ТОП просматриваемых книг сайта:
Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy
Читать онлайн.Название Mehrobdan chayon
Год выпуска 0
isbn 978-9943-26-778-7
Автор произведения Abdulla Qodiriy
Издательство SHARQ
4. MAXDUMNING BA’ZI XISLATLARI
Yuqoridan o‘qug‘uchig‘a bir daraja onglashilg‘an bo‘lsa kerakki, yaqin yigirma yillardan beri maxdumning kelimi shahar yoki qishloq so‘rab turg‘an bir bekcha bo‘lmasa-da, undan qiyiroq, harholda shahar madrasasida darsgo‘lik qilib, vaqfni o‘z qabzig‘a32 olg‘an bir mudarrisning tushimidan albatta ko‘b. Kelimning shu yo‘sun yaxshi bo‘lishig‘a qaramasdan uning tabi’atida harchand tirishilsa ham maxtab bo‘lmaydirg‘an xususiyatlar bor: xasislikka o‘xshag‘an holat, tama’girlik kabi odat, ichqoraliq singari harakat va amsoli…
Yosh chog‘ida otasi o‘lib, qattig‘chiliqda o‘sdi, uning ba’zi yarashmag‘an harakatlari balki o‘sha qattig‘chiliqning ruhka singib qolg‘an yomon ta’siridir. Harholda bizning mundagi vazifamiz maxdumni tahlil qilish emas, balki uning shaxsiga xiyonat va bo‘hton qilishdan saqlanib, ya’ni ortdirmay va kamsitmay o‘qug‘uchig‘a butun taqdim eta bilishdir.
Oyni etak bilan yashirib bo‘lmaydir. Maxdumning xasislikka o‘xshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmag‘an yillarda bu ishni yo‘qliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’atida birmuncha xasislik bor ekan, deymiz.
Ko‘ylak-ishtonining aksar yetti-sakkiz joyidan yamog‘i bo‘ladir. Yetti qishdan beri guppi – chopon yangilagani ma’lum emas, faqat qish kelib ketkan savin alak guppining yengi o‘zgaribkina turadir va astari yil sayin yangidan yangi yamoqlar bilan boyiydir, shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham maxdumdan beruxsat ammo, Nigor oyimning zo‘ri bilan tog‘orag‘a tushib cho‘mildi. Bu kunda bo‘lsa to‘rt yil burung‘i g‘usli33, yetti yillik tusi, turlik-turlik yamog‘i bilan sakkizinchi qish maxdum pochchasig‘a sodiqona xizmat qilish uchun bo‘g‘joma ichida o‘ziga kuch yig‘ib yotadir. Mahalla kushilari maxdumning bu choponig‘a “moltopar” deb ism berganlar, guppi kiyilib chiqilg‘an kun maxdumga sezdirmay “moltopar savdodan qaytibti… hali baquvvat, ish qilib yamoqqa charchamasang yana o‘n yillingmi, Mamarayim!” deb kulishadirlar.
Qisqasi: besh-olti qayta boshlatilib qo‘nji bir qarichg‘a kelgan aybaki34 maxsi, charmi ust-ustiga uyulib yerdan uch ellik chamasi ko‘tarilgan ikki chorak vaznlik kafsh, yoshi mahalla kishilarining ko‘blariga ma’lum bo‘lmag‘an, harchand ehtiyot qilinsa ham necha joyidan popiltirig‘i osilg‘an oqbo‘z salla mahalla kishilarining ermaklaridandir. Bulardan boshqa hayit kunlari va to‘ylardagina kiyiladirgan banoraz to‘ni, sovuq qattig‘roq bo‘lg‘anda ichidan kiyadirgan adras guppisi ham bor. Mahalla kishilari banoras to‘nni “zarurat” deb atag‘an bo‘lsalar ham, adras guppiga hali nom qo‘yg‘uncha yo‘qlar, chunki buning dunyog‘a kelganiga faqat to‘rt-besh yilgina bo‘lg‘andir.
Kezi kelganda maxdumning yozliq kiyimlarini ham bir sidra aytib ketaylik:yo‘lluq, qizil qalami bo‘zdan yaxtak, oq bo‘zdan jihak yoqaliq keng ko‘ylak (chunki tor bo‘lsa yirtiladir) va lozim (ya’ni ishton) hamda sarpoychan kiyishka yengilcha sag‘ri35 kafsh, ammo salla qishin, yozin bitta.
5. OILA VA KISHILAR BILAN MUOMALA
Maxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan o‘zi kabi tutar edi. Kiyim-kechakdagina emas, hatto oziq-ovqat to‘g‘rilarida ham uning anchagina kelishimsiz qiliqlarig‘a yo‘liqilar edi. Masalan, bir oy to‘lmasdan kir yuvishg‘a ruxsat bermas, agar Nigor oyimning bir oysiz kir yuvg‘anini ko‘rib qolsa – “kiyimni tog‘orada churutasan!” deb, g‘ovg‘a solar edi. Ikki haftasiz palovni ko‘rmaslar (ozodliq oshlari, albatta mundan mustasno), ko‘b ovqatlari ugra, tuppa, mastava, qo‘g‘urma sho‘rba bo‘lar edi.
