Скачать книгу

ketganini ma’lum qilishdi. Buni eshitib, Go‘ro‘g‘libekning yurak sanchig‘i, Oshiqbolaning achchig‘i qo‘zidi. Bobosidan G‘irotni tilab, dadasining qilichini tasmaga ulab, Sepkilshohga pinhona jag‘ silab, yo‘lga chiqdi…

Oshiqbolaning gaplarini Meshpolvon o‘shanday g‘o‘dayganicha tinglab bo‘lgach, unga boshdan oyoq nazar solib dedi:

– Dadam onamga sovchi qo‘yganida, opoq otam: «Hali yosh ekansan, kurash tushsang – belingni, o‘g‘ri bossa – keli1ngni, dushman kelsa – elingni saqlay olarmikansan? Avval iligingni to‘ldir, biron ishni do‘ndir, payingni shishir, aqlingni pishir, keyin uylan», degan ekan. Seniyam boshing chumchuqdeg-u, yondim-kuydim deyishingga o‘laymi?

– Zotimiz o‘zi shunaqa, – deb g‘ururlandi Oshiq-bola. – Dadam Ravshan botir ham o‘n uch yoshida Shirvonda qilich savashib, onamni olib kelgan.

Buni eshitib, Meshpolvon chuqur xo‘rsinib qo‘ydi:

– Meni dadam o‘ttizida ro‘zg‘or qilgan.

Shu ko‘yi ikkalasi gapni gapga ulab, yomonning nomini balchiqqa bulab, yaxshini osmonga ko‘tarib, garmseldan yuzlari ko‘karib, saksovullarni oralab, poyonsiz sahroni bo‘ralab boraverdilar. Bir yoqda jizg‘anak azobi, ikkinchi yoqda suv va ovqat tejami, yana uyqusizlig-u sargardonlik balosi qo‘shilib, uch-to‘rt kundayoq Meshpolvonning holi tang bo‘ldi: og‘zi qaqrab, tomog‘i taqilladi, jag‘i ochilib, tili osildi.

Oshiqbola o‘zini ancha bardam tutib kelayotgan edi. Ammo ertalab qulog‘i tagida qandaydir shish paydo bo‘ldi-yu, isitma chiqib, ko‘zlariga qon quyildi, belidan mador ketdi.

– Buqoq bo‘lganga o‘xshayman, – deya ruhi so‘niqib po‘ng‘illadi u. – Shu bashara bilan Oytumorga qanday yo‘liqaman?

Meshpolvon pishillaganicha qo‘l siltab dedi:

– Xafa bo‘lma, oshnaginam, buni yo‘li oson. Ozgina noningdan bersang, qanday tuzatishni aytaman.

Oshiqbola G‘irotning yuganini tortib, sekin yerga tushdi. Otning beliga har ko‘zi toypaxtadek keladigan olacha xurjun tashlangan edi, ochiqqo‘l asilzoda undan to‘rtta non, yarim xalta tolqon, yigirmatacha pishirilgan tuxum, mayiz-turshak olib, dasturxon yozdi. Yozilayotgan dasturxonning shabadasidan uchgan qumlar hali to‘xtab-to‘xtamasidan, Meshpolvon allaqachon shu joyga chordana qurib ulgurgan edi. Oshiqbola narsalarni birin-ketin o‘rtaga keltirib qo‘yayotganda u yutoqib tamshanganicha, har safar: «Rahmat, oshna. Kam bo‘lma», deb duogo‘ylanib turdi.

Nihoyat «oling-oling»ga navbat yetdi. Oshiqbola dastlabki non burdasini og‘ziga solayotib, tuxumga sepishga tuz yo‘qligini ko‘rdi-yu, borib yana xurjunni titkiladi. Тuzni olib kelib qarasa, dasturxon ship-shiydam. Nima bo‘lganini tushunmay, bir muddat angrayib turganidan so‘ng, Meshpolvondan so‘radi:

– Hoy, dasturxondagilar qani?

– Nima balo, seniyam qorning ochmidi? – deya bezrayib boqdi Meshpolvon. – Shuni oldinroq aytmaysanmi? Qo‘lingdagi yeydigan narsami o‘zi?

– Тuz.

– Qani, bu yoqqa uzat-chi.

Meshpolvon tuzni olib, shartta og‘ziga to‘kdi. Yutayotib hatto yuzini burishtirib qo‘ymadi.

Ular ovqatlanib bo‘liboq yana yo‘lga tushishdi. Yutinishga ham qiynalayotgan Oshiqbola yo‘l-yo‘lakay zog‘orani so‘rib borayotib, «Buqoqning davosini aytgin endi», deb zardalandi.

– Hozir aytaman, – dedi Meshpolvon. – Oldin ozgina ovqatdan cho‘zgin. Chika minan Puka esdan chiqibdi-ku.

– Kim deding? – zog‘orasidan bir to‘g‘ramini uzatayotib so‘radi Oshiqbola.

