ТОП просматриваемых книг сайта:
Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov
Читать онлайн.Название Ko‘hna dunyo
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-939-4
Автор произведения Odil Yoqubov
Издательство SHARQ
– Taqsiri olam ma’zur tutsinlar. Teginoboddan22 mushrif keldi!
– Teginoboddan?
– Shunday, taqsiri olam. Teginoboddan, ariz Abulvafo Sariqdan kelmish!
Vaziri a’zam bir zum ikkilanib turgach, Piri Bukriyga tashqariga chiqib kutib turishni buyurdi.
– Chaqir mushrifni!
Yo tavba! G‘alati hangoma! Hangoma ustioa hangoma!
Bir hafta egardan tushmay ot surib kelgan mushrif poygakka tiz cho‘kdi-da, belidagi nosqovog‘i ichidan vaziri a’zamga nos hidi ufurib turgan bir maktub olib berdi. Maktubdagi gaplar… vo darig‘! Piri Bukriy topib kelgan xabardan ham g‘alatiroq edi…
Bosh vazir bilar: bundan uch oy muqaddam Ibn Sino hazratlarini yerning tagidan bo‘lsa ham topib kelish sharti bilan uzoq Hamadonga yuborilgan ariz Abulvafo Sariq tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, G‘aznaga quruq qaytmoqda edi, bosh vazir bu xabarni bundan bir hafta muqaddam o‘z xufiyalari orqali bilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Abulvafo Sariqning elchi bo‘lib borayotganidan xabar topgan hazrat Ibn Sino Hamadonni tark etib, qayoqqadir bosh olib qochgan, uni hatto Hamadon hokimi Alouddavla ham topib berolmagan. Isfahonni zabt etib, Hamadon yaqinida lashkar tortib turgan amir Mas’ud esa bu ishda Abulvafoga yordam qilish u yoqda tursin, aksincha, qarshilik ko‘rsatgan. Xullas, Hamadondan ikki qo‘lini burniga suqib qaytgan Abulvafo Sariq, amiralmo‘mininga ko‘rinishga yuragi dov bermay, Teginobodda turib qolgan!
G‘alati dunyo ekan bu dunyo! Bundan uch-to‘rt yil muqaddam Ali G‘arib bilan bosh vazirlikni talashgan bu to‘pori Abulvafo Sariq, mana endi boshi devorga borib «taq» etib urilgandan keyin, yana Ali G‘aribga murojaat qilgan, bir parchagina maktubda uning nomiga ming marotaba hamd-u sanolar o‘qib, yo‘l-yo‘riq so‘ragan edi.
Battar bo‘lsin! Agar bu naynov arizning aqli bo‘lsa, bundan uch oy muqaddam, amiralmo‘mininning sharafli topshirig‘ini oldim, deb hovliqmasdan, yo‘lga chiqishdan oldin bosh vazirga bir og‘iz maslahat solsa bo‘lmasmidi?
O‘shanda, sulton in’om etgan arg‘umoqlar, eng dovyurak navkarlar, oliy yorliqlar, xurjun-xurjun oltinlardan mast bo‘lib, bosh vazirdan bir og‘iz yo‘l-yo‘riq so‘rama-gan bu befahm ariz endi nechun uyalmasdan undan maslahat so‘raydi? Nos hidi ufurgan xatini ko‘z yoshi bilan yuvib, nechun izhori ixlos qiladi?
Abulvafoning o‘zidan ham beso‘naqay dastxat bilan yozilgan bu maktubning birinchi qismidagi gaplar, shu o‘ylar sabab, vaziri a’zamning yuragidagi eski muzni erita olmadi. Lekin xatning ikkinchi qismi!.. Ikkinchi qismidagi gaplar… bukri topib kelgan boyagi gaplardan ham g‘alatiroq edi!..
Go‘yokim, Abulvafo Sariq, umidlari chil-chil sinib, uzoq Hamadondan Teginobodga quruq qaytib kelgan kunlari shahar bozorida o‘zini hazrat Ibn Sino deb, fuqaroni davolab yurgan bir alloma paydo bo‘lgan emish. Tabobat bobida yagona bo‘lmish bu hakimi davronni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar, uning dori-darmonlaridan davo topgan bedavo xastalar son mingta emish!..
Ariz Abulvafo Sariq bu xabarni eshitib, ul hakimi hoziqqa darhol chopar yuborgan emish. Ammo chopardan xabar topgan tabib darhol bor bisotini yig‘ishtirib, bir kechada qaygadir gumdon bo‘lgan emish!..
Burni tagidan shunday quyonni qochirib yuborgan aqli ko‘toh ariz bu bema’ni xabarni yetkazar ekan, ko‘z yoshi to‘kib, bosh vazirdan maslahat so‘ragan, maslahat orasida esa… Teginoboddan qochgan bu hakimi davron mabodo G‘azna tomon yo‘l olganmikin, degan mujmal bir gapni ham qistirib ketgan edi.
Vaziri a’zam befahm arizning bema’ni maktubini o‘qib nihoyasiga yetmagan ham ediki, to‘satdan, uning miyasida nimadir yulduzday «yarq» etib yondi-yu, o‘rnidan turib ketdi.
