Аннотация

Маҳалла бу – халқимизнинг демократик туйғусини беназир тарзда ўзида намоён этадиган ноёб жамоатчилик тузилмаси. «Демократия бешиги» китоби ана шу долзарб мавзуга бағишланган.Китобнинг биринчи қисмида маҳалланинг узоқ йиллик тарихи, босиб ўтган йўли ҳақида атрофлича маълумот берилган.Асарнинг иккинчи қисмида бевосита «Фуқароларнинг ўзини ўзи бошқариш органлари тўғрисида»ги қонуннинг дастлабки матни (1993 йилги) билан биринчи таҳрирдаги (1999 йилги) матни; сўнгра биринчи таҳрирдаги (1999 йилги) матни билан иккинчи янги таҳрирдаги (2013 йилги) матни қиёсий таҳлил этилган. Шунингдек, фуқароларнинг ўзини ўзи бошқариш органлари фаолиятини янада такомиллаштиришга қаратилган норматив-ҳуқуқий ҳужжатларнинг мазмун-моҳияти атрофлича очиб берилган.Учинчи қисмда мустақиллик йилларида Тошкент шаҳрида маҳалла ҳаракатини муво­фиқлаштирувчи ўзига хос демократик орган – маҳалла маслаҳат Кенгашининг шаклланиш жараёнлари ёритилган.Тўртинчи қисм эса маҳалла ҳаётининг бадиий талқинлари масаласига бағишланган.Китоб қишлоқ фуқаролар йиғинлари раисларига, маҳалла оқсоқоллари ва фаолларига ҳамда кенг китобхонлар оммасига мўлжалланган.

Аннотация

Turon fanlar akademiyasining akademigi, jurnalist Husan Ibrohimovning ushbu kitobida ochlik muolajasi haqida ancha batafsil ma'lumot berilib, mazkur jarayon o'zlikni anglash omillaridan biri sifatida talqin qilinadi. Muallif qadimiy manbalar va bu borada dunyo miqyosida yaratilgan ilmiy-nazariy, ommabop manbalar, adabiyotlar matnini qiyosiy o'rganish asnosida ochlik bilan davolash usullari, uning asosiy tamoyillari, tartib-qoidalari hamda amaliyoti borasida jahon tajribasini o'zining boshidan kechirgan ochlanish tajribalariga tayangan holda qimmatli ma'lumotlarni taqdim etadi. Muallif Sharq va G'arb mamlakatlarida bu borada keng qo'llanib kelinayotgan muolaja usullarining nazariy va amaliy jihatlarini qiyosiy tahlil etib, o'z tajribasi bilan boyitgan holda umumlashtirgan. Ushbu risola ochlik muolajasi bilan shug'ullanuvchi kishilar uchun amaliy qo'llanma tarzida emas, balki ochlanish jarayonini chuqurroq anglashga yaqindan ko'maklashuvchi bilimlar majmui sifatida foydalanishga tavsiya etiladi.

Аннотация

Ushbu kitob Sohibqiron Amir Temur hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyatining amir Qazag'an saroyidagi xizmatidan to ulug' saltanatni barpo etishga qadar bosib o'tgan shonli yo'lida yuz bergan eng muhim voqealarni qamrab oladi. Muallif Amir Temur haqida yaratilgan ishonchli tarixiy manbalar, asarlar, esdaliklar hamda Sohibqironning ijodiga mansub bo'lgan asarlar matnini o'zaro qiyoslash asnosida Amir Temur faoliyatining 1356 yildan to 1370 yilning yoziga qadar bo'lgan davrda kechgan eng muhim voqea-hodisalar, jang tafsilotlarini bir joyga jamlab, umumlashtirilgan holda to'laqonli bir hujjatli asarni yaratgan. Shuningdek, unda Amir Temurning qalamiga mansub bo'lgan asarlar matni batafsil qiyosiy tahlil qilingan. Bundan tashqari, istiqlol yillarida Sohibqiron dahosining qayta kashf etilishi bilan bog'liq masalalar haqida ham so'z yuritiladi. Kitob keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan.