Скачать книгу

borish haqida ham shunchalik bosh qotirayotgan edim. Xatni olganimdan keyin oradan uch sekund o‘tgach, mening chinakam vazifam, hayotimning yagona maqsadi ana shu xavfli bahaybat maxluqni qidirib borish va insoniyatni undan xalos etish ekanligini tushunib yetdim.

      Ayni vaqtda men endigina og‘ir safardan qaytib, juda charchagan, dam olishim zarur edi. Vatanimga, yor-do‘stlarim huzuriga, Botanika bog‘i yonidagi kichkina uyimga, o‘zimning qimmatli va bebaho kolleksiyalarimga qaytish orzusida edim. Biroq meni hech nima to‘xtata olmadi. men hamma narsani – charchoqni, yor-do‘stlarimni ham, kolleksiyalarimni ham unutdim va hech ikkilanmay Amerika hukumatining taklifini qabul etdim.

      «Buning ustiga, – deb o‘yladim men, – hamma yo‘llar Yevropaga olib boradi, binobarin, narval ham meni Fransiya sohillariga yetaklasa ajab emas. Bu katta o‘lja Yevropa dengizlarida qo‘lga tushib qolsa bormi?! O‘shanda uning qoziq tishidan loaqal yarim metrini Parijdagi tabiiyot tarixi muzeyiga olib borardim!»

      Ammo hozircha narvalni Tinch okeanning shimoliy qismida qidirishga to‘g‘ri keldi. Bu Fransiyaga qaytish uchun butun dunyoni aylanib chiqishim kerak, degan gap.

      – Konsel! – deya qichqirdim men sabrsizlik bilan.

      Konsel mening xizmatkorim. U safar vaqtida hamisha menga hamroh. Bu flamandiyalikka ixlosim juda baland. O‘z navbatida u ham menga shunchalik ixlosmand. U tabiatan sovuqqon, beg‘amroq, xushfe’l, og‘ir-vazmin, mo‘min-ma’qul va tirishqoq; turmushda bo‘lib turadigan mayda-chuyda tasodiflarga ortiqcha e’tibor berib o‘zini diqqat qilavermaydigan, hamma ish qo‘lidan keladigan, hamisha ishga tashna odam. Ismi jismiga monand emas14. Iltimos qilishganda ham hech kimga maslahat bermaydi.

      Konsel mening kichkina uyimga kelib turadigan olimlar davrasida muttasil bo‘lganidan, talaygina narsalarni o‘rgandi, tabiiyot fani tasnifi sohasida mutaxassisga aylandi. Butun bo‘limlar, guruhlar, sinflar, sinfchalar, turkumlar, oilalar, nasllar, turlar va turchalar narvoniga akrobatlarcha chaqqonlik bilan chiqib tusha olardi. Biroq uning butun bilimi ana shuning o‘zidangina iborat edi. Turlarga bo‘lish nazariyasini yaxshi bilardi-yu, amaliy bilimdan juda uzoq edi. Nazarimda u tashqi ko‘rinishdan kitni kashalotdan ajrata olmasdi.

      Shunga qaramay u ajoyib odam!

      O‘n yil davomida Konsel butun ilmiy ekspeditsiyalarda men bilan birga bo‘ldi. Men biron marta uning safar cho‘zilib ketdi yoki charchadim deb noliganini eshitmasdim. Konsel istagan daqiqada, qaysi mamlakat bo‘lmasin – Xitoymi yoki Kongomi surishtirmay, hech narsadan cho‘chimay ketaverardi.

      Uning salomatligi juda yaxshi. Bundaylar hech qanaqa kasallikdan qo‘rqmaydilar. U mushaklari baquvvat, asablari metin bir odam edi.

      Konsel o‘ttiz yoshda edi. Uning yoshi xo‘jayinning yoshiga o‘n beshning yigirmaga nisbatiday gap. Qirq yoshimni shu qadar murakkab majoziy yo‘l bilan bildirganim uchun uzr.

      Konselning bir kamchiligi bor edi. U ashaddiy rasmiyatchi, men bilan doim uchinchi shaxsda gaplashardi. Shunday kezlarda ko‘pincha yuragim toshib ketardi.

      – Konsel! – yana chaqirdim va ayni vaqtda shosha-pisha safar hozirligini ko‘ra boshladim.

      Konselning menga haddan tashqari sodiqligiga imonim komil edi. Odatda men safarga chiqish oldidan hech qachon uning roziligini so‘rab o‘tirmas edim, ammo bu gal ekspeditsiyaning qancha cho‘zilishi ham ma’lum emas, buning ustiga bu ish xavfli edi. Kemani pista po‘chog‘iday to‘ntarib tashlashga qurbi yetadigan maxluqning izidan borish hazilakam gap emas! Dunyodagi eng og‘ir-vazmin odam ham bir o‘ylab ko‘rardi. Ammo Konsel nima derkin?

      – Konsel! – uchinchi marta chaqirdim men.

      Konsel kirib keldi.

      – Xo‘jam meni chaqirdilarmi? – so‘radi u kirgan zahoti.

      – Ha, azizim. Safar jabdug‘ini hozirla. Ikki soatdan keyin jo‘naymiz.

      – Xo‘jam shuni istasalar, tayyorman, – deb bamaylixotir javob berdi Konsel.

