Скачать книгу

nodir muallimlardan edi.

6. NIGORXONIM

Nigorxonim boshda erdan yolchimadi. Avvalo erining faqirlig‘i, boyig‘andan so‘ng bo‘lsa uning zarbulmasal bo‘larliq xasisligi bechorani ko‘b yig‘latdi. “Xotin kishining boshi uy ichining og‘ir toshi” emish.. Hozir o‘zi qirq yoshqa kirgan bo‘lsa, yigirma besh yildan beri shu mumsuk er bilan tiriklik qilib keladir. Bu kun o‘n yetti yoshliq Ra’no kabi qizg‘a, sakkiz yoshliq Mahmud (Ra’no bilan Mahmud orasida ikki bola nobud bo‘lg‘an), olti yoshliq Mansur va beshikdagi Mas’udlarga ona bo‘ldi.

Nigorxonim Qo‘qonning ko‘b xotinlarig‘a qarag‘anda sabrlik va qanoatlik ekan. Dunyoda o‘z o‘g‘lining xasisligiga chidalmagan ona bo‘ladimi, holbuki maxdumning onasi – Mohlar oyim o‘g‘lining bu qadar ixna39 va siqiqlig‘ig‘a toqat qilolmay noroziliq yuzasidan Marg‘ilondag‘i o‘g‘lining yonig‘a ko‘chib ketib, o‘sha yerda vafot etdi. Nigorxonim ersa tishni tishka qo‘ydi, erimdan yayrab-yashnamag‘an bo‘lsam, qizimdan va oldimg‘a qo‘yg‘an o‘g‘ullarimdan yolchirman, deb umidlandi. Darhaqiqat, sabrlik bu xonim hozirdanoq shu o‘z oldig‘a qo‘yg‘an bolalarining biri va to‘ng‘uchi bo‘lg‘an Ra’nosining tufaylidan bir qadar ro‘shnoliq ko‘rib boshladi va oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ ekaniga ishondi.

Bir yamoqchi yoki mardikorchi o‘z xotinini uradir, so‘kadir, tepkilaydir. Bu hol ularda aksar faqirliq avjig‘a mingan kezlarda voqi’ bo‘ladir. Agar yamoqchi kekirarlik darajada tomoqni bopta qilsa, ishi o‘ngidan kelib istiqboli birmuncha ta’minlangandek bo‘lsa, darhol vaziyat ishonmasliq ravishda o‘zgarib ketadir: gap-so‘z joyida, xotinni urish o‘rnig‘a orqasini silash, so‘kish o‘rnig‘a yalinish va arzi muhabbat. Xotin ham kechagi kaltak zarbini unutkan, kina o‘rnig‘a sadoqat; go‘yo aytarsizkim, Yusuf Zulayxolarmi deb.

Yuqori tabaqa oilalarga kirib qarasaq, munda tamoman boshqacha manzara ko‘ramiz: qorin to‘q, birar narsaga ehtiyoj yo‘q, istiqbol ta’min va lekin boyag‘i foji’a bularda kuchlirak, shuning kabi bu foji’alar muvaqqatiy40 ham emas, sababini topish ham qiyin. Yaxshi, yamoqchiku yaramas tuzulishka qarshi bo‘lg‘an kekini ko‘zi tinib xotinidan olg‘an edi. Ammo keyingilarning turmush sharoitlari yaxshi, hamma narsa o‘z orzularicha, bas, shu holda ularning uy mojarolari va bola-chaqani it kabi siqishlari nimadan?..

Shunga o‘xshash bizning maxdumning ham g‘oyasi birni ikki qilish, beshni o‘n qilish edi. Yaxshi kechinish uchun turmas, ammo ko‘paytirish uchun yashar edi. Nigorxonimni urmas va lekin urg‘andan besh battar qilib siqar edi. Ikki yuz tillodan ko‘b oqchasi (bu oqchalarni husuli41 to‘g‘risida keyin so‘z bo‘lur) va savodlik bo‘lg‘an bolalar ziyofatidan kiygan ikki sandiqcha sarposi bor edi. Oltindan sarf qilmag‘anida ham loaqal shu kiyimlardan na xotinini va na bolalarini foydalantirar va na o‘zini ihnaliqdan qutqarar edi. Buni ham qo‘yib turayliq, Nigor oyim yigirma-o‘ttuz qizni o‘qutib ulardan tushkan “ozodliq” va “panjshanbalik” pullarga ham ega bo‘lolmas, har kun deyarlik muhtarab maxdum pochchag‘a hisobini batamom topshurib turishqa majbur edi. Maxdum buning evaziga har yil bozorning eng dag‘al bo‘zidan bir par ko‘ylak lozim olib berar, yangi guppi bilan yozliq mursakni bo‘lsa, Nigor oyim besh-olti yilsiz ko‘rmas edi.

Nigor oyim qisqa bo‘yliq, pista po‘choq targ‘il ko‘zlik, zarcha tanlik, yuzidagi onda-sonda chechak o‘runlari bo‘lmag‘anda husndor bir xotin edi. O‘z bolalari bilangina emas, hatto shogirdlari bo‘lg‘an qizlar bilan ham juda yumshoq muomala qilar, ortiqcha achchig‘ilang‘an kezlarda “beting qursin” deb, qoshini chimirib olar edi. Eriga o‘xshash “ozodliq” uchun bolalarni siqmas, bil’aks “bo‘shlig‘i” uchun o‘zi maxdum tomonidan siqilar edi. Oz va ma’noliq qilib so‘zlar, xotinlar bilan muomalasini boshqa otinbibilardek yuqoridan turib qilmas, soddacha suhbatlashar edi. Xotinlar maxdum domlaning ba’zi qiliqlaridan kulishsalar ham Nigor oyimning orqasidan g‘iybat so‘zlamaslar, oldida qanday hurmatlasalar, keyinidan ham o‘shancha ehtiromlab, uning maxdumdek ziqna kishining qo‘lig‘a qaram bo‘lg‘anig‘a achinib “peshana aylanay, qol-u balo”, deyi-shar edilar.

