Скачать книгу

etgan chiroq ko‘rinmas, hamma yoq zim-ziyo, faqat ikkinchi oshyonaning eng chekkasidagi bittayu-bitta darichasi osmondagi yana hilolday nogirongina miltirardi.

      Hovliga kirgach, navkarlar keksa sayyohni egardan yerga tushirib oyoq-qo‘llarini yechishdi-da, bo‘shagan belbog‘ bilan ko‘zlarini mahkam bog‘lab, qayoqqadir sudrab ketishdi.

      Keksa sayyoh xuddi boshiga gurzi tushgan odamday, karaxt bo‘lib qoldi. U na qayoqqa ketayotganini o‘ylar, na qancha yurganini bilardi. Bir mahal sharaq-shuruq ochilgan qulflar ovozidan hushiga keldi. Dimog‘iga «gup» etib kalamush hidi urdi. Uni qandaydir zax, sovuq bir yerto‘laga sudrab kirishdi. Ketma-ket eshik taraqlab yopildi-da, yana ilinayotgan qulflarning sharaq-shurug‘i eshitildi.

      Keksa sayyoh ko‘ziga bog‘langan qalin belbog‘ini yulib oldi, biroq kalamush hidi ufurgan yerto‘la shunday zim-ziyo ediki, hech narsani ko‘rolmadi. U oyoqlari qaltirab, turgan joyiga tiz cho‘kdi-yu, alam va og‘riqdan yer timdalashga tutindi.

2

      Uning asli ismi Abu Halim edi, biroq yoshlik – beboshlik deganlaridek, yoshlikdagi sho‘xliklari sabab, yor-birodarlari unga Abu Shilqim ibn Shahvoniy degan laqab qo‘yishgan edi.

      Abu Halim Buxoroi sharifda, o‘sha, hazrat Ibn Sino istiqomat qilgan Juyi Mo‘liyon24 dahasida, Buxoro hokimi Nuh ibn Mansurning suyukli tabibi Abu Faysal xonadonida tavallud topdi.

      O, bu Abu Ali ibn Sino! Ibn Sino!

      Abu Shilqim esini tanib, yoshlik tulporiga minibdiki, ko‘ksini tizginsiz bir hasad bamisoli ochko‘z kalamushday kemiradi. Bu hasad, bu raqobat qachon boshlandi – buni Abu Shilqimning o‘zi ham bilmaydi. Boshda, Ibn Sinolar xonadoni Buxoroi sharifga ko‘chib kelganida, hech kim ularni nazarga ilmagan edi. Garchi, Abu Alining otasi Abu Abdulloh amir devonida mirzalik qilsa ham, Juyi Mo‘liyon dahasining kazo-kazolari ularni «kelgindi», deb kalaka qilishardi. U mahalda Abu Shilqimning otasi Abu Faysal Buxoro hokimining bosh tabibi hisoblanar, dahada ularning qo‘yo‘sh oshyonali ko‘rkam qo‘rg‘oni va hududsiz bog‘lari bo‘lar, bu bog‘lar Juyi Mo‘liyon dahasining ko‘rkiga ko‘rk, savlatiga savlat qo‘shib turardi. Ularning bog‘lari va muazzam qasrlari oldida Abu Alilar hovlisi shohona to‘n yonidagi darvesh jandasiday g‘arib ko‘rinardi.

