Скачать книгу

o‘qlarni shu yoqqa uloqtiribdilar.

      Men xo‘rozning don cho‘qish o‘rniga, kermachog‘lik qilib, aylanishini tomosha qilib turib, ko‘chadagi ikkita shapkalikka ko‘zim tushib qoldi. Xayolimga cho‘ntagimdagi o‘q keldi. Hali uni bekitib ulgurmagan edim. Qarasam, o‘choqni oldida turgan ekanman, shapkaliklardan ko‘z uzmay o‘qni cho‘ntagimdan oldim-u o‘choqqa tashlab yubordim. O‘q kulga ko‘mildi-ketdi. Keyin “kelishyapti” deb ammamga xabar berdim. O‘zim yana o‘choq oldiga turvoldim. Ular uyimizga olib chiqadigan so‘qmoq boshida nimagadir yurmay turib qolishdi. Orqalaridan partkom yetib keldi. Uchovlari turvolib, o‘rischalab ancha chug‘urlashdi. Pochchamlarning ismini tilga olishdi. Qo‘llaridagi qog‘ozga bir nimalar yozishdi. Keyin biznikiga kirmay, keta boshlashdi. Men shoshib, o‘qni o‘choqdan olmoqchi bo‘ldim.

      Kosov bilan kulni titkilaganimni bilaman, xuddi kul ichida tuxum yorilganday paqillagan ovoz chiq-di-yu, chotimning orasidan vizillab bir nima o‘tib ketdi. Don cho‘qilayotgan tovuqlar tumtaraqay bo‘lib ketishdi. Xo‘roz shunday bir qo‘rqinchli ovoz chiqardiki, uni ko‘rib hayron qoldim. Xo‘rozning tojdor kallasi yo‘q, ikki oyoqda dikonglab sakrab yuribdi. Hovli yuzi qon. Qarasam shapkaliklar pusib olib, biz tomonga yugurib kelishyapti.

      Ichkariga chopqillab kirib, jon holatda, “kelishyapti”, deb baqirdim. G‘anijon amakim deraza tokchasida o‘tirgan ekanlar, lip etib sakradilar-u, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.

      Kimdir eshik tagiga keldi-yu, ichkariga kirmay buyruq qildi:

      – Ichdagilar tishga chiqig‘iz. Bulmasa, bez purudupurejeniya atam…

      Hozirgina amakim o‘zini tashlab qochgan derazada yana bittasi paydo bo‘lib, ichkariga to‘pponcha o‘qtaldi:

      – Nu, nu, bistro, bistro!

      Qo‘lida to‘pponchasi bo‘lsayam ko‘zlari ola-kula edi. Ammam Rixsi jiyanimni beshikdan bo‘shatib, ikkita jiyanimni ergashtirib tashqariga yurdilar. Deraza ko‘zida turgan to‘pponchalik lip etib ichkariga sakradi. Taxmonlarni, sandal ichlarini qaradi. Men serraygancha qotib qolgan edim. To‘pponchalik mushukka o‘xshab hammayoqni titib tashladi… U bir zumda dahliz-u, hujralarimizgacha qarab chiqdi. Bilib turibman, u o‘q otgan odamni qidirardi. U hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, “chiq” degandek yelkamga bir turtdi.

      Ammam hovli yuzidagi qonni va bir chekkada cho‘zilib yotgan xo‘rozimizni ko‘rdilar-u jon-ponlari chiqib ketdi. Partkom hech narsaga tushunmay ko‘zining paxtasi chiqib, tinimsiz u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Ammam Rixsini menga tutqazdilar-da:

      – Otayni og‘ziga sendaqa zo‘ravonlarni, – deb to‘pponchalikka tashlanib qoldilar-u. – Xo‘rozimni nima qilib qo‘yding, qirilib ketkur… Nimaga otasan, o‘qing o‘zmay o‘lsin seni… Yetimlarimmi uvoli tutsin…

      Partkom bilan yana bitta shapkalik o‘rtaga tushib, ammamni ajratib olishdi.

      Ammam ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib, ezilib-ezilib yig‘lardilar. Qo‘rqib ketishgan jiyanlarim ham ammamning etagiga yopishib, dod solishdi. Hovlimiz birpasda qiyomat-qoyim bo‘p ketdi.

      – Hov, Tursun, aylanay jiyanim, gapga quloq sol. Biz seni uyingga kirmasdan o‘tib ketayotgan edik. Shu tomondan birov o‘q otdi. Eshityapsanmi, o‘q otdi! Tepamizdan vizillab o‘tib ketdi. Shundan keyin orqaga qaytdik. Bu yoqqa chiqsak hammayoq qon, anov yoqda xo‘rozing tipirchilab o‘lolmay yotibdi, ha ishon gapimga, Tursunxon jiyan…

      Ammam jon-jahdi bilan yopishganlarida boshidagi shapkasi uchib ketgan kishi “plaxoy baba-plaxoy baba”, deb yoqalarini tuzatar, shapkasini yerdan olib, yaltiroq joyini zo‘r berib yengi bilan artar edi. Yana bittasi bo‘lsa ammamning dod-voyi bilan ishi yo‘q, hovlining u yog‘idan bu yog‘iga borib kelib, bir nimalarning mo‘ljalini olar, o‘tirar-turar, engashardi. Xuddi esi og‘ib qolgan odamga o‘xshardi. Oxiri orqasidan it quvgandek yo‘lakdan yugurib, ko‘chaga tushib ketdi. Keyin ko‘chada turganicha biz bilan bekinmachoq o‘ynayotgandek o‘tirib, oyog‘ining uchida turib bo‘ylay boshladi. Siroj tog‘am ammamga bir nimalar deb uqtirar, gaplari qulog‘imga kirmas, xayolim anovi masxarabozda edi. Men ham unga javob qilgandek bir pastlab, bir balandlab, o‘zimni goh o‘ngga, goh chapga tashlab tirjayar edim. Bir mahal u pastdan meni qo‘rqitgandek yugurgilab chiqib keldi-da, birdan qo‘limdagi kosovga yopishdi. Men bo‘lsam anovi “plaxoy baba” deyayotgani ammamga tashlanib qolsa kosov bilan boshiga tushiraman deb, mo‘ljallab turgan edim. Kosovni ikkalamiz talashib qoldik. U o‘ziga tortdi, men o‘zimga. Oxiri u zo‘r chiqdi. Kosov bilan uradi endi deb, qo‘llarim bilan boshimni pana qilgancha o‘tirib olibman. U bo‘lsa men bilan ishiyam bo‘lmadi, o‘choqning oldiga borib, kulni tita boshladi.

