Скачать книгу

      Oskar va pushti xonim: qissa

      Oskar va pushti xonim

      Daniel Daryega bag‘ishlanadi

      Xudojon!

      Mening ismim Oskar. O‘n yoshdaman. Mushugimiz, kuchugimiz va butun uyga (men, hatto oltin baliqchalarni ham qovurdim deb o‘ylayman) o‘t qo‘yishga muvaffaq bo‘ldim va senga bu haqda birinchi marta yozyapman, chunki avval maktabdagi darslarimdan ortib, xat yozishga vaqt topolmasdim.

      Darhol ogohlantiraman: yozish mashqlari meni dahshatga soladi. Buning uchun (bu haqiqatan ham sodir bo‘ldi) endi yozaman degan darajada seni hislar ezib qo‘yishi kerak. Chunki yozuv – bu marjonlar, popuklar, tabassum, bantik va shunga o‘xshash narsalar emas. Yozuv – bu faqatgina o‘ziga tortadigan uydirmalardir. Qisqasi, kattalarning mashg‘uloti.

      Buni isbotlab beraman. Xatimning boshlanishini olaylik: «Mening ismim Oskar. O‘n yoshdaman. Mushugimiz, kuchugimiz va butun uyga (men, hatto oltin baliqchalarni ham qovurdim deb o‘ylayman) o‘t qo‘yishga muvaffaq bo‘ldim va senga bu haqda birinchi marta yozyapman, chunki avval maktabdagi darslarimdan ortib, xat yozishga vaqt topolmasdim». Xuddi shunday muvaffaqiyat bilan «Menga «Tuxumbosh» deb nom qo‘yishgan, ko‘rinishim yetti yoshlar chamasi, shifoxonada yashayman, chunki saraton kasaliga chalinganman, senga bir dona so‘z bilan bo‘lsa ham murojaat qilmaganman, chunki borligingga hech ishonmayman», deb yozishim mumkin edi.

      Agar shunday yozsam, barchasi teskarisiga o‘girilardi va menga bo‘lgan qiziqishing yo‘qolib qolardi. Men uchun esa sening e’tiboring va qiziqishing hammasidan muhim.

      Ayrim masalalarda menga yordam berish uchun vaqt topolsang, yaxshi bo‘lardi.

      Hozir hammasini bir boshdan tushuntiraman.

      Shifoxona – ajoyib joy, yaxshi kayfiyatdagi kattalar juda ko‘p. Ular juda baland ovozda gapirishadi, bu yerda o‘yinchoqlar bir talay, bolalar bilan o‘ynash ishtiyoqida yonayotgan pushti kiyimdagi xolachalar, shuningdek, Bekon, Eynshteyn va Popkorn kabi do‘stlarim ham bor. Qisqasi, shifoxona – ajoyib, agar sen ham yaxshi bemor bo‘lsang.

      Lekin men endi u qadar yaxshi bemor emasman. Suyak iligi ko‘chirib o‘tkazilgandan so‘ng, o‘zimni ancha noqulay his qilyapman. Bugun ertalab shifokor Dyusseldorf meni ko‘rikdan o‘tkazayotganda o‘zimni xuddi uning ko‘nglini qoldirgandek sezdim. U qandaydir xatoga yo‘l qo‘ygandek, hech bir so‘z demay qarardi. Lekin operatsiya vaqtida harakat qildim – o‘zimni yaxshi tutdim, uxlatib qo‘yishlariga ruxsat berdim, og‘riq bo‘lsa-da, ing ramadim, har xil dorilarni itoatkorlik bilan qabul qildim. Ba’zi kunlari unga baqirib yuborgim kelardi, ehtimol, shifokor Dyusseldorf, qora qoshlarini chimirib, operatsiyamni puchga chiqargandir. Shifokorning ko‘rinishi shu qadar g‘amgin ediki, so‘zim bo‘g‘zimda qolgandi. Shifokor Dyusseldorf g‘amgin ko‘rinishi bilan o‘zini qanchalik vazmin tutishga harakat qilmasin, men o‘zimni shunchalik aybdor deb bilardim. O‘zimni xudbin bemorga, shu ma’nodaki, tibbiyotning ajoyib hodisa ekanligiga ishonishni qiyinlashtiradigan, uni shubhalar ostida qoldiradigan bemorga aylanganimni angladim.

      Shifokorlarning bu kabi fikrlari yuqumli bo‘lsa kerak. Endi bizning qavatimizda hamma: hamshiralar, amaliyotchilar, tozalovchilar menga xuddi unga o‘xshab munosabat qilishardi. Yaxshi kayfiyatda bo‘lganimda, ular g‘amgin ko‘rinardi; hazil qilsam, kulishga harakat qilishardi, negadir har qachongidan ham qattiqroq kulishar edi.

      Faqatgina Roza buvi o‘zgarmagandi. Nazarimda, buvim o‘zgarishi uchun yoshi ancha kattalik qilsa kerak. Bundan tashqari u mening buvim-ku! Ha, aytgancha, Xudojon, seni buvim bilan tanishtirmoqchi emasman; senga yozishni aynan buvim maslahat bergan; u sening yaxshi do‘sting bo‘lsa kerak. Farqli jihati shundaki, faqatgina men uni Roza buvi deb chaqiraman. Kim haqida gapirayotganimni tasavvur qilish uchun sen biroz qiynalishing kerak: bolalarga qarash uchun keluvchi pushti xalatlardagi barcha xolalar orasida u eng yoshi kattasi.

