ТОП просматриваемых книг сайта:
Донишманд устанинг ҳикмати. Шойим Бутаев
Читать онлайн.Название Донишманд устанинг ҳикмати
Год выпуска 0
isbn 978-9943-382-01-5
Автор произведения Шойим Бутаев
Издательство Kitobxon
USTA
Siz o‘qishni boshlagan bu ertak-qissa to‘qilmasdan burun Usta ishini tugatib, asbob-uskunalarini yig‘ishtirib xaltasiga solgan, narvonni yasab bo‘lgan edi. Odamlar bu narvonni bekam-u ko‘st deb hisoblashardi. Ammo o‘z ijodining mahsulidan Ustaning ko‘ngli to‘lmagan edi. Сhunki Usta qandaydir boshqacha, mukammalroq narsa yaratishni orzular edi.
Aslida, narvonni yaratayotganda ham shu xayolda edi…
NARVON
Usta narvonga qalb qo‘rini berdi. Uni roppa-rosa olti quloch qilib yaratdi. O‘sha kuni Usta o‘zi yashayotgan tog‘ yonbag‘ridagi qishloqchaning namxush ko‘chasidan narvonni yelkasida ko‘tarib o‘tdi.
Qishloq chetida, ulkan qoyatoshning ostida Muqaddas Chashma bor edi. Necha yuz yillardan buyon qishloq ahli, o‘tgan-ketganlar bu chashmadan suv ichib chanqovlarini qondirib kelayotganliklari va ekin-tikinlar ham shu suv bilan sug‘orib ko‘kartirilishi, ulardan yaxshigina hosil olinishi sababli chashma muqaddas sanalardi. Odamlarga foydasi tegsa, har bir narsa muqaddaslashib, e’zozlanishi azaldan ma’lum. Xullas, qishlog‘imizning ko‘rki bo‘lib, ko‘rinib tursin deb odamlar chashmaning ustiga naqshinkor ustunlar bilan ayvon ko‘tarishgan, uning tomini oq tunika bilan yopishgan edi. Bu chashmaga ham, uning ustidagi ayvonga ham, ayvon tomiga yopilgan oq tunikaga ham boshqalarning havasi kelib, og‘izlari ochilgancha tomoshalab qolishardi. Nimadir bo‘ldi-yu, tunikalardan birining bir tomoni ko‘tarilib, qiyshayib qoldi. Тomga zarari tegmasa ham ko‘zga xunuk ko‘rinar edi. Shuni tuzatib qo‘ysangizchi, deb odamlar uni Ustaga ko‘rsatishardi. Narvon bo‘lmagani uchun Usta bu ishni paysalga solib kelardi. Narvonni yasab bo‘lgan kuniyoq uni ko‘tarib o‘sha yoqqa yo‘l olgandi.
Usta ko‘tarib ketayotganida narvonning uch qulochi orqada qolgan bo‘lsa, uch qulochi oldinga chiqib turgandi. Ustaning o‘zi o‘rtada borayotgani uchun uzoqdan qaragan odamga u o‘zidan bir necha baravar kattalikdagi xasni ko‘tarib ketayotgan chumoliga o‘xshab ko‘rinardi.
Hali aytganimizdek, uzunligi olti quloch, eni yarim quloch, o‘n ikkita poyasi bo‘lgan bu narvon qoratolning quritilgan shoxidan yasalgani uchun vahimali ko‘ringani bilan pardek yengil edi. Bundan bexabar odamlar Ustaning kuchiga qoyil qolishib:
– O‘zi jikkakkina bo‘lgani bilan Ustaga kuchdan xudo bergan-da, – deya bosh chayqab qo‘yishdi.
Shu gap aytilgan mahalda Usta bir qalqib ketdi.
Ko‘z yomon-da!
Usta yelkasida ko‘tarib ketayotgan narvonni yasayotgan mahalda uning har bir poyasiga o‘zicha nom qo‘yib chiqqandi. Nega bunaqa qilganining sababini uning o‘zidan so‘rashsa ham tuzuk-quruq tushuntirib berolmasdi.
Shunaqa qilib desangiz, narvonning pastki poyasi biroz kengroq joyni egallagani, baquvvatroq hamda uzunroq bo‘lgani bois kattasi shu deb Usta unga Hasan deb nom bergan edi. Hasanni erkalab Тo‘ng‘ichvoy deb ham atadi. Ustaning shunaqa qiziq-qiziq fe’l-atvori bor edi-da. Тepaga chiqqani sayin poyalar oz-ozdan, bilinar-bilinmas qisqarib boraverar edi. Hasandan keyingi poyaga ikkinchi Hasan deb, undan keyingisiga uchinchi Hasan deb, keyingilariga ham to‘rtinchi Hasan, beshinchi Hasan deb navbati bilan Usta nom berib chiqdi.
Shundan so‘ng u tomoq qirib:
– Sizlar kattasizlar, mustahkam turmasalaringiz ukalaringiz sinib ketadi-ya, – deb qo‘ydi.
Usta bu gapni o‘zicha aytgan bo‘lsayam Hasanlar uning ma’nosiga tushunishib, eslarida olib qolishdi.
Eng kichik poya narvonning narigi uchida – tepada turar edi.
Usta unga Husan deb nom berdi.
Pastga tushgani sayin poyalar oz-ozdan, bilinar-bilinmas uzayib boraverar edi.
Husandan pastdagi poyani ikkinchi Husan, undan ham pastdagisini uchinchi Husan, yanayam pastdagilarini to‘rtinchi Husan, beshinchi Husan deb Usta navbati bilan nomlab chiqdi. Ularning orasida eng nimjoni, injiq-erkatoyi Husanning o‘zi edi. Usta uni erkalab Kenjatoy deb ham atadi.
