ТОП просматриваемых книг сайта:
Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov
Читать онлайн.Название Ko‘hna dunyo
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-939-4
Автор произведения Odil Yoqubov
Издательство SHARQ
– Bu sanam… faqirning joriyasi, begim.
Xatlibegimning yupqa lablariga bilinar-bilinmas kulgu yugurdi:
– Ofarin! Joriya tanlashni bilar ekansiz, mavlono!
«O, ayol zoti, ayol zoti! Zaifa deb bejiz aytmaganlar!»
Beruniy ko‘nglidagi g‘alayonni bosish uchun mo‘risimon qalpoqchasini to‘g‘rilab, boshini xam qildi. U ro‘parasida o‘tirgan bu ayol sultonning suyukli singlisi Xatlibegim ekaniga ham ishongisi kelar, ham ishongisi kelmas edi. Biroq bu o‘sha, bundan o‘n yil muqaddam Hindiston yo‘lida, to‘g‘rirog‘i, Sind viloyatidagi go‘zal bir ko‘l sohilida pinhona uchrashgan Xatlibegimning o‘zginasi edi! Yo‘q, o‘zginasi emas, unda sulton haramiga rahnamolik qilguvchi bu shaddod, o‘ktam ayol xiyla yosh, xiyla ko‘hlik edi. O‘n yil ichida o‘zini ancha oldirib qo‘yibdi. Chakka suyaklari turtib chiqqan yumaloq qoramtir yuzida, hatto upa aralash nozik bo‘yoq surtilgan yonoqlarida bilinar-bilinmas ajin nishonalari ko‘zga chalinadi, biroq surma tortilgan qiyg‘och ko‘zlarida, qattiq qisilgan yupqa lablarida o‘sha shiddat, og‘asi amiralmo‘mininga xos o‘sha sovuq bir o‘ktamlik bor. Yoki bu ifoda, qiyg‘och ko‘zlaridagi bu sovuq shu’la yasamami? Axir o‘shanda, bundan o‘n yil muqaddam, go‘zal ko‘l sohiliga tikilgan saropardada o‘tgan pinhoniy kechada hozir sovuq chaqnagan bu ko‘zlar tamom boshqacha porlagan emasmidi?..
Beruniy to‘satdan toshqinday toshib kelgan g‘alayonni bosish umidida shosha-pisha qo‘lini chiniy ko‘zaga cho‘z-di. Bir zum uning ko‘z oldiga qimmatbaho sheroziy gilamlar to‘shalgan ipak saroparda keldi. Saropardaning to‘rida, qat-qat shoyi tushakda betoqat to‘lg‘anib yotgan yarimyalang‘och sanam nigohi oldida namoyon bo‘ldi, uning issiq bo‘salari, betoqat harakatlari esiga tushib, horg‘in tanasidan o‘t chiqib ketdi. O‘sha mahallarda saroy ahli orasida bu tantiq va shaddod bekaning nomi ibrat ma’nosida tilga olinar, go‘yo u erkak yuzini ko‘rmaslikka qasam ichib, go‘shanishinlikni ixtiyor etgan, degan gaplar yurardi. Bu gaplar rostmi, yolg‘onmi – buni yolg‘iz оllo biladi va lekin bu o‘ktam, erkatoy beka o‘shanda, ko‘l sohilidagi ko‘kalamzor qirlarga tikilgan qorong‘i saroparda ichida unga – yosh tilmoch Abu Rayhon Beruniyga unutilmas go‘zal bir oqshom in’om etgan edi!..
Beruniy sharbat to‘la piyolani ta’zim bilan bekaga uzatdi, uzatarkan, uning yupqa lablarida hamon o‘sha bilinar-bilinmas kulgu alomatini ko‘rdi. «Yo rab, u ham esladi!»
– Marhamat, bekam!
