Скачать книгу

Ikkinchi bunaqa ustachilik qilsang, o‘zingdan ko‘r.

      Ikkovlashib Zebi xolani kabinaga chiqardik. Vali narigi eshikdan kirdi-yu, mashinasini gurullatgancha haydab ketdi. ZIL muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan g‘ira-shira tong pallasida ko‘rgan tushdek xotiralar yopirilib keldi.

* * *

      Zebi xoladan hayiqmaydigan bola yo‘q edi. Erkaklardek barvasta gavdali, qop-qora bu xotinning yo‘g‘on ovozi ham, uzun qirra burni, ketmonni yelkasiga tashlagancha etik kiyib g‘oz yurishi ham boshqa ayollarga o‘xshamas, hatto qoramtir siyrak mo‘ylovigacha bor edi. U qachon qarasa qulog‘iga rayhon taqib yurar, Darhon arig‘i bo‘yidagi hovlisida yoz bo‘yi rayhonlar barq urib yotardi. Uni birinchi marta ko‘rganimdayoq qo‘rqib qolganman. O‘shanda juda kichkina bo‘lsam kerak. Oyimga ergashib Zebi xolanikiga bordim. Nimagaligi esimda yo‘g‘-u xarxasha qilaverdim. Oyim u deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi, bo‘lmadi. Shunda Zebi xolaning jahli chiqib ketdi.

      – Jim bo‘lasanmi yo hozir ishtonimga qamab qo‘yaymi!– dedi do‘rillab. Uning vajohati shu qadar qo‘rqgulik ediki, ovozim o‘chdi-qoldi.

      …Zebi xola sap-sariq jingalak sochli, ko‘k ko‘z «o‘ris bola»sini – Valini jonidan yaxshi ko‘rardi. Qaysi to‘yga borsa, ko‘ylagining yengiga popukqand, monpasi, jiyda solib kelardi. Uning yengi shunchalik barakali ediki, Valining do‘ppisi birpasda shirinlikka to‘lib chiqardi. Vali qizg‘anchiq emas, oyisi olib kelganlarni hamma bilan baham ko‘radi… Biroq bironta bola Valini chertsa bormi, oyisidan baloga qoladi. Zebi xola o‘sha zahoti aybdor bolaning onasini yumma talaydi. «Sen echkiga o‘xshab har yili bolalaysan, meniki atigi bitta! – deydi shang‘illab. – Qani, yana bir marta qo‘l tegizib ko‘rsin-chi, qo‘lini sindirib o‘choqqa tiqaman!»

      Zebi xola bolasini bunchalik avaylagancha bor edi. Dadamning aytishiga qaraganda, urush bo‘layotgan joydan keltirilgan bolalardan bittasini berasanlar, deb Zebi xola ham boribdi. Ammo o‘sha idoradagilar ko‘nishmabdi. «Siz so‘qqaboshsiz, topish-tutishingizning mazasi yo‘q», deyishibdi. Shunda Zebi xola kursini mushtlab chunonam to‘polon ko‘taribdiki, noiloj mana shu Valini xatlab berishibdi.

      Zebi xola so‘qqabosh bo‘lsayam, Valini kamsitmagan. Qo‘y so‘yib, yurtga osh berib, to‘yini ham qilib bergan.

      Vali ham birinchi sinfda men bilan o‘qir, hisobdan yaxshi edi-yu, ona tilidan qiynalardi. «Q» bilan «G‘»ni aytishga hech tili kelishmasdi. Risolat opa degan chiroyli o‘qituvchi opamiz buni bilgani uchun Valini ko‘p ham qiynamasdi. U doim deraza oldidagi partada o‘tirardi.

      Bir kuni maktabga komissiya kelib qoldi. Bir emas, to‘rt kishi orqa partaga borib o‘tirishdi. O‘qituvchi opamiz dars o‘tyapti-yu, hayajondan ovozi titraydi. Sinf jimjit. Shu payt deraza sharaqlab ochildi-da, Zebi xolaning yo‘g‘on ovozi eshitildi.

      – Vali, ma, non!

      Hammamiz o‘sha tomonga qaradik, Valining sariq yuzi olovdek yonib ketdi. Nima deyishini bilmay nuqul «keting», deb imlaydi. Zebi xola bo‘lsa derazadan ikkita arpa non uzatib turibdi.

      – Olsang-chi, qo‘lim kuyib ketdi! – dedi u zarda bilan.

      Sinfxonani birpasda issiq non hidi tutib ketdi.

      Risolat opamiz bir zum esankirab turdi-da, tashqariga yugurdi.

      – Nima qilyapsiz, xola? – dedi yig‘lagudek bo‘lib. – Maktab-ku bu!

      – Maktabligini o‘zim ham bilaman! Machitga kelganim yo‘q! – Zebi xola ovozini baralla qo‘yib do‘rilladi. – Bolam ertalab choy ichmasdan chiqib ketuvdi. Och o‘tirsinmi endi?

      Risolat opamiz yalinishga tushdi:

      – Jon xola, komissiya bor.

      – Nima, kamissiyang non yemaydimi! Bolam bir kun kech olim bo‘lsa bo‘lar. «Kamissiya keldi», deb tishining kirini so‘rib o‘tirsinmi?