Aytmoqchi, Hasan va Husanlar o‘rtasidagi yana ikkita poyani Usta o‘rtancha Hasan-Husan deb atagan edi. O‘rtancha Hasan-Husanlar bir-birlariga juda-juda o‘xshashar edi. Ularni bir-biridan ba’zan Ustaning o‘zi ham ajratolmay qolardi. Shunda Hasanlar tomondagisining Hasanligini, Husanlar tomondagisining Husan ekanligini bilib olardi.
O‘sha kuni Usta Muqaddas Chashma ustidagi ayvonning tomiga narvonni qo‘yib chiqdi va qiyshayib qolgan oq tunikani to‘g‘rilab, tuzatib qo‘ydi. Narvonning tepadagi poyasi Husan ham tomda edi, u bu ishni xuddi o‘zi bajargandek kerilib, dimog‘i havolandi.
Shunaqa bo‘ldi.
AYIQ ODAM
Ustaning bir qo‘shnisi bor edi. U shunaqayam yalqov ediki, oyning aksini suvda ko‘rsa bosh ko‘tarib osmonga qarashga eringani uchun taniyolmay, bu qanaqa suv jonivori bo‘ldiykin, deb o‘ylanib qolardi.
Uni Ayiq odam deyishardi.
Negaki, uni ayiq desa odamga o‘xshar, odam desa ayiqqa o‘xshardi – juda g‘alati, farqlab olish mushkul edi.
Erta ko‘klamda uning kulbasi tomidan chakka o‘ta boshladiyu, nima qilarini bilmay qoldi. Chakka tomayotgan joylarga tog‘orachalar, kosa-piyolalar qo‘yib chiqdi. Axiyri ovqat ichishga ham idish-oyoq qolmadi. Ammo bunga Ayiq odam ko‘p ham qayg‘urmadi – negaki, bu paytga kelib uning uyida ovqat degan narsaning urvog‘ini ham topib bo‘lmasdi.
«Hadеmay Osmon xolaning suvi tugab qolsa kerak, – deya o‘ylay boshladi Ayiq odam. – Shunda yomg‘ir tinadi. Picha sabr qilsam, hammasi o‘tib ketadi».
Ammo Osmon xola suvni rosa g‘amlagan edi. Sharillatib to‘kavergani bilan adog‘i ko‘rinmadi.
Bu hol Ayiq odamga katta tashvish tug‘dirdi.
U o‘yga toldi.
O‘y-xayolini nuqul serquyosh kunlar, pishiqchilik band qildi. Xayolan shig‘il mevalari daraxtlarning shoxlarini bukib yotgan bog‘larda, polizlarda kezdi. Ayiq odam, ayniqsa, tarvuzni yaxshi ko‘rardi.
U xayolida kattakon tarvuzni endi bo‘lib yeyman deb turganida qoq miyasiga xanjar kelib urilganday bo‘ldi. Endi o‘ldim, deb o‘ylagan Ayiq odam bir seskanib o‘ziga keldi.
Bilib turganingizdek, uning miyasiga xanjar kelib tushmagandi. Shirin xayollar og‘ushida ekanligida bir sovuq tomchi uy tomini teshib o‘tib Ayiq odamning boshiga tushgan, bu qilig‘i bilan:
– Ho-oy yalqov, ko‘zingni ochsang-chi, xayoling qayerlarga og‘ib ketdi, tomni tuzatishni o‘ylamaysanmi? – degandek bo‘lgan edi.
Buni Ayiq odam anglamadi.
O‘tiraverdi.
Shunda ikkinchi tomchi ham uning boshiga tushdi.
Bunisi endi gurzi bilan urgandek bo‘ldi.
Ayiq odam juda sabr-toqatli, chidamli edi, shundayam parvo qilmayotgandek pinagini buzmadi.
Uning pinak buzmaganidan tom boshidagi tomchilar hayron qolishdi. Axir, bunday choqda bir sovuq tomchi har qanday odamning boshiga tushsa ham uni tahlikaga solib qo‘yadi-da.
– Bu qoyamikan? – endi tomni teshib o‘tishga chog‘lanayotgan tomchi raqibining kimligini aniqlashtirib olmoqchi bo‘lganday yaltirab qo‘ydi.
– Yo‘g‘-e, odam bo‘lsa kerak, – dedi boshqasi.
– Agar odam bo‘lganida birinchi zarbdayoq aqlini yig‘ib, harakatga tushardi, – deyishdi tajribali tomchilar.
– Unda ayiq bo‘lsa kerak, – deb taxmin qildi yana bir tomchi.
– Ayiq bo‘lganda boshiga ikki tomchi tushgandayoq o‘ziga kelardi, – deyishdi tajribali tomchilar o‘z tajribalaridan kelib chiqishib.
– Dеmak, bu qoya ekan! – deb xulosa chiqardi tomni teshib o‘tishga chog‘lanayotgan tomchi va ortidan yana bir yuzu o‘n ikki ming tomchini ergashtirib Ayiq odamning boshini mo‘ljalga oldi.
Ketma-ket tushaversa tomchi ham toshdan og‘ir bo‘lib ketarkan. Jon shirinlik qilib Ayiq odam ari talayotgandek dodlaganicha, o‘z uyidan qochib chiqib tikka Ustaning darvozasi oldiga kelib qoldi.
Darvozani taqillatdi.
Usta chiqdi.
Qarasa,