ТОП просматриваемых книг сайта:
Rivoyat va ertaklar. USMON QO‘CHQOR
Читать онлайн.Название Rivoyat va ertaklar
Год выпуска 0
isbn
Автор произведения USMON QO‘CHQOR
Издательство Yangi asr avlodi
Saksovuldan lol boqar
Echkiemar tasqara.
Yumronlar ta’zim ila
Qilar edi masxara.
Toshbaqa kosasiga
Tortib olgan boshini.
Ilonlar qochib qolar
Sudragancha loshini.
Ko‘kda to‘rg‘ay muallaq –
Izhor etar dilini.
Kim ham tushungay axir
Bu sahro bulbulini.
Qurib qolgan quduqdan
Par-r etib uchar ukki.
Cho‘lchumchuq chivirlaydi –
“Chikki-pukki, chik-pukki”…
“Qayt-qayt” deya havoni
Kesadi qirg‘iyaklar.
Unda-munda sochilib
Yotar oppoq suyaklar.
Borgan sari qo‘shinda
Mashaqqat ortar edi.
Go‘yo ulkan ajdaho
Domiga tortar edi.
Otlar tiziga qadar
Qumga cho‘kib boradi.
Hamma bundoq sahroni
Qarg‘ab, so‘kib boradi.
Ha, insonni mashaqqat
Goho jondan to‘ydirar.
Dubulg‘a-yu sovutlar
Tekkan joyin kuydirar.
Sabrning ham kosasi
Asta to‘la boshladi.
Oltinchi kun deganda
Otlar o‘la boshladi.
Tugarmikan bu azob,
O‘tarmikan bu kunlar?!
Bosib ketdi falakni
O‘laksaxo‘r quzg‘unlar.
Taskin beradi Doro
Toliqqan cherigiga.
Otdan ayrilgan jangchi
Mingashar sherigiga.
Faqat Shiroq ot uzra
Bardam borar iz olib.
Xuddi qoya ustida
Turgan burgut misoli.
Olti kun davom etdi
Inson va muhit jangi.
Nihoyat yetib keldi
Yettinchi kunning tongi.
Yana o‘sha jazira,
Yana o‘sha qum-to‘zon.
Doro so‘rar: “Sen aytgan
Ul vodiy qayda, cho‘pon?
Mana, o‘sha aytganing –
Olti kun ham o‘tdi-ku.
Muhlat tugadi, axir,
Yettinchi kun yetdi-ku?!”
“Shohim, qurol-aslaha
Og‘irlik qildi bizga.
Tez orada yetamiz
Shaksiz, manzilimizga”.
Dosh bermay bu azobga,
Hattoki to‘yib jondan,
Kimdir tashlar nayzasin,
Kim voz kechar qalqondan.
Pichanlar tugab bo‘lgan,
Qurib bitgan kuch-mador.
Na meshlarda suv bordir,
Kajavada na non bor.
Amringga shak yo‘q, Tangrim,
Tangrim, qoyil ishingga.
Qo‘shinga tegdi o‘lat
Borar-bormay peshinga.
Banda bilmas – qayda hayot
Va qayerda qazo bor.
Har jabrga bor javob,
Har zulmga jazo bor.
Qo‘ymasayding sen agar
Har bir nafsga bir qopqon,
Bu dunyoni yutardi
O‘sha nafs degan o‘pqon.
Go‘yo odam tomosha
Qilgandek chumolini,
Sen ham ko‘rib turarsan
Har bandaning holini.
Mana, buyuk shahanshoh
Hali jang qilmay turib,
Qo‘shinining yarmidan
Turibdi-ku ayrilib.
Yovga qarshi kurashar
Yurtingdagi sahro ham.
Nihoyat aldanganin
Anglab yetdi Doro ham…
Bitta boshda bir o‘lim,
Shohim, ne g‘am chekasan.
Faqat alam qiladi
O‘lib ketsang bekafan.
Oqsa-yu sarin suvlar
Qaydadir bu dunyoda,
Alam qilar sen tashna
O‘lib ketsang sahroda.
Qaylardadir bog‘-rog‘lar
Yotsa mevaga to‘lib,
Alam qilar o‘lganing
Qora nonga zor bo‘lib.
Kimdir chaman og‘ushida…
E-voh, dunyo, voh, olam.
Sen jasadlar orasida…
Alam qiladi, alam…
SHIROQNING G‘ALABASI
Ichin it tirnasa ham,
Sir boy bermasdan biroq,
Doro so‘rar: “Cho‘ponim,
Manzil yaqinmi, yiroq?”
Birdan bosdi sahroni
Bir qahqaha – telbavor:
“Yetib keldik, shahanshoh,
Shu yer – men aytgan diyor.
Qoq sahro o‘rtasiga
Men seni olib keldim.
Shundoq buyuk qo‘shindan
Bir o‘zim g‘olib keldim.
Bir o‘zim zo‘r lashkarni
Yengmoqqa bo‘ldim qodir.
Endi qayon yursang ham,
Yetti kunlik sahrodir!”
Ranosbat g‘azab bilan
Qilichini sug‘urdi.
Doro uni to‘xtatdi,
Doro oraga kirdi:
“Shiroq, mayli, Vataning
O‘zingga siylov, faqat,
Suv tomon boshla bizni,
Suvning yo‘lini ko‘rsat.
Tegmaymiz mo‘yingga ham,
Bizga yurting kerakmas.
Biror suvli quduqqa
Bizni boshlab borsang bas!
Hoy, keltiring Shiroqqa
Bo‘lsa qancha mol-dunyo!”
Bir lahzada tog‘ bo‘ldi
Dur-u marvarid, tillo.
Shiroq