Скачать книгу

aqliga xos o‘zgaruvchanlik bilan kishilar o‘zlarini har tomonga urib ko‘rar edilar. Sayohatning eng qizg‘in tarafdorlari uning ashaddiy dushmanlariga aylandilar. Ishonchsizlik to‘l-qini butun kemani – tryumlardan tortib kayutkampaniyalargacha zabt etdi. Agar kapitan Faragut nimagadir o‘jarlik bilan qattiq turib olmaganida, «Avraam Linkoln» o‘sha zahoti tumshug‘ini janub tomonga burib olgan bo‘lur edi.

      Biroq bu befoyda izlashlar to‘xtovsiz davom etaverishi mumkin emas edi. «Avraam Linkoln»ga ta’na qilish o‘rinsiz edi. Kema topshiriqni bajarish uchun nimaiki undan lozim bo‘lsa, hammasini qildi. Amerika kema komandasi hech qachon shunchalik g‘ayrat va shijoat ko‘rsatmagandi. Ekspeditsiyaning muvaffaqiyatsizligi uchun deyarli unda ayb yo‘q edi. Aftidan, qaytishdan bo‘lak chora qolmaganga o‘xshaydi…

      Kapitan Faragutga kema ekipaji tomonidan tegishli bayonot berildi. U rad etdi.

      Matroslar o‘z noroziliklarini yashirmas edilar va kemada intizom bo‘shashdi. Men kemada g‘alayon bo‘ldi, deyolmayman. Ammo kapitan Faragut uzoq davom etmagan qarshilikdan so‘ng, o‘z vaqtida Kolumb qilganiday ekipajdan uch kun sabr qilishni so‘rashdan bo‘lak iloji qolmadi. Agar shu uch kun mobaynida bahaybat maxluq topilmasa, rulni boshqaruvchi kishi shturvalni aylantiradi va «Avraam Linkoln» orqasiga qaytadi.

      Bu va’da 2-noyabrda berilgan edi. Shundan keyin komanda kayfiyati bir zumda ko‘tarilib ketdi. Odamlar yana diqqat bilan to‘lqinlarga qaray boshladilar. Durbinlar va kuzatuv trubalari yana ishga tushdi. Bu bahaybat narvalga qilinayotgan so‘nggi chaqiriq edi.

      Shu zaylda ikki kun o‘tdi. «Avraam Linkoln» sekin yurib borar edi. Mabodo narval yaqin orada bo‘lsa, degan umidda komanda uni jalb etish uchun ming xil narsa o‘ylardi.

      Kema ortidan to‘da-to‘da bo‘lib kelayotgan akulalarga parcha-parcha yog‘ tashlanar edi. Kemadagi eshkakli qayiqlar dengizning hamma tomonlarini, suv sathining har bir kvadrat metrigacha sinchkovlik bilan ko‘rib aylanishdi.

      4-noyabrning kechki paytigacha ham sir sirligicha qolaverdi.

      Keyingi kuni, 6-noyabr, peshindan keyin belgilangan muddat tugadi. Soat so‘nggi bor bong urishi bilan kapitan Faragut bergan so‘ziga binoan, kemani janubi sharqqa burishi va Tinch okeanning shimoliy qismidan chiqib ketishi kerak edi.

      Shu paytda kema shimoliy kenglikning 31- gradus 15-minuti va sharqiy uzunlikning 136- gradus 42-minutida edi. Yaponiya biz turgan joydan salkam ikki yuz milya masofada edi. Kech kira boshladi. Soat sakkizga zang urdi. Quyuq bulutlar bir haftalik oyning ingichka o‘rog‘ini o‘rab olishdi. Dengiz kemani bir maromda chayqab turar edi.

      Shu daqiqada men shtirbortda20 kema panjarasiga suyanib turardim. Konsel yonimda loqaydlik bilan oldinga tikilib turar edi. Reyga21 chiqib olgan matroslar qorong‘i cho‘kishi bilan tobora kichrayib borayotgan ufqni ko‘zdan kechirar edilar. Ofitserlar tungi durbinlarini okean sathiga qaratdilar. Ahyon-ahyonda oy nuri bulutlarni yorib chiqib, to‘lqinlarga kumushrang jilo berar, biroq shu zahotiyoq bulutlar yog‘duni o‘z qa’riga olib, yana hamma yoqqa qorong‘ilik cho‘kar edi.

      Men Konselga qaradim. Nazarimda shu davr ichida u ham birinchi marta umum hayajoni ta’siri ostida qolganday bo‘lib ko‘rindi.

      – Ha, Konsel, – so‘radim men, – ikki ming dollar ishlab olishning so‘nggi imkoniyatlaridan foydalanib qolay deyapsanmi?

      – Xo‘jamning ruxsatlari bilan u kishiga shu narsani ma’lum qilmoqchimanki, men bu mukofotni olishni xayolimga ham keltirganim yo‘q, – deya javob qaytardi Konsel, – Qo‘shma Shtatlar hukumati xuddi shuningdek yuz ming dollar mukofot va’da qilganida ham davlati kamayib qolmas edi.