Nigor oyimning qozoni yo‘qcha, yelcha qo‘shtni faqat palov sharofati bilangina ko‘rar edi. Lekin maxdum ba’zi narsalar bilan oshxonani yaxshig‘ina mo‘liqdirar, masalan: shalg‘am, qovoq, lavlagi. Bu to‘g‘rida xotini harchand rad qilsa ham, qoplab shalg‘am, yigirma-o’ttuzlab qovoq xarid qilishini qo‘ymas – “shalg‘am – Bibi Fotimai Zuhraning duolari barakati, qovoq bo‘lsa hazrati Yunusning mo‘jizalari”, deb bahosi arzon va lekin xosiyati ko‘b bo‘lg‘an bu mablag‘lar36 bilan oshxonani to‘ldira berar edi. Har hafta bir-ikki martaba qovoq somsa yopdirmay qolmas, ammo – “yog‘ni kam sol, qovoqning ta’mini buzadir!” deb ta’kidlashni ham unutmas edi. Uyda non yopilmag‘anidek, bozordan ham sotib olinmas, chunki, panjshanbalik non yetib, ortib yotar, hatto ba’zi vaqtlarda bozorg‘a ham chiqar edi.
Mahdumning o‘qug‘uchi bolalar bilan muomalasi juda yaxshi edi. Savog‘ini bilmagan yoki sho‘xliq qilg‘an bolalarni har qancha so‘kib, koyisa, do‘q urib, davara qilsa ham urmas, bu jihat bilan butun Qo‘qon bolalarining muhabbatlarini o‘ziga jalb etkan edi. Ammo “ozodliq” masalasida bolalardan hech kimni ham afu etmas, boy bolasig‘a “ozodliq” lozim bo‘lg‘an bo‘lsa, albatta undirishka, kambag‘al bolasidan mumkin qadar uzib olishg‘a harakat qilar; bolalar Haftiyak, Qur’on, So‘fi Olloyor va shunga o‘xshash kitob boshlasalar ozodliq majburiy, maktabdan ma’zun37 bo‘lg‘anlarning ziyofat qilib maxdumga sarupo berishlari qoidada bor bo‘lsa ham, lekin aksar bolalar bu to‘g‘rida domlani – “ana-mana” bilan aldab ketarlar, saxiyroq otalar bu marosimni ado etib “ustoz”ni rozi qilmasalar, ammo ko‘bchilik maxdumni ranjitar edilar. Panjshanbalik bo‘lsa maktabning asos haqqi va bulardan boshqa “Qulyog‘a quymoq – Ammaga bo‘g‘irsoq – Yosing‘a yupqa”38 degan gaplar ham bo‘lar edi. Bolalar har yili bir marta “bo‘ryo puli” va oyig‘a bir necha bora “supurgi puli” ham to‘lab turar edilar.
Maxdum mumkin qadar bolalarni o‘z maktabiga jalb qilishg‘a tirishar, ayniqsa boy va bek bolalarini o‘z qo‘lig‘a olish uchun har bir chorani ko‘rar edi. Masalan, boy va a’yondan birining o‘g‘li boshqa maktabda o‘qub yurgan bo‘lsa, uni bolalar vositasi bilan o‘z maktabiga chaqirar, nima o‘qug‘anini, nimalar bilganini so‘rar, bola savog‘idan yaxshi javob beralmasa “sizda ayb yo‘q, o‘g‘lim, ustozingiz biroz shundayroq odam… xo‘b, xo‘b; bizning maktablarga ham kelib yuring! Men o‘zim sizni juda do‘st tutaman-da!” der edi. Tabi’iy, bolaning shu kundan boshlab o‘z domlasidan ko‘ngli sovur, tez kunda maxdumning maktabiga kelib kirar edi. Ba’zi vaqt chet maktab bolalari bilan shunday muomalani ko‘chalarda ham qilar va o‘g‘li bo‘lg‘an boy va ashroflarga ham juda sertakalluf, xoksorona salom berib, tanimasa ham ular bilan so‘rashar, nechta o‘g‘li borlig‘ini va ularning o‘qub-o‘qumag‘anliqlarini, o‘qishg‘a ixloslarini tekshirib, o‘zining ta’limida qo‘llang‘an yengil usullarini ham birmuncha tiqillatib o‘tar edi. Tabi’iy, maxdumning bunday harakatlari ko‘pincha foydasiz bo‘lmas, maktabiga yangidan yangi shogirdlar to‘planib turar edilar.
O‘z qatoridag‘i maktabdor domlalarni aslo ko‘ralmas, ularga qarshi yuragida umrlik kek saqlar edi. Ba’zi majlislarda yo‘suni kelib qolsa – “ha, mulla falonchimi, ko‘b bolalarning umrini zoyi’ qilyapti, deb eshitaman… shogirdlaridan bir nechasi shikoyat qilishib menga kelishkan edilar… Qanday qilay, shogirdlarim o‘zimdan yetib ortsalar ham umrlari zoyi’ bo‘lmasin, dedim”, der va eshitkuchilarga sezdirmay raqibini chimchilar; kezi keldi deguncha ikkinchi maktabdor to‘g‘risida shu yo‘sun zamzama so‘zlar edi.
Maxdum bo‘ychan, olago‘sht, siyrak mo‘y, oq tan, istarasi issig‘ bir domla edi. Yoshi ellikdan oshqan, soch va soqolida birmuncha oqlar ko‘rinar edi. Kishi bilan so‘zlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab, o‘ng ko‘zini biroz qisib qarar, odat qilg‘andan bo‘lsa kerak, gap orasida “habda” degan so‘zni ko‘proq ishlatar edi. Domlaning bu “habda”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar. Harholda “habba – habhali” yoki “ha, barakalla” bo‘lsa kerak. Chunki
32
33
34
35
36
37
38