Скачать книгу

Payg‘ambar yoshiga bordingiz, mana!..

      – Avf etasiz, bonu, faqir o‘zi qarisa ham, ko‘ngli qarigani yo‘q. May esa…

      May men uchun ohu ko‘zli malakdur,

      Bo‘sa uning jufti, jonparvaridur.

      Ohu ko‘zlar porlar, nechun o‘pmayin,

      Oltin sharbat chorlar, nechun ichmayin

      Sanam yanglig‘… ul xasta dil oromi…

      Nargizabonu mayib kaftini yuragiga bosib asta pichirladi:

      – Boring, Ibn Sino hazratlari kutib qolmish!

      – Shoyad sizning baxtingizga bu gap rost bo‘lsa! – Malikul sharob tokchadagi shamni qo‘liga olib, turtinib-surtinib go‘shadan chiqdi.

      …Mayxona hamon boyagiday g‘ira-shira edi. Ikki sayyohdan boshqa mayxo‘rlar tarqab ketgan, faqat poygakdagi bo‘yra ustida notanish bir devona yirtiq kulohini boshiga qo‘yib, g‘ujanak bo‘lib uxlab yotardi.

      Ikki sayyohning biri, soqol-mo‘ylovlari o‘ziga xo‘p yarashgan allomanamo keksa sayyoh to‘rdagi ko‘rpachada, qo‘sh bolishga suyanganicha pinakka ketgan, uning shogirdi esa, beriroqdagi xontaxta oldida shokosaning yuzidekkina suratni Piri Bukriyga ko‘rsatib, gap uqtirib o‘tirardi.

      Malikul sharob poygakda to‘xtab, bir qo‘sh bolishga suyanib pinakka ketgan keksa sayyohga, bir shogirdining qo‘lidagi suratga ko‘z tashladi… Vo darig‘! Bu o‘sha aziz birodari Abu Rayhonning uyida ko‘rgan hazrat Ibn Sinoning surati edi! Chiroyli moshguruch soqolini ko‘ksiga bosib pinakka ketgan to‘rdagi xushsurat sayyoh esa… suratdagi Ibn Sinoning o‘zi, baayni o‘zi edi!..

      Yosh sayyoh eshikda paydo bo‘lgan Malikul sharobni ko‘rib, mastona chayqalib o‘rnidan turdi.

      – Jumlayi jahon darveshlarining piri murshidi Malikul sharob hazratlari salomat bo‘lsinlar!

      – Tashakkur, azizim! – Malikul sharob mast-alast mayxo‘rlarni sira xushlamas edi, biroq bu yosh sayyohning sarmast qiliqlari yosh bolaning erkalanishlaridan samimiy va yoqimtoy edi.

      – Kechirgaysiz, pirim! Biz faqirlar sizday pirimning shuhratini eshitib, shahri Tusdan chiqib kelgan edik. Ming afsuskim, bu yerda kamina u yoqda tursin, hakimi davron… ustod Abu Ali ibn Sino hazratlari ham o‘z hurmatiga munosib izzat-ikrom topmadilar!

      «Shahri Tus? Abu Rayhonning aytishicha, Ibn Sino hazratlari Buxoroi sharifda dunyoga kelgan edi chog‘i?».

      – Kechirgaysiz, azizim. Bu hakimi zamon hazrat Ibn Sino… shahri Tusda tavallud topganlarmi?

      – Yo‘q, taqsiri olam! Ibn Sino hazratlari Buxoroi sharifda tavallud topganlar. Ammo Buxoroi sharif ilk xonlar tasarrufiga tushibdiki, ular xizmatida bo‘lishdan bosh tortib, shaharma-shahar, elma-el darbadar kezib yuradurlar! Ammo qayerga bormasinlar, ahli mo‘min bu zoti muborakni boshlariga ko‘tarib izzatladilar. Siz G‘azna ahli esa, hakimi hoziqning qadrini bilmadingiz! – shogirdning ovozi to‘satdan qandaydir tahdid bilan yangrab ketdi-yu, keksa sayyoh cho‘chib boshini yostiqdan ko‘tardi. U bir mastona chayqalib turgan shogirdiga, bir hayratda qotib qolgan Piri Bukriyga, bir Malikul sharobga qaradi, so‘ng hamma gapga tushundi chamasi:

      – O, tentak, tentak! – dedi kuyinib. – Kamina senga necha marta aytdim, nomimni sotma, kimligimni oshkor qilma, deb! Necha marta aytdim…

      Keksa sayyohning allaqanday ichki dard bilan aytgan bu so‘zlarida, xushsurat chehrasida, serviqor nigohida kishini o‘ziga rom qiluvchi shunday zo‘r bir iqtidor bor ediki, Malikul sharob beixtiyor qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, unga ta’zim qildi.

      – Uzr, ustod. Osiy banda g‘arib kulbamga sizday tabarruk zotning qadam ranjida qilganlaridan bexabar qolibmen! Hoy, kim bor? Darhol ichkariga joy qilinglar! Darhol!

      Ikkinchi bob

      «Men senga sulton Mahmud G‘aznaviy yurishlari to‘g‘risida gapirgan edim. Biroq men Mahmud davrining boshqa bir buyuk vakili to‘g‘risida hali gapirmadim. Bu – al-Beruniydir. Cheksiz qirg‘inbarot va shafqatsizliklar davrida u hayotga chuqur razm solib, haqiqatning tagiga yetishga intilgan ulug‘ olim sifatida ajralib turadi…»

Javoharlal Neru. «Jahon tarixiga bir nazar».1-jild, 300-bet.

