Скачать книгу

gaplashib o‘tirar edik. Ittifoqo, sodir bo‘lgan qulay bir fursatdan foydalanib, men ulkan narval haqida gapirib qaysi sharoitlarda ekspeditsiyamizning muvaffaqiyat qozonishi yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yuzasidan mulohazalarimni aytdim. Ammo Ned Lend churq etmay o‘tirganini ko‘rib, uning oldiga masalani ko‘ndalang qo‘ydim:

      – Biz qidirib borayotgan bahaybat narvalning mavjudligiga qanday shubha qilishingiz mumkin? Ishonmasligingizga biror asos bormi?

      Garpunchi bir lahza menga indamay qarab turdi. Savolimga javob berishdan oldin odaticha, fikrini bir joyga to‘playotganday peshanasiga urib, ko‘zini yumib olgandan keyingina bunday dedi:

      – Balki bordir, janob Aronaks.

      – Menga qarang, Ned, sizning kasbingiz garpunchilik. O‘z davringizda yuzlab katta dengiz sutemizuvchilarini ko‘rgansiz, binobarin, kitsimon katta bir mavjudotning bo‘lishi mumkinligiga boshqalardan ko‘ra siz ko‘proq ishonishingiz kerak-ku, axir!

      – Xuddi shu masalada xato qilasiz, janob professor, – deb javob berdi Ned. – Hech narsadan xabarsiz odamga yer sharining ichki pardasida bahaybat hayvonlar bor deyilsa, ishonishi turgan gap. Ammo bu safsataga geolog sira ishonmaydi. Kit ovlovchi ham xuddi shunday. Men ozmuncha kit va nar-vallarning ketidan quvib o‘ldirmadim. Ammo ular qanchalik katta va baquvvat bo‘lmasin, na dumlari, na shoxlari bilan po‘lat qoplangan paroxodni urib teshishga kuchlari yetmaydi.

      – Ammo, Ned, narval tishi bilan paroxod bortini teshgan paytlari bo‘lgan.

      – Yog‘ochdan yasalganlarni, professor, yog‘och paroxodlarni! – e’tiroz bildirdi Ned. – Ha, yana shuni e’tirof etishim kerakki, men bunga unchalik ishonmayman. Shaxsan men bunaqasini ko‘rmaganman. Binobarin, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagunimcha kashalotlar, kitlar yoki narvallar halokat keltirishiga, «Shotlandiya» korpusidagiday teshik ochishiga ishonmayman.

      – Menga qarang, Ned…

      – Yo‘q, professor, yo‘q. Nima desangiz deng-u, ammo bu haqda gapirmang. Ehtimol, juda katta sakkizoyoq…

      – Aslo mumkin emas, Ned! Sakkizoyoq chig‘anoq bilan qoplangan, yumshoq tanli juda katta umurtqasiz jonivor. Uning bo‘yi besh yuz fut bo‘lganda ham sakkizoyoq umurtqasizligicha qoladi va binobarin, u «Shotlandiya» yoki «Avraam Linkoln» singari kemalar uchun mutlaqo xavf-sizdir. Sakkizoyoqlar kemalar uchun xavfli degan mishmishlarga chek qo‘yish payti keldi.

      – Xullas, janob tabiatshunos, – dedi Ned kinoya bilan, – ulkan narvalning mavjudligiga imoningiz komil, shundaymi?

      – Ha, Ned, bunga imonim komil va bu sira rad etib bo‘lmaydigan bir necha faktlarga asoslangan. Mening ulkan kitsimon hayvonlar borligiga, ular kitlar, kashalotlar va delfinlar singari umurtqalilar turkumiga kirishiga hamda juda baquvvat tishlari, shoxlari yoki qoziq tishlari mavjudligiga shubham yo‘q.

      – Hmm! – deya g‘o‘ldiradi garpunchi ishonqiramay boshini qimirlatib.

      – Shuni ham bilib qo‘ying, azizim, – deya davom etdim men, – agar shunday maxluq okean qa’rida – suv sathidan bir necha milya pastda yashasa uning organizmi juda baquvvat bo‘lishi kerak.

      – Nega endi? – so‘radi Ned.

      – Chunki bunday chuqurlikda g‘oyat katta suv bosimiga bardosh berib turish uchun benihoya baquvvat bo‘lishi kerak.

      – Rostdanmi? – dedi Ned ishonchsizlik bilan ko‘zini qisib.

      – Ha, xuddi shunday. Buning isboti uchun sizga ba’zi bir raqamlar keltiraman.