7. RA’NO

Ism bilan jism aksar bir-birisiga muvofiq tushmaydir. Mening yosh vaqtim, ayniqsa, go‘zallik qidirg‘an mag‘rur chog‘larim edi. Oilamizdami, boshqa yerdami, baharhol xotiramda yaxshi qolmag‘an, Lola otlig‘ bir qizning chevarligi to‘g‘risida so‘z bo‘ldi. Majlis ahli menga yaqin, ya’ni ular oldida husndan bahs ochish uyat bo‘ladirg‘an kishilar edilar. Shuning uchun menga Lolaning chevarligidan ko‘ra muhimroq bo‘lg‘an “husn”i masalasida izohot so‘rashning imkoni bo‘lmadi. Lekin Lola ismining ostida bir malakni ko‘rgan – “Lolaning ismiga o‘xshash husni ham bor”, deb o‘ylag‘an edim. Shu kundan boshlab Lolani ko‘rish hajriga tushdim. Bo‘yi yetkan qizlarni ko‘ra olish bu kunlarda ham amri mahol bo‘lg‘anidek mundan o‘n yillar ilgarida yana mushkilroq, edi. Necha vaqt “hijron o‘tida yonib”, ko‘cha poylab, nihoyat, Lolani suv olish uchun ko‘za ushlab ko‘chaga chiqqan holatda uchratdim. Burnidagi buloqisidan boshqa (agar buloqi husnga qo‘shilsa) “Lola”likka arziydirgan hech gap yo‘q edi.

Yaqindag‘i bir boladan suv olg‘uchining kim ekanini so‘rag‘an edim:

– Lola opam, – dedi.

Bolaning talaffuzi menga “Mola opam” bo‘lib eshitildi. Bir necha kunlar bu qizning otini “Lola” deb qo‘yg‘anlari uchun achchig‘lanib yurdim. Chunki, afu etasiz, o‘sha kezlarda achchig‘lanishg‘a haqqim bor edi…

Ammo Ra’noning ismi – jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi. Men rassom emasman. Agar menda shu san’at bo‘lg‘anda edi, so‘z bilan biljirab o‘lturmas, shu o‘runda sizga Ra’noning rasmini tortib ko‘rsatar, qo‘yar, faqat menga Ra’no gulining suvigina ko‘proq kerak bo‘lar edi.

Solih maxdum xasis, ta’magir, harholda sajiyasi e’tibori bilan uni yaxshilar qatorig‘a qo‘yib bo‘lmaydir. Va lekin tabi’at xasis emas, tikandan gul, aridan bol yarataberadir. Shunga o‘xshash tikanlik yog‘ochdan xush islik, latif ko‘runishlik Ra’no yaratilg‘an edi.

Bizning o‘zbeklarda, ayniqsa Qo‘qong‘a maxsus bir tus, sariqqa moyil bir tus bor. Lekin bu tusni kesdirib sariq deb bo‘lmaydir. Chunki biz og‘riq kishining tusini sariq deymiz. Zarcha, za’far tuslari ham bunga dag‘alliq qiladirlar. Ta’birimiz qo‘pol tushmasa, bu go‘zal qiz, och ra’no gulining tusida yoki oq sariq tusda yaratilg‘an edi. A’zoda o‘skan tuklarga ham haligi tusning ta’siri bo‘ladir. Ra’noning sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora ko‘rinsa ham quyoshda bir oz sarg‘ish bo‘lib ko‘rinar edi. Shunga o‘xshash Ra’noning ko‘zida ham buning asari ko‘ruladir: mudavvarga42 moyilroq jodu ko‘zi kishiga qattiq qarag‘anda qoraliqdan boshqacha yana bir turluk nur sochar edi. Kipraklari ostida nafis bir surma doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi ko‘rinsa ham ko‘ndalang yotqan ikki qilich orasini nafis bir quyulib ko‘tarilish ajratib turar edi. Burni hech bir munaqqidg‘a43 berishmaslik mutanosib, har zamon uyalish tabassumiga hozir turg‘an, nafis irinlarining yuqorig‘i qismida sezilar-sezilmas tuklar ko‘kargan edi. Yuzi cho‘ziq ham emas, oy kulcha ham deb bo‘lmas, kishiga kulib qarag‘anda qizil olma ostlarida ikkita zamma ravishlik shakl hosil bo‘lar, go‘yo bizga chin ra’no guli ochilg‘an holatda ko‘rinar edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillar Ra’noning orqa, o‘ngini tutib yotar, qaddi uzunliq bilan qisqaliqning o‘rtasi, do‘nduq barmoqlarining jimjilog‘ida xina gullari, harholda bu qiz yolg‘iz Qo‘qonningg‘ina emas, umuman Farg‘onaning kuylariga qo‘shulib maxtaladirg‘an go‘zallaridan edi.

Ra’no Nigor oyimning to‘ng‘uchi, bu yil o‘n yetti yoshni to‘lduradir. Savodni otasidan o‘qub, o‘n to‘rt yoshida ibtidoiy maktab pro‘g‘ramida bo‘lg‘an barcha darslarni bitirgan, masalan: diniy qismdan

Скачать книгу

39

Ixna – sirtqi ko‘rinishiga e’tibor bermovchi.

40

Muvaqqat – vaqtincha.

41

Husul – hosil bo‘lish.

42

Mudavvar – to‘garak.

43

Munaqqid – tanqidchi.