      Boyadan beri suv quygandek jimjit bo‘lib turgan sinfxo-nada to‘satdan qahqaha portladi.

      – Ana, kamissiyangning o‘ziyam kulyapti-ku! – Zebi xola derazadan boshini suqdi. – Ma, bolam, yeb ol, uyalma!

      …Bir kuni jo‘raboshimiz sigirini qaytarmagani uchun Valini urib burnini qonatdi. Ertasiga qiziq bo‘ldi. Tol soyasida dam olib o‘tirsak, maydoncha chetida Zebi xola ko‘rindi.

      Toy jo‘raboshining yelkasiga turtdi.

      – O‘lding! Zebi xola kelyapti, qoch!

      Jo‘raboshining ko‘zi olayib ketdi. Qaddini rostladi-yu, keyin qo‘l siltab shineliga yonboshladi.

      – Qatta uradi! O‘zi zo‘rg‘a kelyapti-ku.

      Qarasak, Zebi xola chindan ham zo‘rg‘a-zo‘rg‘a kelyapti. Qo‘lidagi tayoqqa suyanib ikki qadam yuradi-da, to‘xtaydi. Oqsoqlanib qadam bosadi.

      – Yiqilib oyog‘i singanga o‘xshaydi, – dedi jo‘raboshimiz.

      Zebi xola inqillab-sinqillab yaqin keldi. Ammo besh qadamcha qolganda birdan cho‘loqligi tuzalib qoldi. Tayoqni baland ko‘targanicha ikki hatlab jo‘raboshining tepasiga keldi. Tayoqning qarsillashi bilan jo‘raboshining dodlashi baravar eshitildi.

      – Mana urish! – dedi Zebi xola do‘rillab. – Urish mana bunaqa bo‘ladi. – U jo‘raboshining gardaniga tag‘in tushirdi. – O‘zidan kichkinaning burnini qonatish mana bunaqa bo‘ladi!

      Jo‘raboshi jonholatda dumalar, ammo qocholmasdi.

      – Oyi! Urmang, oyi! – Vali oyisining qo‘lidagi tayoqqa yopishdi.

      – Tavba qildim! – jo‘raboshi tipirchilab, kafti bilan boshini pana qildi. – Jon xola, o‘lay agar, ikkinchi qilmayman!

      – Oyi! – Vali Zebi xolani quchoqlab oldi. – Kerakmas!

      Zebi xola tayoqni uloqtirdi.

      – Nima, meni bolam malaymi senga?! – dedi dag‘dag‘a bilan. – Sening molingni boqsin, deb katta qilib qo‘yibmanmi bolani?!

      …O‘sha voqeadan keyin jo‘raboshimiz ancha yuvosh tortib qoldi. Uchinchimi, to‘rtinchi kuni mog‘or bosgan kattakon qovoq ko‘tarib keldi. Tol soyasida o‘tirib qovoqni ikki pallaga ayirdi-da, qirg‘ich bilan tozalashga tushdi. Keyin pallalarning qirrasini arraning tishiga o‘xshatib jimjimador qilib qirqib chiqdi. Ikki pallani bir-biriga yopgan edi, orasi kavak koptokka aylandi qoldi.

      – Nima qilmoqchisan? – dedi Toy burnini tortib.

      – Burningga osib qo‘yaman! – dedi to‘ng‘illab jo‘raboshi. – Artib ovora bo‘lib yurmaysan. – Keyin qovoqni bir chekkaga qo‘ydi-da, Toyga buyurdi. – Qorong‘i tushganda shu yerga kelasan. Sen ham, – dedi menga imo qilib. – Xo‘ja baribir kelolmaydi. Dadasi chiqarmaydi.

      – Nimaga o‘zi? – dedim tushunmay.

      – Sirk ko‘rsataman.

      – Vali-chi, Vali ham keladimi? – dedim nariroqda tol yog‘ochidan hushtak yasayotgan Valiga imo qilib.

      – Yo‘q, – jo‘raboshi keskin bosh chayqadi. – U ham oyisidan qo‘rqadi. Es-es, kim kelmasa pes!

      Kechki ovqatdan keyin bekinmachoq o‘ynayotgan akalarimning ko‘zini shamg‘alat qilib maydonchaga chiqdim. Qorong‘ida, tol tagida Toy bilan jo‘raboshi turibdi. Jo‘raboshining qo‘lida boyagi qovoq. Faqat odamning boshiga o‘xshatib «og‘iz-burun» teshib qo‘yibdi. Negadir hammayoqni lampamoy hidi tutib ketgan…

      – Laychang nimaga keldi? – deb to‘ng‘illadi jo‘raboshi.

      Qarasam, gurji kuchugim oyog‘im tagida dumini likillatib turibdi.

      – O‘zidan so‘ra! – dedim men ham to‘ng‘illab.

      Jo‘raboshi yerdan kesak olib otgan edi, it angillab qochdi.

      – Nega urasan?

      – Xalaqit beradi! – dedi jo‘raboshi zarda bilan. – Yur, bo‘lmasa kech qolamiz.

      Toy ikkalamiz

Скачать книгу