– Tashakkur! – Xatlibegim piyolani olish o‘rniga qora kimxob kamzulining cho‘ntagidan og‘ir qahrabo tasbeh olib, bitta-bitta o‘girishga tutindi. Beruniy ichida bir kulib qo‘ydi: «Xayriyat, yoshlik chog‘larini eslagani kelmapti, eslagani kelganida ne qilarding, sho‘rlik Abu Rayhon?»
Xatlibegim qo‘lidagi tasbehini xontaxtaga qo‘yib, piyoladagi sharbatdan bir ho‘pladi.
– Mavlono! Men sho‘rlik sizni yo‘qlab kelishdan murodim, xabaringiz bor, ul valine’mat davlatpanoh, – iloyo umri uzoq bo‘lg‘ay! – og‘ir dardga chalinmish. Saroy to‘la alloma, malikul kalom, dovrug‘i jahon hakimlar, biroq sho‘rlik og‘am o‘z o‘tida o‘zi qovrilib yotmish! Dardiga davo, ko‘ngliga orom berguvchi na bir habibi bor, na bir tabibi. – Xatlibegim harir durrasining uchini ko‘ziga bosib, piq-piq yig‘lab yubordi. – Olam-panohning dardiga davo qidirish o‘rniga saroyda ig‘vo, fisqi fasod! Inongan tog‘lari Ali G‘arib bilan Abul Hasanak bo‘lsa martaba talashishdan boshqani bilmas. Davlatpanoh olamdan o‘tsa, – iloyo bichgan kafanlari o‘zlariga buyurg‘ay! – taxtga kim o‘ltiradi? Shundan boshqa tashvishlari yo‘q ularning! To‘ng‘ich o‘g‘il amir Mas’ud qolib, kichik o‘g‘il, aqli noraso Muhammadni taxtga ko‘tarmoq rejasini tuzadurlar!
«Hammasidan boxabar! Yer tagida ilon qimirlasa biladi bu xotin! Ammo… bu mash’um sir-asrorni aytishdan murodi ne? Bu ig‘vo, bu fisqi fasod ishlarga daxlim ne mening?»
Xatlibegim to‘satdan durrasining uchini jahl bilan yelkasiga otib, Beruniyga tik qaradi, surma tortilgan ko‘zlari allaqanday sovuq chaqnab:
– Nahot bu dardning davosi bo‘lmasa, mavlono? – deb so‘radi. – Kecha saroyda nazm ahlining sultoni janob Unsuriy bir so‘z aytmish. Hindiston tomonda, qaysi bir nahr o‘rtasidagi orolda «ne’mati ilohiy» degan g‘aroyib bir daraxt o‘sar emish. Bu daraxtning mevasini tanovul qilgan xastayi notavon tanasidagi barcha dardlaridan forig‘ bo‘lur, chol bo‘lsa qirchillama yigit, kampir bo‘lsa… yosh malakka aylanur emish. Janob Unsuriy bu so‘zni eski kitoblarda o‘z ko‘zi bilan o‘qigan emish. Siz o‘sha yurtlarda bo‘lgansiz, mavlono, ayting, maslahat bering, qaydan topsa bo‘lur bu «ne’mati ilohiy»ni?
Beruniy Xatlibegimning iltijo bilan javdiragan g‘amgin ko‘zlaridan nigohini uzib, yerga qaradi, qarashi bilan Hindistonda shaharma-shahar darbadar kezib yurgan chog‘larida keksa kohinlardan eshitgan g‘alati bir rivoyat esiga tushdi…
«Hindiston muzofotlarining birida dong‘i olamga ketgan bir podsho bo‘lgan emish. Uning go‘zal bir to‘tisi bo‘lib, poshshoyi olam unga cheksiz mehr qo‘ygan emish. Kunlardan bir kun o‘sha to‘ti qafasda turib, poshshoyi olam bilan so‘zlashar ekan, nogahon osmonda yana bir to‘ti paydo bo‘libdi-yu, ikki to‘ti so‘zlasha ketibdi. Ammo sal o‘tmay qafas ichidagi to‘ti betoqat bo‘lib qaltiray boshlabdi, so‘ng yiqilib jon taslim qilibdi. Poshshoyi olam ko‘p qayg‘u va hasrat chekib, to‘tining jasadini boqqa olib chiqib tashlabdi. To‘ti esa qafasdan qutulgan hamon uchib, daraxt shoxiga borib qo‘nibdi. Poshshoyi olam hayron bo‘lib:
– Ey qushlarning sarvari! – debdi. – Mendan ne yomonlik ko‘rdingki, suhbatimdan qochasen?