      U mahalda o‘n bir-o‘n ikki yoshlardagi Abu Shilqim arab zodagonlari dahasidagi madrasai kalonda tahsil olar, zarbof liboslarda yuradigan yosh mullavachcha «kelgindi» hamsoyalarining «kelgindi» o‘g‘lini nazariga ham ilmas edi. Hatto bu ozg‘in, qiyg‘ir burun «kelgindi» bola to‘g‘risida, uning aql bovar qilmas zakovati to‘g‘risida har xil mishmishlar tarqalganda ham yosh Abu Shilqim pinagini buzmadi. U paytlarda Abu Shilqim, boshida o‘smirlikning humo qushi, yoshlik gashtini surar, Juyi Mo‘liyon kazo-kazolarining erkatoy boyvachchalari bilan ulfatchilik qilar, gulgun bazmi jamshidlardan boshi chiqmas, bog‘larda yashirinib, marmar hovuzlarda cho‘milguvchi yalang‘och sanamlarni pinhona kuzatish, yorug‘, oydin kechalari esa, xilvat xiyobonlarda ularning yo‘llarini to‘sishdan qo‘li tegmas edi. Abu Ali esa… Abu Alini u gohi-gohida bozorlarda, attorchilik va baqqolchilik rastalarida, faqir kitobfurushlarning g‘arib do‘konlarida ko‘rib qolardi. Qalang‘i-qasang‘i attorlar rastasida allaqanday giyohlarni hidlab, eski kitoblarni titib yurguvchi bu xayolparast o‘spirin u paytlarda Abu Shilqimning kulgusini qistatardi, vassalom.

      U mahalda Abu Shilqim va uning do‘stlari saxiy Buxoro bozorlariga faqat bir maqsadda borishar, u ham bo‘lsa, dong‘i olamga ketgan zeb-ziynatlar rastasiga qatnaydigan malaklarning chehrayi shamslarini ko‘rib, orqalaridan gap otish edi, xolos.

      Shahriston ichida joylashgan bu hashamatli do‘konlarda nodir zeb-ziynatlar, nafis tilla sirg‘a va bilaguzuklar, sof qizil oltindan yasalgan nozik baldoqlar, shoda-shoda marjonlar, bebaho sadaflar, kimxob yostiqchalarga qadalib, oftobda ajib tovlanib turguvchi yoqut va injular, la’l va durlar, qo‘yingki, yetti iqlimning hamma ganjlari topilar edi. Bu ziynatlarni ko‘rgani Buxoro zodagonlarining erkatoy sanamlari kelishardi. Nozik oyoqchalaridagi nozik kavushchalaridan tortib, peshonalaridagi tillaqoshlarigacha dur va injular bilan bezalgan bu ofatijon sanamlar mashhur zargarlik rastasiga odatda soyabon aravalarda kelishardi. Ular ko‘k, qizil, pushtirang parda bilan to‘sil-gan aravachalaridan go‘yo rang-barang kapalaklarday lip-lip uchib chiqishar va yuzlarini harir durralari bilan to‘sishib, do‘kon tomon shoshilishar, go‘yo nodir zeb-ziynatlardan boshqa hech narsa qiziqtirmas edi ularni. Lekin Abu Shilqim va uning takasaltang birodarlari buning hammasi mug‘ambirona bir o‘yin ekanini yaxshi bilishardi. Chunki soyabon aravalardan mitti qushchalarday «par-par» uchib chiqqan bu malaklar ularning yonidan chopqillab o‘tisharkan, birlari harir durralarini to‘g‘rilagan bo‘lib, chehrayi mohlarini bir ko‘rsatib olishsa, boshqa birlari ko‘z urishtirib o‘tishar, bu ko‘z urishtirish va imo-ishoralar goho-goho Juyi Mo‘liyon bog‘larining eng xilvat burchaklarida pinhona uchrashuvlar bilan tugardi!..

      Kunlari mana shunday pinhoniy uchrashuvlar va totli bo‘salar bilan o‘tgan Abu Shilqim va uning do‘stlariga «xayolparast kelgindi»ning kitobfurushlar rastasida kitob titib, ivirsib yurishlari chindan ham kulgili tuyular, goho-goho ular Abu Alining yo‘lini to‘sib, gap qotishardi:

      – Hey, birodar! Bu iprindi ishlaringni qo‘yib, biz bilan yur! Ark yonidagi balxlik savdogarning kenja xotini alacha choponingga ko‘zi tushib, oshiq-u beqaror bo‘lib qolibdi! Istasang, kechasi guzarga chiq. Sekin olib borib qo‘yniga solib qo‘yamiz!..

      Ular shunday deb, qah-qah otib kulishar, Abu Ali esa, rangi «quv» o‘chganicha, lom-mim demay yonlaridan o‘tib ketardi.

      Bir kun tong chog‘i qaysi bir bazmdan qaytib, dong qotib uxlayotgan Abu Shilqimni kimdir tepib uyg‘otdi. Ko‘zini ochsa, tepasida padari buzrukvori, – ollo uning tuprog‘ini yumshoq qilg‘ay, – qaqqayib turibdi. Boshidagi hakimlar kiyadigan oq taqyasi bir tomonga og‘ib ketgan, ko‘zlari chaqchaygan, ko‘ksiga tushgan oppoq soqoli jonli maxluqday dir-dir titraydi!

      – Befarosat ho‘kiz! Ana, kelgindi mirzoning sen tengi farzandi davlatpanohni davolab, behisob in’omlarga sazovor bo‘ldi. Sen ho‘kiz bo‘lsang… yotibsen harom-xarish ishlardan boshing chiqmay!

      Abu Shilqim keyin bilsa, eskifurushlar rastasida kitob titib yurguvchi bu xayolparast mullavachcha tabobat ilmini shunday o‘rganibdiki, Buxoro hokimi No‘h ibn Mansurning og‘ir dardiga davo topib, uning katta ehsonlariga sazovor bo‘libdi!..

      Kim bilsin, Abu Shilqimning yuragini kalamushdek kemirgan hasad va raqobat tuyg‘usi o‘shanda, g‘azabdan soqoli dir-dir titragan padari buzrukvorining ilk tepkisini yegan kechasi tug‘ilgandir? Har qalay, xayolparast mullavachchaning tabobat bobidagi shuhrati ortgan sayin, padari buzrukvorigina emas, Abu Shilqimning ham ichi tuz ichganday achishadigan bo‘ldi.

      Sal o‘tmay, keksa Nuh ibn Mansur olamdan o‘tdi, uning kaltabin zurriyotlari bir-birlari bilan toj-u taxt talashib, ko‘hna somoniylar davlatini batamom barbod qilishdi. Faqat Buxoro va Samarqand emas, butun Movarounnahr sahronishin qoraxoniylar hukmiga bosh egdi. Kechagina sahroyilarni mazax qilib, ustlaridan kulib yurgan Buxoro zodagonlari endi serviqor turkiy beklar bilan qiz berib, qiz olishishni o‘zlari uchun ulug‘ baxt va katta sharaf, deb biladigan bo‘lishdi.

      Kunlardan bir kuni padari buzrukvori Abu Faysal Abu Shilqimni otga mindirib, sahroga olib chiqib ketdi. Ular Hurmiton25 bog‘laridan o‘tib, Afshona tomonga ravona bo‘lishdi. Ilk bahor edi. Afshona ortidagi bepoyon dasht uyur-uyur yilqiga, suruv-suruv qo‘y-qo‘zilarga to‘lib ketgan, hamma yoqda oq, qizil, jigarrang o‘tovlar do‘ppayib turar, ularning atrofida ot o‘ynatgan bo‘z bolalar, boshlariga ukki patlari qadalgan qizil qalpoqcha kiyib, sochlariga kumush ziynatlar taqib olgan qiz-kelinchaklar chopqillab yurishardi.

      Abu Faysal eng baland qirdagi eng ko‘rkam oq o‘tov oldida otdan tushdi. Ota-bolani boshiga oq qalpoq, egniga uzun oq chakmon kiyib, belini kumush kamar bilan bog‘lab olgan, uzun bo‘yli, keksa bek kutib oldi. U Abu Faysalni oq o‘tovga boshladi, Abu Shilqim esa o‘tov yonida xizmat qilib yurgan qiz-kelinchaklarni tomosha qilib, tashqarida qoldi.

      Qiz-kelinchaklarning aksari qizil guldor ko‘ylak kiygan, oyoqlarida qizil, ko‘k-sariq saxtiyon etikcha, boshlarida esa o‘sha, uchiga

Скачать книгу


<p>24</p>

Juyi Mo‘liyon – Buxoroda Ibn Sino yashagan mahalla.

<p>25</p>

Hurmiton – hozirgi Romiton.