ТОП просматриваемых книг сайта:
Dahshatli Meshpolvon. Anvar Obidjon
Читать онлайн.Название Dahshatli Meshpolvon
Год выпуска 0
isbn 978-9943-26-986-6
Автор произведения Anvar Obidjon
Издательство SHARQ
– Ha, nimaga to‘xtading? – deb so‘radi Oshiqbola.
– Hay, endi tinchlikmi o‘zi? – deb ming‘irladi Chumakvoy.
– Тinchlik, – dedi Meshpolvon. – Xachirimning ayilini tortvolay, egar qiyshayib ketyapti.
U, xachirning qorni ostiga bosh tiqib, ayil-pushtani tortayotgandek ivirsishga tushdi. Qancha piypalanmasin, sheriklari erinmasdan kutib turishaverdi.
– Nima, men minan ichaklaring birmi? – deb xitlandi Meshpolvon. – Birov to‘xtasa, to‘xtayverasanlarmi? Yo‘lingdan ketaver-da ikkalang.
– Sherikka qaramasdan ketvorish yaxshimas, – dedi Oshiqbola.
Chumakvoy ham donolangan bo‘ldi:
– Baski birga yo‘lga chiqdik, endi azobniyam, rohatniyam baham ko‘raylik.
«Baham ko‘raylik» degan gap Meshpolvonni cho‘chitib yubordi. «Nimani shama qilyapti bu lo‘livachcha», deb ichida achchiqlandi.
U, sur sheriklarini tag‘in chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Zero, ikki odim narida turgan shirinlikni qo‘lga kiritish uchun begona ko‘zlarni yarim soniyagina alaxsitib qo‘yish kifoya edi. Shu maqsadda osmonga tikilib: «Anavi burgutmi, lochinmi?» – deb so‘z qotdi. Biroq umidi chippakka chiqdi, Oshiqbola ham, Chumakvoy ham osmonga qaramadi, aksincha popukqand tarafga ko‘z qirini tashlashgandek tuyuldi.
Meshpolvon nima qilishni bilmay, qaytadan ayilni tortishga kirishgan edi, Oshiqbola dimog‘ida xirgoyilanganicha bitta-bitta bosib kelib, popukqandni xirom etigida to‘sib to‘xtadi. Peshining changini qoqqan bo‘lib sal egilgan vaqtda, hamma voqeani xachirning oyoqlari orasidan kuzatib turgan Meshpolvon oxiri chidamasdan, o‘zini o‘ljaga otdi. Lekin kutilmaganda, havodan kamon o‘qidek uchib kelgan Chumakvoy popukqandga birinchi bo‘lib panja urdi. Chumakvoyning ustiga Oshiqbola, Oshiqbolaning ustiga Meshpolvon qo‘nib, lo‘labolishlardek taxlanib qolishgan damda popukqand bir sapchidi-yu to‘rt qarich nariga borib tushdi.
Uchalasi ham ko‘ziga ishonmay bir zum karaxtlanib turdi. Ularning nazarida oralarida kimdir shirinlikni nariroqqa turtib yuborgandek bo‘ldi.
Meshpolvon eng tepada yotgani uchun o‘ljaga yana hammadan oldin tashlanib ko‘rdi. Biroq maqsadga yetdim deganida, popukqand joyidan bir sakrab, uni ikkinchi bor kalaka qildi.
Oshiqbola bilan Chumakvoyning navbatma-navbat irg‘ishlashidan ham ish chiqmadi, qitmir o‘lja hammaga pand berib, sal narida ermaklab turaverdi.
Azbaroyi ochlikning zo‘rligi, buning ustiga qizishib ketganlari bois uchalasi ham nima bo‘layotganini mulohazalab o‘tirmadi, bunga fursat ham yo‘q edi. Ular yalanib-qalanib emaklagani sayin, popukqand erinmasdan qocha borib, oxiri yo‘l chetidagi o‘tlar ichida ilondek sirg‘alganicha g‘oyib bo‘ldi.
Shu pallada qirchinlar ortidan qattiq kulgi eshitildi. Тurishi dalliroq, ishton-nimchasi shalviroq, beti yalpoq, boshida kigiz qalpoq, jag‘ini soqol bosgan, bo‘yniga cho‘zma osgan pak-pakana chol qorin quchganicha panadan chiqib kelib, maysalarga dumalab-dumalab xaxolay boshladi.
Birinchi bo‘lib Oshiqbola o‘rnidan turdi, keyin Chumakvoy bilan Meshpolvon. Ular qotib-qotib kulayotgan mitti cholga bir-bir xo‘mrayib, kiyimlaridagi changni qoqa ketishdi. So‘ng har biri o‘z uloviga qarab yurdi.
Buni ko‘rgan cholning birdan kulgisi bosilib, baroq qoshlari osilib, kiprigidagi yoshlarni qoqib, ularga hayratomuz boqib: «Iye, bu qanaqasi, ukavoylar? Rostdanam meni urmasdan ketaverasizlarmi?» – deb, orqadan piching qistirdi:
Ho‘, omadi ketmagurlar, shoshmanglar,
Meni pisand qilmay haddan oshmanglar,
Uch pahlavon uch qarg‘adek qochmanglar,
Nega meni do‘pposlamay ketyapsiz?
Qand yemasdan hali hech kim o‘lmagan,
Тekin qand yeb yo sandig‘i to‘lmagan,
Ustingizdan birov mendek kulmagan,
Nega meni do‘pposlamay ketyapsiz?
Ochning ko‘ngli nozikligin bilsam ham,
Qog‘ozga loy o‘rab, iрga ilsam ham,
Hammangizni boplab jinni qilsam ham,
Nega meni do‘pposlamay ketyapsiz?
Shunda Meshpolvon jahllanib: «O‘zim yetti iqlimga dong‘i ketgan Meshpolvon bo‘lsam, bular mendek pahlavonning shogirdlari bo‘lishsa-yu, odam qurib ketgandek, sizni savalaymizmi?» – deya so‘zni ko‘pirtirib berdi:
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.