini yoritib turardi. Ajabo, oymoma deraza tarafga qachon o‘tib ulgurdi ekan? Qizning ko‘zlari qo‘lga tushdingmi sen yigit degandek tobora ayyorona suzilar, jilmayganda tishlari sadafdek yarqirardi. Sochlari to‘lqin-to‘lqin bo‘lib, uyning qorong‘uligiga qo‘shilib ketgan edi. Uning qarashlarida senga yomonligim yo‘q, ey yigit degan bir ishoralar bor edi-yu, ammo kulib turib yer parchin qilib meni ezardi. Ko‘krak qafasim qisilib, nafasim og‘zimga tiqila boshladi. Qiz ukpardek yengil ko‘ringani bilan unda qandaydir yovuz, yovvoyi kuch bor edi. Ana shu kuch o‘zining kimligini menga sezdirib qo‘ydi. Ko‘zimni chirt yumdim-da, bilgan suralarimni takror va takror o‘qiyverdim. Sezib turibman ustimdagi “yuk” asta-sekin yengillasha boshladi. Yengillashgan hamonoq uxlab qolibman. Bir mahal childirma ovozi-yu g‘alati qiyqiriqlardan uyg‘onib ketdim. Oymoma hamon derazamdan nari ketmagan, shu yaqin atrofda to‘y bo‘lardi chog‘i. Hayron bo‘lib soatimni oy nuriga tutib ko‘raman. Uchdan oshibdi… Qo‘qonda to‘ylar kech boshlanib, tongotar tugar ekan-da deb, uyquli ko‘zlarimni yumaman… Bir ko‘nglim chiqsam-chi, Qo‘qonning to‘ylari qanaqa bo‘larikin, ko‘rsam-chi deyman. Uyqu zo‘r keladi…

      Erta bilan uyqudan tiniqib uyg‘onsam, tungi voqealar shundoq ko‘z oldimda turibdi.

      Biz olov yoqib, samovar qo‘yib, choy qaynatmasdik. Choynakka quruq choy solib choyxonadan dog‘suv burab kela qolardik. Erinsak Popochdan iltimos qilardik. Ularnikida ertadan kechgacha samovar jig‘illab yotardi. Qarasam, Mirvohiddan darak yo‘q. Qotgan-qutgan non bilan tamaddi qilib bo‘lsayam, praktikaga borishim, Mirvohid uchun ham bir bahona topishim kerak edi. Choyxonadan dog‘suv burab kelishimga Mirvohid opasi bilan kelib qoldi. So‘riga joy qildik. Dasturxon shohona bo‘p ketdi. Qo‘shni hovlida qassob tog‘aning gurillagan ovozini eshitib, choyga taklif qildik. Tog‘a yo‘q demadi. Tuynukdan yonlamachasiga o‘tib keldi. Ko‘rinishdan juda polvon odam edi. Popoch otasiga tortgan edi.

      Oling-oling bilan choy ichar ekanmiz, qassob tog‘aga gap qotdim:

      – Qo‘qonning to‘ylari tongotar bo‘larkan-a, qassob tog‘a?

      – Qattagi to‘yga bora qoldingiz, jiyan? – dedi pishillab.

      – Shetta bo‘ldi-yu…

      – Shetta? Him… – deb kuldi qassob.

      – Shu yaqin-atrofda-da, ertametangacha gumbir-gumbir to‘xtamadi-ku, eshitmadingizmi?

      Qassob tog‘a non chaynashdan to‘xtab, ko‘zlarini lo‘q qilib menga qaradi-da, eshitmadim degandek boshini sarak-sarak qildi.

      – Tushunarli, – dedim men kulib, – kecha ko‘payib ketibdi-da, a?

      – Vohidjon, yaqinroq o‘tiribsiz, og‘aynizzi peshanasini ushlab ko‘ring-chi, isitmasi yo‘qmi? – deb qalin qoshlarini uchirib kuldi qassob tog‘a.

      Mirvohid kaftini peshanamga bosdi-da:

      – Joyida-yu, – deya xandon otib kuldi.

      – Tavba, – dedi qassob tog‘a taajjubda, – mahallada to‘y bo‘larkan-u, mensiz o‘tarkanmi, naq ko‘chirtirvorarman. Hovlida jinlar bazm qilgandir, – dedi pinagini buzmay.

      – Voy, tog‘a, unaqa demang qo‘rqaman, – dedi Mirvohidning opasi ko‘zlari alang-jalang bo‘lib.

      Men tunda bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir, oqizmay-tomizmay gapira boshladim. Mirvohid bilan opasi nonushtayam eslaridan chiqib angrayib o‘tirishar, qassob tog‘agina beparvo, hali piyozli nonni qaymoqqa bulab urar, hali doroyini g‘ujumlab og‘ziga tashlar edi.

      Tungi sarguzashtlarim tugagach, Mirvohidning opasi kapalagi uchib, “bu gaplarga nima deysiz”, degandek qassob tog‘aga qaradi.