      – To‘g‘ri aytasan, Konsel. U yog‘ini surishtirsang, buning o‘zi bir bema’nilik va men ham shu ekspeditsiyaga qo‘shilib, yengiltaklik qildim. Qancha vaqtlar bekor ketdi, asablar qanchalik buzildi! Bundan olti oy muqaddam Fransiyaga yetib olgan bo‘lur edik…

      – Xo‘jamning kichkina uylariga, – gapimni ilib ketdi Konsel, – uning muzeyiga. Men kolleksiyamizning topilmalarini sinflarga ajratib o‘tirgan bo‘lardim, xo‘jam keltirgan bug‘u-to‘ng‘iz zoologiya bog‘idan o‘rin olib butun Parijning qiziquvchi kishilari diqqatini o‘ziga jalb etgan bo‘lar edi!

      – Ha, xuddi shunday bo‘lar edi, Konsel. Mana endi butun bu ko‘rgiliklar yetmagandek yana bizdan kuladilar ham.

      – Shubhasiz, – bamaylixotir tasdiqladi Kon-sel. – Imonim komilki, xo‘jamdan kuladilar. Bilmadim, bu yog‘i gapirib o‘tirishga arzirmikin…

      – Gapir, gapiraver, Konsel.

      – Menimcha xo‘jamning kulgi bo‘lishlariga o‘zlari sababchi bo‘ldilar.

      – Rostdanmi?

      – Odam shunchalik katta olim bo‘la turib, tavakkalchilik qilmasligi kerak…

      Konsel o‘z maqtovini oxiriga yetkazgani ham yo‘q edi. Atrofda hukm surayotgan sokinlikni buzib jarangdor ovoz eshitildi.

      Bu Ned Lendning ovozi edi.

      Kanadalik qichqirardi:

      – Ho‘-o‘y! O‘sha narsa mana bu yerda, shamol esayotgan tomonda, qarshimizda!

      Oltinchi bob

      SHITOB BILAN

      Bu xitobni eshitgan butun ekipaj – kapitan, ofitserlar, matroslar, yungalar, hatto injener va mexaniklar o‘z mashinalarini, o‘tyoqarlar o‘txonalarini tashlab garpunchi tomon yugurishdi.

      Kapitan kemani to‘xtatishni buyurdi.

      Kecha qop-qorong‘i edi. Kanadalikning ko‘zi o‘tkirligini bilsam ham, shu zulmatda qanday qilib va nimani ko‘rdi ekan, deb o‘zimga-o‘zim savol berardim.

      Yuragim shu qadar qattiq tepa boshladiki, hatto yorilib ketishi ham hech gap emas edi.

      Biroq Ned Lend yanglishmabdi. Ko‘p o‘tmay hammamiz u qo‘li bilan ko‘rsatayotgan narsani ko‘rdik.

      «Avraam Linkoln»dan ikki kabelt uzoqlikda shtirbort tomondan dengiz ichidan yoritilganday edi. Bu oddiy fosfor yog‘dusi bo‘lishi mumkin emas. Bahaybat maxluq juda ko‘p kapitanlar o‘z hisobotlarida ko‘rsatganlariday suv ostida bir necha fut chuqurlikda turib yorqin, ayni vaqtda g‘alati bir yog‘du taratar edi. Bu yog‘duning allaqanday yorqin manbayi bo‘lishi kerak. Okeanning yoritilgan qismi– tuxum shaklida bo‘lib, uning markazida juda yorqin, chekkalariga qarab yorug‘lik kamaya borardi.

      – Bu yorug‘lik taratuvchi organizmlar to‘dasidan boshqa narsa emas! – deya xitob qildi ofitserlardan biri.

      – Yo‘q, siz yanglishyapsiz! – deb keskin e’tiroz bildirdim men. Bular tunda yog‘du sochadigan yaltiroq qurtlar va salplar bo‘lsa, hecham shu qadar yorqin nur tarata olmasdi. Bu yorug‘likning, albatta qandaydir elektr manbayi bor… Aytganday, qarang… Qarang! Surilyapti!.. Bizga qarab kelyapti!

      Kema sahnida turganlarning hammasi birdan qichqirib yubordi.

      – Ji-im! – Kapitan Faragut buyurdi. – Rul chapga! Orqaga yurilsin!

      Hamma o‘z joyiga otildi.

      Buyruq bir zumda bajarildi va «Avraam Linkoln» yarim aylana shaklida burildi.

      – Rul o‘ngga! Oldinga yurilsin! – buyurdi kapitan Faragut.

      Vint yana ishlay boshladi va kema yorqin yog‘du sochayotgan manbadan tez chekina boshladi.

      Men yanglishdim: kema chekinmoqchi bo‘ldi, ammo o‘ta g‘ayritabiiy maxluq undan ikki baravar tezroq yurib bosib kela boshladi.

      Biz nafasimizni ichimizga yutib, churq etmay, qotib turardik. Bu qo‘rquv emas, balki ajablanish belgisi edi. Hayvon hazillashganday bizni quvib yetdi. U o‘n to‘rt uzel tezlikda yurib, o‘zining elektr nurlarini yorug‘lik chiqaruvchi chang singari taratib, kemadan o‘zib ketdi. So‘ngra u uchib borayotgan ekspress lokomotivi ortidan qoldiradigan halqa-halqa tutunga o‘xshash yog‘du taratib

Скачать книгу


<p>20</p>

Shtirbort – kemaning o‘ng tomoni, chekkasi.

<p>21</p>

Rey – kema machtasining ko‘ndalang to‘sini.