– Ilonlarim, – deya oziqni uch qismga bo‘lib, birini o‘ng qo‘yniga, ikkinchisini chapiga tiqdi Meshpolvon. Uchinchi bo‘lakni esa o‘zi yamlay boshladi. – O‘ng qo‘ynig‘imdagisi – Chika, chapdagisi – Puka. Umringda oshiq o‘ynaganmisan o‘zing? Otgan oshig‘ing yutuq tomonga yonboshlasa – chika, teskari tarafitushsa, puka bo‘ladi.

Ana endi Meshpolvonning Oshiqboladan kulishini ko‘ring:

Sho‘ring qursin, baxmal chopon,

Ulg‘ayibsan juda nodon.

Oshiq nima, bilmasmisan?

O‘zbakmisan, habashmisan?

Bordir yana yong‘oq o‘yin,

Yutsang – ovqat ikki qo‘yin.

Yoz kelganda kirib boqqa,

Otganmisan zo‘ldir-soqqa?

Yerga chizib «chizma-chiziq»,

Sopol surish undan qiziq.

O‘ynamagan bo‘lsang «Dasta»2,

Demak, mendan zarbing past-da.

«Hammom pishdi» besh yoshga mos,

O‘n yoshgacha hayinchak os.

Katta bo‘lib qoldik endi,

Bizga bopi – «Eshak mindi».

Bilmayman deb jahlim qo‘zma,

Axir, mashhur «Quloqcho‘zma»3

Kam emasdir ulog‘ingdan,

O‘t chaqnaydi qulog‘ingdan.

Hammasini qiyoslab ko‘r, «

Mo‘ri-mo‘ri» o‘yini zo‘r.

Bordir yana «Bekinmachoq»,

Eng qaltisi – «Urshapaloq»4.

Qilar seni ovchi, jangchi:

«Yoppa kurash», «Sholi yanchi»,

«Pichoq sanchar», «Sopqon otdi»,

«Kamand chirmash», «Arqon tortdi».

Aralashsa agar qizlar,

Kelin-kuyov saylab bizlar,

O‘ynar edik «Xola quchgan»,

Kimki sovchi – qo‘lga tushgan.

Bo‘shang qizni qilar qoqvosh

«Hakalakam» minan «Тo‘ptosh».

Ayniqsa til qayrar juda

«Oling, quda-bering, quda».

O‘ynaganlar «Oq-ko‘k terak»5,

Chopa olar naq pirpirak.

Yetti pushtdan qolgan meros

«Halov, tuya», «Тojixo‘roz»…

E, bularni kim bilmabdi,

By dunyoda tug‘ilmabdi.

Oshiqbola nafsi o‘tkir yo‘ldoshining bidirlashlariga befarq quloq solib turgach, qovoq-tumshug‘i osilib so‘radi:

– Buqoqning davosi nima, deyapman? Yo xurjunim bo‘shamaguncha aytmaysanmi?

– Buqoqmas bu, – deb nihoyat asosiy gapga o‘tdi Meshpolvon. – Buni tepki deyishadi. Davosi oson: ikkita kulchami, to‘rtta olmami, oltita varaqimi – nimaniki topsang, hisobini juft qilib, egizak tuqqan xotinning uyiga borasan, qo‘lingdagini berib, dardingni aytasan. Yegan og‘iz uyalar degan gap bor. Xotin hamma ishini tashlab qo‘yib, kallangni po‘saxonaga6 midib7 yotqizadi, shishgan joyingga yalang oyog‘i bilan yetti marta tepadi. Bir haftadan keyin sen ko‘rmading, men ko‘rmadim bo‘lasan.

Oshiqbola indamay otiga qamchi urdi. Meshpolvon ham xachirini oldinga qistab, sevimli qo‘shig‘ini xirgoyi qila boshladi:

Olma yedim baqalog‘idan,

Gilos

Скачать книгу

1

Keli – ichi o‘yilgan g‘o‘la, kelisop bilan urib, unda don tuyishgan.

2

Dasta – chillak o‘yini.

3

Quloqcho‘zma to‘ylarda shunday o‘yin bo‘lardi: kattalardan birovi ro‘molchaga tanga tugib, bolalarning o‘rtasiga tashlar, ro‘molchani pakkaga eltgan bola tangalarni olardi. Sheriklari yo‘lda tutib olishsa, ro‘molchani tashlamaguncha qulog‘ini cho‘zishaverardi.

4

Urshapaloq yoki mushtum-shapaloq biron bola o‘ng qo‘lida qulog‘ini to‘sib, chap kaftini qo‘ltig‘iga teskari qo‘yib turadi. Orqadagilarning biri uradi, hamma «mana, mana», deb baqiradi. Dolvoy bola urganni topsa, o‘zining o‘rniga turgizadi.

5

«Oq terakmi, ko‘k terak» o‘yini.

6

Po‘saxona – ostona.

7

Midib – yopishtirib, jipslab.