Скачать книгу

tunagan joyimiz sovuq edi. Anchagacha uxlay olmadim. Tashqarida teraklar shitirlaydi. Qayerdadir, yaqin joyda daryo shovullaydi. Bir mahal qulog‘imga dilni orziqtiruvchi mungli tovush chalindi: «Haq-qu, haq-qu…» Bir zum sukunat tushdi-da, ancha olisdan yana o‘sha tovush takrorlandi: «Haq-qu, haq-qu…»

      Bola edim, go‘dak edim. Onam aka-ukalar haqida g‘alati bir cho‘pchak aytib bergan edi. Emishki, bir zamonlar ikki aka-uka yashagan ekan. Birining oti Ilhaq, ikkinchisiniki Is’hoq ekan. Ikkalasi bir-birini ko‘rarga ko‘zi yo‘q, juda noahil ekan. Ularninng ko‘nglini olaman deb, ikki o‘rtada onalari adoyi tamom bo‘pti. Shunda qodir Xudoning qahri kelibdi-yu, ikkovining ham ko‘zini ko‘r qilib, qushga aylantirib qo‘yibdi. Shundagina aka-uka bir-birini ko‘rmasa turolmasligini, bir-biriga kerak ekanligini tushunibdi. O‘shandan beri ikkalasi kechalari bo‘zlab bir-birini chaqirib chiqisharmish-u topolmas emish…

      Tashqarida hamon terak barglari shitirlaydi. Daryo shovullaydi. Mana shu shovullagan sukunat ichida dilni titratadigan iztirobli nido yangraydi: «Ilhaq! Is’-hoq!..»

      Bechora onam! O‘sha iztirobli afsonani aytayotganingda inidan mo‘ralagan qaldirg‘och bolasidek ko‘rpadan bosh chiqarib yotgan besh bolang bir-biri bilan inoq bo‘lishini shunchalik xohlaganmiding!

      …Onalar farzandlari hamisha birga bo‘lishini istaydilar. Qismat esa, ularni qanot chiqarishi bilan har yoqqa uchirib ketadi. Hayot loaqal shu masalada ham onalarga shafqat qilmaydi.

      QARZ

      Bir kuni gapdan gap chiqib, aka-ukalar oyimga hazillashdik:

      –Har oy pensiya olasiz. Shuncha pulni qayoqqa qo‘yyapsiz? Sandiqqa bosyapsizmi?

      – Sandiq qatta, bolam? – deb kuldi onam. – Qarzlarim bor. O‘shanga beraman-da.

      Akamning qovog‘i osildi:

      – Qarz? Hali birovdan qarz ham olasizmi?

      – E, senga nima, bolam! Mening ishimga aralashib nima qilasan?

      Keyin gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Bu suhbatni butunlay unutib yuborgan edim. Qaysi kuni ertalab hovlida aylanib yursam, qo‘shinimizning yetti yashar qizchasi Nilufar chiqib qoldi. Oppoq bantik taqib, atlas ko‘ylak kiyib olibdi.

      – Ha, Nilu, yasanib olibsan, mehmonga ketyapsanmi?– dedim erkalab.

      – Bugun man tug‘ildim, – dedi u qop-qora ko‘zlarini pirpiratib jilmayarkan.

      – Iya, yubilyar ekansan-da, shoshmay tur-chi, hozir…

      Uydan bir hovuch konfet olib chiqdim.

      – Mana, o‘rtoqlaring bilan ye.

      Nilufar kattalardek jiddiy bosh chayqadi:

      – Men ishkalad yemayman. Tishim tushgan. – Keyin yana o‘sha jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydi: – Bultur poshsha buvim menga tufli olib beruvdilar. Tug‘ilganimda. – Qizcha o‘ylanib qoldi. – Keyin-chi, Bahoga uch oyoqli velosiped, Baxtiga ko‘ylak…

      Qo‘limdan konfet tushib ketdi.

      IKKI AFSONA

      Gazetachining ishi bir tomondan uloqchi otga, ikkinchi tomondan omoch tortadigan otga o‘xshaydi. Uloqchi otdek manzilga yuguradi-yu, yer haydaydigan otdek har kuni omoch tortadi…

      Navbatchi edim. Xonada yolg‘iz ishlab o‘tirsam, farrosh kampir Vera xola kirdi.

      – Shu stol siznikimi? – dedi negadir qovog‘ini solib.

      – Shu.

      – Chekasizmi?

      – Chekaman.

      – Nega kulni polga tashlaysiz? Kuldoningiz bo‘lmasa, ayting, uydan obkeb beray!