1

      Bir haftadan beri bezgak xuruj qilib, noxush yotgan Beruniy bir lahza ko‘zi ilingan ekan, «Ustod! Ustod!» degan muloyim ovoz qulog‘iga chalinganday bo‘lib, uyg‘onib ketdi. Bu – yosh joriya Sadafbibining ovozi edi. Vaqt xuftondan oshgan bo‘lsa kerak, tokchalardagi shamlar yoqilgan, devorlariga kitob javonlari o‘rnatilgan torgina chorburchak xona kunduzgiday yorug‘ edi. Sadafbibi, chamasi, uni uyquda deb o‘ylab, javondagi kitoblarning changini artmoqda edi.

      Egnida yo‘l-yo‘l ko‘k baxmal ko‘ylak, boshida qizil shoyi durra, oyog‘ida uchi egik ko‘k saxtiyon kavush, qiz eshitilar-eshitilmas tovushda qandaydir bir kuyni xirgoyi qilib, zavq bilan ishlar, dam javon changlarini artar, dam qizil, ko‘k, sariq jildli og‘ir kitoblardan birini olib hayrat bilan varaqlashga tutinar edi. Kitob varaqlaganda xirgoyi qilishdan to‘xtar, kulchadekkina yumaloq yuzida taajjub va hayrat aks etar, kitobni joyiga qo‘yishi bilan yana asta xirgoyisini boshlar edi.

      Har safar Sadafbibining mana shu muloyim ovozini, xirgoyisining nozik ohanglarini, ayniqsa, sal chuchuk, yoqimtoy tilda so‘zlashlarini eshitganda Beruniy g‘alati bo‘lib ketar, negadir bolalik va o‘spirinlik chog‘lari yodiga tushar, lop etib, Jayhun4 sohillari ko‘z oldiga kelardi. Bu ohang, bu qo‘shiq, bu chuchuk va yoqimtoy tilni bir eshitishni orzu qilib, sog‘inib yurganlariga necha zamonlar o‘tdi?

      Bundan bir-ikki oy muqaddam Sadafbibini Malikul sharob degan ko‘p yillik birodarining mayxonasida ko‘rib qolganida Beruniyni qizning husnidan ham burun mana shu mayin ovozi, sal chuchuk, yoqimtoy tili, ona suti bilan birga qoniga singib ketgan Xorazm lahjasida gapirishlari maftun etgan edi. Keyin surishtirsa, Sadafbibi chindan ham uning yurtidan, Gurganj bilan Qiyot5 o‘rtasidagi kichik qishloqdan ekan. Qaysi bir quljallob uni o‘sha tomonlardan olib kelib, Afshon shol bozorida sotgan ekan!.. Beruniy bu gapni eshitdi-yu, qadrdoni Malikul sharobga qattiq yopishdi.

      Sadafbibi kelguncha Beruniy bu uyda hindistonlik shogirdi Sabhu bilan birga turardi, Sabhu ham uy-ro‘zg‘or ishlarining ko‘zini biladigan, qo‘l-oyog‘i chaqqon yigit, biroq Sadafbibi ostonani hatlab o‘tgan hamon hamma narsa o‘zgardi, go‘yo bu uyga yosh joriya emas, mayini bahor oftobi mo‘raladi-yu, hamma yoq allaqanday iliq nurga cho‘milib, charaqlab ketdi!..

      Ajabo, o‘sha kundan beri allaqachon yigitlik davridan o‘tib, keksalik manziliga qadam qo‘ygan Beruniyning ko‘nglida ham bahor. U umrida faqat bir marta, o‘n olti-o‘n yetti yashar mahalida mana shunday yorug‘ kunlarni boshidan o‘tkazgan edi. Bahorday tez kelib, tez ketgan, lekin qalbida toabad so‘nmas nur qoldirgan u kunlar Rayhonabonu bilan bog‘liq edi.

      Yo‘q, Sadafbibi Rayhonabonuga o‘xshamaydi. Nasroniy dini6ga mansub mashhur Qiyot savdogarining qizi Rayhonaning ko‘zlari bahor osmoniday ko‘m-ko‘k, cho‘zinchoq yuzlari sutday oppoq, yelkasida to‘lqinday mavj urgan sochlari esa bir jom cho‘g‘day qizg‘ish edi. Sadafbibi esa qoramag‘izdan kelgan, yuzlari yum-yumaloq, qosh-ko‘zlari qop-qora. Lekin bari bir, nimasi bilandir Rayhonabonuga o‘xshab ketadi. Nimasi bilan?.. Buni Beruniyning o‘zi ham aytib berolmaydi, biroq Sadafbibini ko‘rishi bilan, uning ovozini eshitishi bilan esiga Rayhonabonu to‘shadi-yu, ko‘ngli suv ichganday yorishib ketadi… Mana, hozir ham…

      Sadafbibi, go‘yo uning tikilib qolganini sezganday, «yalt« etib qaradi, ko‘zlari javdirab, bir zum tikilib turdi, so‘ng, asta yurib, xontaxta yoniga keldi.

      – Buyurgan dorungizni olib keldim, ustod.

      Xontaxtadagi sharbat to‘la ko‘zacha yonida ipak tasma bilan bog‘langan o‘rog‘lik qog‘oz turardi.

      – Doruga kim bordi? Sabhumi?

      – Yo‘q,

Скачать книгу


<p>4</p>

Jayhun – Amudaryo.

<p>5</p>

Qiyot (Qot) – Beruniy tug‘ilgan qadimiy shahar.

<p>6</p>

Nasroniy dini – xristian dini.