Аннотация

Dunyo g'alati yaralgan. Million-million (balki milliardlab) odam faqat o'z qorni g'amida, shunchaki umr, kun o'tkazish uchun ne ko'ylarga tushmaydi. Ko'plar shuni ham eplolmaydi. Hudo yarlaqagan ba'zilar esa yuzlab, minglab kishilarning rizqlanishi, ijtimoiy foydali shaxs bo'lib etishuviga zamin yaratib beradi, davlatga, xalqqa xizmat qiladi. Mamlakatning iqtisodiy, ilmiy-madaniy rivojiga ulkan hissa qo'shadi. Qancha-qanchalar oddiy tumov uchun burnini tortib do'xtirma-do'xtir, dorixonama-dorixona izg'iydilar, kimlardir ming-minglab bemorlarning dardiga darmon bo'ladi. Iste'dodli olim – kimyo fanlari doktori, huquqshunoslik fanlari faxriy doktori, professor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan ixtirochi va rasionalizator, 600 dan ortiq ilmiy-ommabop maqola, 70 dan ziyod risola, darslik va qo'llanmalar muallifi, ikkita yangi fan asoschisi Ibrohimjon Asqarov jamiyatga bir necha soha bo'yicha katta naf etkazayotganlardan. Jigar sirrozi, bosh miya o'smasi, ko'krak bezi saratoni (rak), farzandsizlik va boshqa og'ir xastaliklarga chalinganlarni muvaffaqiyatli davolab kelayotgan bu tabib-shifokor, O'zbekiston xalq tabobati akademiyasi ilmiy kengashi raisining shaxsiy va ijtimoiy hayoti mashaqqatlar va ziddiyatlarga juda boy. Ushbu kitobda shular haqida hikoya qilinadi.