      Mulzam bo‘ldim. Yo‘q, yo‘lakning devorida «Farrosh mehnatini hurmat qiling» degan yozuv ilib qo‘yilgani uchungina emas. Gap shundaki, farroshning ishi qanaqa bo‘lishini yaxshi bilaman, o‘zimning boshimdan o‘tgan.

      Oyim farrosh edi. Shundoq hovlimizning yonida pioner lageri bo‘lardi. Oyim kun chiqmasdan turib yo‘lkalarni supurardi. Biz aka-ukalar suv sepamiz. Aslida suv sepish unchalik qiyin emas. Yo‘lka chetidagi ariqchaga tushib olasiz-u alumin tog‘oracha bilan sepib tashlayverasiz. Keyin oyim bandiga uzun tayoq bog‘langan burgan supurgi bilan supurib ketaveradi. Ertalab suv muzdek bo‘lgani uchun oyog‘ingiz sovqotib «kesilib» ketadi. Ammo gap bunda ham emas. Hammasidan yomoni – tong otmasdan turish. O‘zi yarim kechagacha «ko‘cha sanqib» rosa holdan toyamiz. Endi shirin uxlab yotganda oyim sekin turtadi:

      – Bo‘la qol, o‘g‘lim, hali-zamon kun yoyilib ketadi.

      O‘zing tengi bolalar lager palatkalarida maza qilib uxlab yotganida sen suv sepib yo‘lka supurishing… Nima desam ekan… Sal alam qiladi kishiga. Shundanmi, vaqti-vaqti bilan «shaytonlik» qilaman. Goh boshim og‘rib qoladi, goh oyog‘im… Oyim negadir ko‘proq meni avaylaydi. O‘rnimga o‘zim bilan bir ko‘rpada tepishib yotadigan Abduvohid degan o‘rtog‘immi, akammi turib ketadi. Ba’zan dadamning jahli chiqadi. «Nima, buningni boshida shoxi bormi, ishlasin-da», deydi…

      Katta akam institutga kirganida beshinchimi-oltinchimi sinfda o‘qir edim. Akam student bo‘lganidan keyin oyimning kasbi unga yoqmay qoldi. Oxiri ochig‘ini aytdi:

      – Oyi, qo‘ying endi shu ishingizni…

      Oyim o‘yga toldi.

      – Nima, or qilyapsanmi? – dedi bir muddat xomush o‘tirgach. – Men o‘g‘irlik qilayotganim yo‘q-ku, bolam. Mehnatning aybi bormi?

      Dadamdan ham, akalarimdan ham sado chiqmadi.

      Nimagaligini bilmayman-u, o‘sha kuni negadir qaytadan go‘dak bolaga aylanib qolgandek bo‘ldim. Kichkintoylik paytimda onam bir yoniga ukamning beshigini qo‘yib, bir yonida meni olib yotardi.

      Qish kechalari sandalga tiqilib yotarkanman, yalinaman:

      – Oyi, cho‘pchak aytib bering.

      – Uxla, bolam, charchaganman.

      – Ayta qoli-i-ing.

      – Xo‘p, ko‘zingni yumib yotgin-da, eshit… Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda…

      Gap qayoqqa qarab ketayotganini darrov bilaman.

      – Yana obkashmi?

      – Yo‘q, oftob…

      – Uniyam aytgansiz-ku

      – Boshqasini bilmayman-da…

      – Mayli, ayta qoling.

      – Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda oftob bo‘lgan ekan.

      – Shu o‘zimizning oftobmi?

      – Ha, o‘zimizning oftob. Shunday qilib, oftob bor ekan. Lekin yer yuziga sira chiqqisi kelmas ekan. Har kuni ertalab Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida iflos narsalar ko‘p, hech ko‘rgim kelmaydi der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, yer yuzini iflos narsalardan tozalaydigan odamlar bor, der ekan. Shuning uchun kim yer yuzini tozalasa, o‘sha eng yaxshi odam bo‘larkan.

      – Siz yaxshisiz-a? Doim ko‘chalarni suparasiz-ku.

      – Quloq sol, o‘g‘lim… Oftob har kuni yana Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida yomon odamlar bor. Ularniyam ko‘rgim kelmaydi, der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, qancha ko‘p nur sochsang, yer yuzida yomon odamlar shuncha kamayadi, der ekan.

      – Oyi, akam yomon-a?

      – Nega, jinnivoy?

      – Hali yasagan qorbobomni tepib buzib tashladi-ku!

      – Yo‘q, akang yaxshi… Yomonlar boshqacha bo‘ladi.

      – Qanaqa bo‘ladi?

      – Katta bo‘lganingda tushunasan. Bo‘ldi, endi uxla.

      Yettinchi lampaning piligi pasaytirib qo‘yilgan, uy ichini tanchadan chiqqan ko‘mir hidi, lampamoy

Скачать книгу