To‘ti shakarguftorlik qilib:
– Shohim, – debdi, – xizmating haqini unutmaymen. Ammo… men ham to‘tilar poshshosi edim. Taqdir meni senga giriftor qilib, qafasingga solgandan buyon tobelarim mening firoqimda motam tutmishlar. Yoniga kelgan bu to‘ti mening inimdir, inim aytdiki: «E, og‘am, poshshoyi olamdan bir necha kunga ruxsat ol, yor birodarlaring yoniga borib, ul majruhlarni hijron azobidan qutqaz, so‘ng yana qaytib kelib, valine’mating xizmatini qil». Men unga: «Poshshoyi olam so‘zimga ko‘nmaydi», dedim. Inim aytdiki: «Sen o‘zingni o‘likka sol, zero, o‘lmayin qutulmaysen!» Alqissa, men shu tadbir bilan o‘zimni xalos qildim! – To‘ti shu so‘zni aytib, inisi bilan birga uchib ketdi.
Poshshoyi olam kecha-yu kunduz yig‘ida bo‘ldi. Bu necha kundan so‘ng uning visolidan umid uzib o‘ltirgan edi, qarasa, o‘sha to‘ti qayta parvoz qilib keldi. Tumshug‘ida bir daraxt niholchasi bor edi. Poshsho nihoyatda xushvaqt bo‘lib dedi: «Ey to‘ti! Meni firoq balosiga tashlab ketgani qanday jur’at etding?»
To‘ti aytdiki: «Bir qoshiq qonimdan keching, poshshoyi olam, zerokim, ko‘p muddatdan beri xesh-u aqrabolarimdan judo bo‘lib, ko‘nglim vayron edi. Bordim, ularning diydorini ko‘rdim va mana, qaytib, dargohingizga keldim».
Poshshoyi olam to‘tini ko‘p e’zozladi. So‘ng: «Bu olib kelganing qanday nihol?» – deb so‘radi. To‘ti aytdi: «Shohim, men sizdan ketib o‘z makonimga borganimda do‘stlardan hazratimga munosib tuhfa tayyorlashlarini iltimos qildim. Ulardan biri: «Men falon orolda bir daraxt ko‘rganmen. Mevasining xosiyati shulki, agar qari yesa darhol yigit bo‘lur, xastai notavon yesa, shu zamon sihat topadur», dedi. Men: «Olamda mundan yaxshi tuhfa yo‘qdir», deb mazkur daraxtdan bir niholcha olib, dargohingizga keltirdim».
Bu so‘zdan mamnun bo‘lgan poshshoyi olam bog‘bonini chaqirib: «Bu mevasi navjuvonlik ato qilguvchi mo‘jiza daraxt niholidur, uni yaxshiroq parvarish qil!» – dedi. Bog‘bon niholni boqqa eltib o‘tqazdi, mehr bilan parvarish qildi. Nihol tez fursatda kamolga yetib, bir necha yildan so‘ng meva qildi. Ittifoqo, uning mevasidan yerga tushganini bir ilon og‘ziga olib, zahar soldi. Bundan bexabar bo‘lgan bog‘bon mevani tovoqqa qo‘yib, poshshoyi olamning oldiga keltirdi. Poshsho mevani yemoqchi bo‘ldi. Uning bir vaziri bor edi, dedi: «Shohim, sizday poshshoyi olam uchun bunday narsalarni sinab ko‘rmay tanovul qilmoq joiz emas!»
Alqissa