      – Har bir daqiqa g‘animat. Butun kerakli narsalarni – ust-bosh, ko‘ylak, paypoqlarni chamadonga sol. Siqqanicha joyla, ammo mumkin qadar tezroq bo‘l!

      – Xo‘jamning kolleksiyalari-chi? – luqma tashladi Konsel.

      – Ularni keyinga qoldiramiz. Mehmonxonada turib tursin.

      – Bug‘u-to‘ng‘izni-chi?

      – O‘zlari boqishaveradi. Aytganday, butun hayvonotxonamizni Fransiyaga jo‘natishlarini aytishim kerak.

      – Demak, biz Parijga bormayotgan ekanmizda? – deb so‘radi Konsel.

      – Nima desam bo‘ladi, – deya mujmal javob qaytardim men, – biroz aylanma yo‘l bilan borishga to‘g‘ri kelyapti shekilli…

      – Xo‘jam shuni istasalar, har qanday aylanma yo‘l bosh ustiga.

      – Albatta bu hech gap emas! Faqat yo‘l biroz olisroq bo‘ladi… Biz «Avraam Linkoln»da jo‘naymiz.

      – Xo‘jam shuni istasalar, – deya vazminlik bilan tasdiqladi Konsel.

      – Bilasanmi, og‘ayni, gap bahaybat maxluq… o‘sha, mashhur narval ustida boryapti… Biz okeanlarni undan xoli etishimiz kerak!.. «Okean tubining sirlari» ikki tomligining avtori kapitan Faragut bilan bo‘ladigan safardan bosh torta olmaydi… Bu sharafli vazifa, ammo shu bilan birga xatarli ham! Narval bizni orqasidan qayoqqa ergashtirib borishi noma’lum… Bu maxluq juda injiq bo‘lishi ham mumkin. Ammo nima bo‘lsa ham biz boramiz! Kapitanimiz – zo‘r odam.

      – Xo‘jam qayoqqa borsalar, men ham o‘sha yoqqa boraveraman-da, – dedi Konsel.

      – Yaxshilab o‘ylab ol! Sendan hech narsani yashirmoqchi emasman. Bu – borsa qaytish qiyin bo‘lgan safarlardan.

      – Xo‘jam shuni istasalar…

      Oradan chorak soat o‘tganda chamadonlar taxt qilib qo‘yilgan edi. Konsel hech narsani unutmadi. Bu ajoyib odam ko‘ylak va ust kiyimlarni ham qush va sut emizuvchilarni turlarga ajratgani kabi ko‘ngildagiday joylaydi. Yo‘lak mulozimi yukimizni mehmonxonaning chiqaverishiga olib borib qo‘ydi. Men pastki qavatdagi hamisha odamlar bilan liq to‘la idoraga tushdim va jonivorlar hamda quritilgan o‘simliklar joylashtirilgan toylarni Parijga jo‘natish lozimligini aytdim. Bug‘u-to‘ng‘izga yetadigan miqdorda kredit ochdim va qarzlarimni to‘lab, nihoyat aravaga sakrab chiqdim. Bu yerda Konsel o‘tirar edi.

      Ekipaj Brodvey bo‘yidan Yunion xiyoboniga borib, so‘ngra To‘rtinchi avenyuga qayrildi va undan Katrinstritga yetib, nihoyat O‘ttiz to‘rtinchi qirg‘oqda to‘xtadi. U yerdan parom hammamizni – odamlarni, otlar va ekipajni Bruklin-ga, Gudzon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan Nyu-York shahar chekkasiga olib o‘tdi. Bir necha minutdan so‘ng arava to‘g‘ri ikkita mo‘risidan halqa-halqa qalin tutun chiqarayotgan «Avraam Linkoln»ining ko‘chma ko‘prikchasi oldiga kelib to‘xtadi.

      Yukimiz bir zumda kemaga ortildi. Men trapdan yugurib bora turib, kapitan Faragutni qayerdan topsa bo‘ladi, deb so‘radim. Matroslardan biri meni ko‘prikkacha boshlab borib, ochiq chehrali novcha dengizchini ko‘rsatdi. U menga qo‘lini uzatdi.

      – Janob Pyer Aronaksmi? – so‘radi u.

      – Xuddi shunday, – javob berdim men. – Kapitan Faragutmisiz?

      – Shaxsan o‘zlari. Xush kelibsiz, janob professor! Kayuta sizga muntazir.

      Men ta’zim qildim va ketish oldidagi dolzarb daqiqalarda kapitanga xalaqit bermaslik uchun matrosdan ajratilgan kayutani ko‘rsatishini so‘radim.

      «Avraam Linkoln» nazarda tutilgan ekspeditsiya uchun juda mos edi.

      U tezlikni soatiga o‘n sakkiz-u o‘ndan uch milyagacha yetkaza oladigan, eng takomillashgan mashinalar bilan jihozlangan tezyurar kema edi. Sirasini aytganda, shu katta tezlik ham gigant narvalni quvishga yetarli emasdi.

      Kemaning ichki jihozlari ham uning dengizda suzish sifatlaridan qolishmas edi. Menga ajratilgan kayuta kemaning quyruq

Скачать книгу


<p>14</p>

So‘z o‘yini. «Konsel» (consiel) – fransuzcha maslahat degani.