      – Roza buvi, siz necha yoshdasiz?

      – Oskar, bolajonim, sen o‘n uch belgidan iborat sonni eslab qolaman deb o‘ylayapsanmi?

      – Aldayapsiz.

      – Unday emas. Bu yerda hech kim men necha yoshda ekanligimni bilishi kerak emas, bo‘lmasa bu yerdan uchib ketaman va biz boshqa hech qachon ko‘risha olmasligimiz mumkin.

      – Nega?

      – Chunki bu yerga noqonuniy tarzda ishga joylashganman. Menday yoshi katta qarovchilar uchun yosh chegarasi belgilangan. Sening Roza buving esa allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan.

      – Sizning muddatingiz o‘tganmi?

      – Ha.

      – Qatiqqa o‘xshabmi?

      – Sekin…

      – Mayli, xuddi baliqlar kabi soqov bo‘laman.

      Roza buvining barcha sirlarini bilishim, ularning aynan menga ishonilishi tasavvur qilib bo‘lmas darajada jasurlik edi. Lekin Roza buvi to‘g‘ri qaror qabul qilgandi. Garchi hech kim, hech narsaga shubha qilmagan bo‘lsa-da, men kar va soqov bo‘laman.

      Roza buvining ko‘zlari atrofi bo‘ylab yoyilgan ajinlar shu qadar ko‘pki, ular bamisoli quyoshning nurlariga o‘xshaydi.

      Keyingi safar men yana bir sirni bilib oldim, bu orqali, Xudojon, sen uni aniq tanib olasan.

      Shifoxona bog‘ida sayr qilayotganimizda u oyog‘ini loyga botirib oldi.

      – Jin ursin!

      – Roza buvi, nega yomon so‘zlarni ishlatyapsiz?

      – Quloq sol, kichkintoy, nimani istasam, shuni gapiraman.

      – Eh, Roza buvi.

      – Qani, harakat qil. Biz sayrga chiqdik, toshbaqalar poygasiga emas!

      O‘rindiqqa o‘tirdik, shirinliklarni chiqardik. Keyin men so‘radim:

      – Nega siz bunday so‘zlarni ishlatdingiz?

      – Bu kasb kasalligi, Oskar. Agar men faqat nazokatli, chiroyli iboralarni ishlatganimda kasbim bilan ancha oldin xayrlashgan bo‘lardim.

      – Siz nima bilan shug‘ullangansiz?

      – Hech qachon ishonmaysan…

      – Qasam ichaman, ishonaman.

      – Men kurash, ketch1 bilan shug‘ullanganman, maydonda kurash tushganman.

      – Ishonmayman.

      – Gaplarim rost. Meni langedoslik bo‘g‘uvchi qiz deya atashardi.

      O‘shandan beri qachonki noxush kayfiyatda bo‘lsam, Roza buvi bizni hech kim eshitmayotganiga ishonch hosil qilardi-da, o‘zining mashhur janglari haqida gapirib berardi: langedoslik bo‘g‘uvchi qizning limuzenlik Go‘shtqiymalagich bilan jangi, qariyb yigirma yil davomida ko‘ksi xuddi yadroga o‘xshaydigan senklerlik Iblis bilan kurash olib borgani, shuningdek, jahon kubogi uchun kurashda Buxenvalda ovcharkasi laqabli Ulla-Ullaga, Roza buvi kurashni o‘rganayotganda o‘rnak olgan Temir Ort ham yenga olmagan jangchi bilan kurash olib borganlarini hikoya qilardi.

      Bu janglarning hammasini haqiqatan ham ko‘rganday bo‘lar, do‘stimni ringda tasavvur qilardim: hilpirayotgan pushti xalatda trikodagi odamxo‘rlarning boplab ta’zirini berayotgan kichkina kampir. Bularning hammasi men bilan sodir bo‘layotgandek tuyulardi. Yanada kuchimga kuch qo‘shilar, shu tariqa dushmanlarimdan o‘ch olardim.

      Xudojon, yuqoridagi barcha xotiralarga qaramay Roza buvini eslay olmayotgan bo‘lsang, «To‘xta» deyishing va iste’foga chiqishing kerak. Men aniq bayon qildim shekilli, shundaymi?

      Ishlarimga qaytaman.

      Qisqasi, operatsiyam ularni juda umidsizlantirdi. Kimyoterapiyada ham shunday bo‘lgandi. Ammo hozirgichalik emas, chunki unda miya ko‘chirib o‘tkazish uchun umid bor edi. Endi, menimcha, shifokorlar nima taklif qilishni bilishmayapti, ularga juda achinyapman. Shifokor Dyusseldorf (oyim uni qobiliyatli deb ta’riflaydi, men esa uning qoshlari me’yordan ortiq darajada ko‘p deb o‘ylayman) xo‘sh… hozir u barchaga sovg‘asi yetmagan Qorbobo kabi juda xafa ko‘rinardi.

      Bir so‘z bilan aytganda, vaziyat yomonlashdi. Men bu haqda do‘stim Bekon bilan gaplashdim. Aslida, uning haqiqiy ismi Bekon emas, balki Iv, lekin yaxshigina kuyib ketgani uchun biz uni Bekon

Скачать книгу


<p>1</p>

Professional kurashning bir turi.