Bosh vazirning miyasida «yarq» etib yongan bu fikr… xatarli va g‘aroyib edi! Shunday g‘aroyib va shunday xatarli ediki, Ali G‘arib, ko‘shk bo‘sag‘asida kutib turgan mushriflar, muzofatlardan kelgan divsuvorlar23, izhori ixlos ma’nosida tashrif buyurgan savdogarlar u yoqda tursin, hatto machit va madrasa kavaklaridan o‘rmalab chiqqan shaxsiy ayg‘oqchilarini ham qabul qilmadi. Ko‘shk og‘asiga sharob keltirishni buyurib, ust-ustiga bir necha kosa may sipqardi.
Yigirma yillik qo‘lbola sharob o‘z ishini qildi. Zum o‘tmay hozirgina g‘aroyib tuyulgan g‘aroyib fikr juda tabiiy, xatarli reja esa juda dadil va mardonavor rejaga aylandi. Vaziri a’zam, zebi ziynatlardan soqit bo‘lgan xufiya go‘shani asta aylanib, ko‘ngliga kelgan bu fikr va rejalarni obdan pishirish niyatida edi, biroq shu payt eshik beruxsat ochilib, shaxsiy qushchisi ta’zim qilib kirib keldi.
– Afv etgaysiz, valine’mat!.. Xeshingiz Abul Hasanak janoblaridan elchi keldi. Kecha bolalagan ona kiyikni berar emishsiz!
– Ona kiyik?
– Ha, ona kiyikni bolasi bilan birga so‘rab keldi!
– Vo ajabo, tun yarmida ona kiyikni ne qiladi u?
– Bilmam, taqsiri olam, elchining aytishicha, oftobi olam… ovga otlanmish!
– Oftobi olam ovga otlanmish? Bir necha oydan beri vasvas bosib, oyog‘ini bazo‘r sudrab yurgan davlatpanoh ovga chiqarmish! Ajab jumboq!
Amiralmo‘minin so‘nggi yillarda yomon bir odat chiqargan, vaziri a’zam bir chetda qolib, eng maxfiy yumushlarini shu hezalak vaziri Abul Hasanak bilan maslahatlashadigan bo‘lgan. Aftidan, ov ham shunday maxfiy yumushlardan biri edi. Ali G‘arib shuni o‘ylab, tirnoqlarigacha zirqirab ketdi-yu, lekin Piri Bukriyning gapi yodiga tushib, ko‘ngli xiyol taskin topdi.
Mayli, ular ovda yurganida Ali G‘arib bu ishni o‘ylab oladi, obdan o‘ylab, obdan pishitib oladi. Shu qarorga kelgan bosh vazir Piri Bukriyni chaqirtirdi.
Yettinchi bob
Kechasi bir guruh navkarlar nogahon bostirib kirishganda o‘zini hazrat Ibn Sino deb atagan keksa sayyoh mast uyquda edi. U dod solishga ham ulgurmadi, navkarlar uning sallasini og‘ziga tiqib, qo‘l-oyoqlarini bog‘lashdi-da, egarga o‘ngarib, qasir-qusur ot surib ketishdi.
Keksa sayyoh egarda qimiz solingan meshday chayqalib borarkan, ich-ichidan kuyinib:
«Bu kuningdan beshbattar bo‘l, miyasiz tentak! – dedi o‘z-o‘ziga. – Kim senga o‘zingni hazrat Ibn Sino deb, dovruq sol, dedi, nodon? Ajalingdan besh kun burun o‘lishni tilagan bo‘lsang tilagingga yetding, mana!»
Ko‘kda, tariqday sochilgan yetti qaroqchi tagida yangi hilol yangi zarb qilingan oltin dinor parchasiday yarqirab turar, u negadir yangi tug‘ilgan chaqaloqni eslatar, chaqaloqday ojiz, chaqaloqday nogiron edi. Kechagina bahor giyohlarining o‘tkir va xushbo‘y atrini sochib esgan iliq shabada bugun tanani junjiktiruvchi sovuq shamolga aylangan, bu shamol ostida yo‘l bo‘yidagi daraxtlar – azim chinorlar, quloch yetmas oq teraklar, sadalar, arg‘uvonlar asov daryoday shovullar, go‘yo ko‘kka talpingan ulkan qora qushlarday talpinar, yulqinar edi!..
Shahar mast uyquda, ko‘chalar, rastalar, guzarlar suv quyganday jim-jit, hatto qorovullarning shaqildog‘i ham eshitilmas, guzarlardagi toshfonuslar ham o‘chgan, shahar zimiston edi!..
Qo‘l-oyoqlari chandib bog‘langan keksa sayyoh ot ustida ming azob bilan tebranib borarkan, negadir Buxoro hokimi Aliteginning mudhish zindonlari ko‘z oldiga kelib, vujudi qora terga tushdi.
«O, nodon shogird! Tentak shogird! Agar u o‘sha kuni kechasi Malikul sharobning bir piyola mayidan mast bo‘lib, noehtiyotlik bilan valdirab qo‘ymaganida, ehtimol, bu mudhish voqea ro‘y bermas edi! Shogirdning mastalast so‘zlari sabab, mana endi uning hamma o‘ylari, bir necha oydan beri tuzib kelgan barcha rejalari barbod bo‘l-di! Barbod!»
G‘aznai munavvaraning kimsasiz ko‘chalari, guzar va rastalaridan dukur-dukur ot choptirib o‘tgan navkarlar shahar o‘rtasidagi qandaydir baland qo‘rg‘on oldida egardan tushishdi. Navkarlarni qarshi
22
Teginobod – Sabuqtegin asos solgan shahar.
23
Divsuvorlar – choparlar.