      – Vot, vot, – deb baqirib yubordi u birdan. Shoshib kul ichidan bir nimani qo‘liga oldi-yu, qo‘li kuyib, uni tashlab yubordi. Yerda archilib ketgan gilza yotardi. Sherigiyam shoshib borib, gilzaning ustiga cho‘nqaydi. Unisi o‘rischalab, o‘qni o‘choqning ichidan otilganini zo‘r berib tushuntirardi. Qochib qolmasin degandek mengayam qarab-qarab qo‘yardi. Sirim fosh bo‘lib qoldi. Siroj tog‘ayam bariga tushunib yetdilar. Tepamga kelib, ko‘zlarini paxtasi chiqib, to‘mtoq ko‘rsatkich barmog‘i bilan peshanamga nuqiy ketdilar:

      – Sen yot unsur, yomon bolaykansan. Men-ku mayli, o‘zimizzi odamman, o‘qing manovilarning bittasiga tekkanda bormi, a? Naq onangni uchqo‘rg‘ondan ko‘rarding. Yo‘-o‘q, bitta senmas, qaniydi shu bilan qutilib bo‘lsa, butun qishloq onasini uch qo‘rg‘ondan ko‘rardi. Ha, qishloq yer bilan bitta bo‘lardi… tekislashvorardi, bachchag‘ar, odam-podami bilan tekislashvorardi…

      Ammam angrayganicha menga qarab qoldilar. Axir ular G‘anijon amakim bilan shu bitta o‘qni qidirib tinkalari quridi-ku. Jiyanlarimni qorinlaridan bo‘lak hamma joylarini titkilab chiqishdi. Men bo‘lsam, ko‘rib-bilib turib bez bo‘lib turaverdim. Ammam judayam soddadil, ishonuvchan edilar. Do‘xtirxonada farrosh bo‘lib ishlar, oylik olsalar menga sanatardilar. Bir so‘mlik bilan uch so‘mlikni ajrata olmasdilar. Ammamning menga g‘alati qilib qarashi “hali kelib-kelib senga ishonib yurganmidim, otam” degandek yuragimni ezib yubordi. Kishi bilmas ich-etimni yer edim. Qaniydi, shu turishimda yerga kirib keta qolsam…

      – Ayda malay, konturda viyasnit itabiz, – dedi meni fosh qilgan askar yelkamga turtib. U totor abziylardan ekan. Ular meni aristondek oldilariga solib olishdi. Ammamga, jiyanlarimga “xayr, yaxshi qolinglar” degandek qarab qo‘ydim. Ammam emizikli Rixsi jiyanimni bag‘riga bosgancha, indamay ko‘zyosh to‘kardilar. Ergash bilan Yo‘ldosh bo‘lsa xuddi men o‘ynagani ketib, ular quruq qolayotgandek g‘ingshib orqamdan ergashishdi.

      – Voy o‘lay, – dedilar nihoyat ammam o‘zlariga kelib, – buni ota-onasiga men nima deyman, Siroj tog‘a?..

      – Nima derding, tavba? Shuyam gap bo‘pti-yu yot unsur deysan, ko‘rib turibsan-ku qib qo‘ygan ishini. Astag‘firullo, bunaqa ishlar paqat yot unsurlardan chiqadi! Shunday deb Siroj tog‘a ukalarimni orqaga qaytardilar, – borilar jiyanlarim, borilar, akaylar bir xuttaga borib o‘ynab kelsin…

      Jiyanlarim xuttani eshitib battar dodlashdi…

      Meni selitra va allaqanday sassiq dorilar saqlanadigan omborxonaga qamashdi. Partkom kalitni choyxonachi Isoqjon tog‘aga berarkan dedi:

      – Bu yot unsurga rahm qilib yurmang tag‘in, xo‘pmi?

      – A? Nima ishkal chiqardi bu yetimcha, firqa ukam?

      – Naq otib qo‘yayozdi bizzi…

      – Yoppiray, Tursunxonni uyida o‘qotar borakanmi, yo qudratingdan! Rahmatlik Abdumajid topshirmay ketgan ekan-da.

      – Otaman desa miltiqsizam otsa bo‘larakan. Tavba shuncha yil qon kechib… Bir Xudo saqladi-da, meni. Ajal o‘lgur bir enlik teppamdan o‘tib ketdi-ya…

      – Yo qudratingdan, – deya eshik orqasida g‘udrandi Isoqjon tog‘a, – kelib-kelib o‘zimizzi pirqani otasanmi yetimcha – yetti kulcha. Anovilarni otmaysanmi, anovilarni! Padaringga la’natlar kevolishib, naq mening choyimga tikilib qolishdi. Choyni biram kakra qilib ichishadiki, ko‘knorimi deysan… Boraqolay… ha qo‘rqma jiyan, osh-ovqating bo‘ynimga. Kechqurun bo‘lsin

Скачать книгу