      – O, bu raqamlar! – dedi cho‘zib Ned. – Raqamlar bilan istagan narsani isbotlasa bo‘ladi…

      – Hamisha va istagan narsani emas, Ned. Mana quloq soling. Bir atmosfera bosimining balandligi o‘ttiz ikki futli bir suv ustuni bosimiga teng deb faraz qilaylik. Haqiqatda esa suv ustunining balandligi ancha past bo‘lishi ham mumkin, chunki dengiz suvi chuchuk suvga nisbatan zichroqdir. Shunday qilib, Ned, suvga sho‘ng‘iganingizda tanangiz dengiz sathidan necha o‘ttiz ikki futli suv ustuniga pastda bo‘lsa, har bir kvadrat santimetriga shuncha atmosfera bosim, ya’ni shuncha kilogramm og‘irlik tushadi. Demak, uch yuz yigirma fut chuqurlikda bu bosim o‘n atmosferaga, uch ming ikki yuz fut chuqurlikda yuz atmosferaga va o‘ttiz ikki ming futda, ya’ni taxminan ikki yarim milya chuqurlikda ming atmosferaga teng bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, agar siz shu chuqurlikda bo‘lsangiz, tanangizning har bir kvadrat santimetrini ming kilogramm yoki bir tonna bosim bosib turadi. Ha, aytganday, azizim, tanangiz necha kvadrat santimetrligini bilasizmi?

      – Bundan mutlaqo bexabarman.

      – Salkam o‘n yetti ming.

      – Shunchalik ko‘pmi?

      – Aslida esa atmosfera bosimi har bir kvadrat santimetrga bir kilogrammdan ortiqroq kuch bilan ta’sir etadi. U holda tanangizdagi o‘n yetti ming kvadrat santimetrli umumiy sathga o‘n yetti ming besh yuz oltmish sakkiz kilogramm kuch bilan ta’sir etadi.

      – Shuncha og‘irlik tushganini sezmaymanmi?

      – Ha, siz buni sezmaysiz. Bu katta og‘irlik sizni ezib qo‘ymasligining sababi shuki, ichingizdagi havo bu bosim bilan muvozanatlashadi. Shuning uchun siz hech narsani sezmaysiz. Ammo suvga tushguday bo‘lsangiz bu muvozanat yo‘qoladi…

      – Tushunyapman, – izohim qiziqtirayotganday so‘zimni bo‘ldi u. – Atrofimni suv o‘rab oladi, ammo tanamning ichiga kirmaydi!

      – Ha, balli, Ned. Shunday qilib, o‘ttiz ikki fut chuqurlikda o‘n yetti ming besh yuz oltmish sakkiz kilogramm bosim ostida bo‘lasiz; uch yuz yigirma futda bosim o‘n baravar oshadi, ya’ni bir yuz yetmish besh ming olti yuz sakson kilogrammga teng bo‘ladi. Uch ming ikki yuz futda u yuz baravar oshadi va bir million yetti yuz ellik olti ming sakkiz yuz kilogrammga yetadi va nihoyat o‘ttiz ikki ming futda ming baravar ko‘payadi va siz o‘n yetti million besh yuz oltmish sakkiz ming kilogrammlik bosim orasida bo‘lasiz. Boshqacha qilib aytganda, birpasda pachog‘ingiz chiqib, ulkan gidravlik bolg‘a ostidan chiqqanday, yupqa yaproqqa aylanasiz.

      – Yo tavba! – deya xitob qildi Ned.

      – Shunday qilib, azizim, agar bunday chuqurlikda uzunligi bir necha yuz metrli umurtqali hayvon yashay olsa, uning millionlab kvadrat santimetr tanasi juda ko‘p milliard kilogramm bosimga bardosh bera olishi kerak. Ana endi bu hayvonlarning shunchalik katta bosimda yashashlari uchun mushaklari qanchalik baquvvat va organizmlari qanchalik chidamli bo‘lishi kerakligini bir o‘ylab ko‘ring-a!

      – Bundan chiqdi ularning tanasi zirhli kema singari sakkiz duymli qalin temir bilan qoplangan ekan-a, – dedi kanadalik.

      – Juda to‘g‘ri, Ned. Ana endi suvda eng tez yurar poyezdlarimiz kabi tez harakat qila oladigan shunday hayvon kema bilan to‘qnashganda qanchalik zarar yetkazishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘ring.

      – Ha… rost-a… – deya bu hisoblardan dovdirab g‘o‘ldiradi kanadalik hanuz taslim bo‘lgisi kelmay.

      – Xo‘sh, sizni ishontira oldimmi?

      – Siz meni, janob professor, bir narsaga – agar shunday hayvonlar haqiqatan ham okean qa’rida yashasa, ular juda kuchli bo‘lishlari kerakligiga ishontirdingiz.

      – Oh, qanday qaysar odamsiz-a! Agar ular okean qa’rida bo‘lmasa, «Shotlandiya» bilan bo‘lgan voqeaga nima deysiz?

      – Ehtimol,.. – dedi ishonqiramay Ned.

      – Ha, gapira qoling!

      – Ehtimol… bunday voqea bo‘lmagandir! – to‘ng‘illadi kanadalik.

      Biroq bu javob garpunchining qaysarligidan dalolat berardi, xolos. O‘sha kuni men uni ishontirishga boshqa harakat qilmadim. «Shotlandiya» bilan shunday voqea bo‘lgani aniq edi. Kema chinakamiga teshilgan edi. Hatto tuzatib olishga to‘g‘ri keldi. O‘ylaymanki, shunday maxluqning mavjudligiga bundan ortiq dalil axtarishning hojati bo‘lmasa kerak. Bu teshik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagani ham aniq. Ikkinchi tomondan esa kemaning suv ostidagi tosh yoki qoyaga borib urilgani to‘g‘risida so‘z

Скачать книгу