      Qassob tog‘a sovub qolgan bir piyola choyni og‘ziga ag‘dardi-da, naq supradek kaftlari bilan lab-lunjini artib dedi:

      – Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur, degan ekan mashoyihlar. Bu uyni ijaraga olayotganda sal o‘ylamadilaringmi olim yigitchalar. Nimaga shunday uy egasiz huvillab yotibdi deb. Yana shaharning qoq o‘rtasida-ya. He… Bu hovlida ko‘p ishlar bo‘lgan sizlarga aytsam. Ha, yomon bo‘lgan, yomon. Oldingi egasini qora buqa bo‘lib suzib o‘ldirgan. Xotini arzon-garovga issig‘ida pulladi-da, bola-chaqasini olib, jo‘nab qoldi. Keyingi sotib olgan odamni qora mushuk bo‘lib bo‘g‘ib o‘ldirdi. Bola-chaqasi sotolmay ketib qutuldi. Choyxonachi u yoq-bu yog‘iga qarab, bir kun, yarim kunga musofirlarni qo‘yib foydalanib turadi. Siz yigitni Xudoga yoqqan joyingiz bor ekan yo palagingiz toza… hartugul sizga hurqiz bo‘lib ko‘rinibdi…

      Dasturxonga fotiha o‘qilgach, Mirvohidning opasi shoshib qoldi:

      – Tur uka, tezroq chiqib ketaylik bu yerdan. Gap shu, endi betta yotmaysan, tamom.

      Shunday qilib ko‘rpa-to‘shagimizni orqalab yotoqxonaga qaytib ketdik…

      Shularni o‘ylab, Boymurod akaning sarguzashtlarini o‘zimcha tushungan bo‘laman va so‘rayman:

      – Nima deysiz, Boymurod aka, jinlar yana o‘rdasiga qaytishadimi, yo‘qmi?

      – Kemaydi, – dedi u kishi qat’iy ohangda, – ular siz bilan mendan ko‘ra mardroq bo‘lishadi. Quvilgan joylariga qaytib kelishmaydi. Buniyam rahmatlik domla buva aytganlar.

      Shunday qilib bog‘hovliga qilgan bu galgi safarim kutilmaganda ajoyib va g‘aroyibotlarga boy bo‘ldi. Yakshanba kuni kechga qarab qolgan-qutgan yeguliklarni Oqtoshning idishiga ag‘dardim-da, omonat eshigimning tagidan it sig‘adigan joy qoldirib, poyezdga shoshdim. Boshqa qo‘shnilarim ham otlanib yo‘lga chiqishgan, uzun-qisqa bo‘lib oldinda borishardi. Ro‘paramdan kelayotgan mashina guvillab yonimdan o‘tdi-yu orqamdan itning hurib, mashinaga tashlanganini eshitdim. Qayrilib qarasam, Oqtosh!

      Orqamdan quvib kelyapti. Bo‘lmasa, “sen aqlli it ekansan, shu hovlidan chiqma” deb necha marta uqtirgan, Oqtosh gaplarimga jimgina quloq solib qolgan edi. “Qayt orqangga” deya jo‘rttaga ko‘zlarimni ola-kula qilib, po‘pisa qildim. “He o‘rgildim, sendaqa aqlli itdan, esing bo‘lsa kelib-kelib mashinaga tashlanasanmi? Temir-ku bu. Nahotki, joni bor bilan joni yo‘qni bilmasang!” Qayda, gaplarimga parvoyam qilmadi. Qaytaga o‘ynoqlab, erkalanib oldinga tushib oldi. Shu nasihatni haddan oshirvordimov. Buning ustiga Oqtosh o‘tgan har bir mashinaga hurib, tashlanishni qo‘ymasdi. Unga sari Oqtoshni ajal haydab keldiyov, deya xavotirga tushaman. Boymurod aka ko‘rsaydi buning ahmoqona qiliqlarini. Bu it hali orqamdan vagongayam chiqib, sharmanda qilmasaydi. O‘zi vagonda it olib yurganlarni jinim suymaydi. O‘tirishga joy bo‘lmaydi-yu, eshshakdek-eshshakdek itlarini cho‘ziltirib oyog‘ing tagiga yotqizib qo‘yishadi. “O‘zing-ku toqqa sayr-sayohatga chiqibsan, itingga balo bormi”, deb g‘udranardim.

      Bekatga borsam poyezd jo‘nashiga besh daqiqa qopti. Yo‘lovchilar joylashib olgan, ochiq derazalardan boshlarini chiqarib, poyezd jilishini sabrsizlik bilan kutishyapti. Kun issiq. Oqtosh bir-ikki marta poyezdga chiqib yurgandek mendan oldin perronga borib oldi.

      Taxminim to‘g‘ri chiqdi. Oqtoshni kimdir o‘zi bilan poyezdda olib kelgan-u,

Скачать книгу