Скачать книгу

temir qafasda

      O‘ltirar u qurolsoz.

      Shirakayf bir olifta yigit bu qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi. Bu oliftaning puli judayam ko‘p, pulidan ham yuzidagi sepkillari ko‘p bo‘lib, uning badavlat bir xolasi yaqinda olamdan o‘tgan edi. Xolasining shu oliftadan boshqa bironta ham qarindoshi bo‘lmagani uchun, uning butun boyligiga shu yigit merosxo‘r bo‘lgan edi. Mana shuning uchun ham u xalq ommasining boylarga qarshi bosh ko‘targanidan norozi edi, albatta.

      Hayvonot bog‘ida katta tomosha ko‘rsatilayotgan edi. Taxtalardan yasalgan sahnada yunglari hurpaygan uchta beso‘naqay maymun Uch Baqaloq hukmdorga taqlid qilib o‘yin tushardi. Foksterer3 mandolina chalardi. Yelkasiga oltinrang quyosh, qorniga zarrin oy tasviri tikilgan to‘q-qizil kiyim kiygan masxaraboz musiqaga jo‘r bo‘lib she’r o‘qirdi:

      Bamisoli uch niq bug‘doy qop –

      Ag‘darildi uchta Baqaloq!

      Ular uchun qorindan o‘zga

      Muhim tashvish ko‘rinmas ko‘zga!

      Xushyor bo‘ling, Baqaloqlar, siz,

      Ko‘p taltaymang, bitdi kuningiz!

      – Bitdi, bitdi kuningiz! – deb chug‘urlab yuborishdi birdan chor atrofda qo‘nib turgan soqoldor to‘tiqushlar.

      Shiddatli shovqin-suron ko‘tarildi. Har xil qafaslarda yotgan turli-tuman hayvonlar butun hayvonot bog‘ini boshlariga ko‘tarib, vovullay, irillay, bo‘kira, chiyillay boshladilar.

      Sahnadagi maymunlar betoqat bo‘lishib o‘zlarini har yoqqa ura boshladilar. Ularning qo‘llari qayerda-yu, oyoqlari qayerda – bilib bo‘lmasdi. Keyin ular tomoshabinlar orasiga sakrab tushib, tiraqaylab qocha boshladilar. Olomon orasida ham g‘avg‘o ko‘tarildi. Hammadan ham, xo‘ppa semiz baqaloq odamlar ko‘proq shang‘illashardi. Yuzlari lavlagidek qizarib ketgan bu semiz odamlar g‘azabdan butun vujudlari qaqshab, shlyapalarini, qo‘llaridagi durbinlarini masxarabozga ota boshladilar. Bir semiz xonim soyabonini silkigan edi, yonida turgan boshqa bir baqaloq xotinga tegib ketib, uning boshidan shlyapasini uchirib yubordi.

      – Voy, voy, voy! – deb chiyilladi qo‘shni ayol qo‘llarini boshiga ko‘targancha, chunki uning boshidan shlyapasi bilan birga parigi ham uchib ketgan edi.

      Buning ustiga-ustak, qochib ketgan maymun ham xonimning kal boshiga shapatilab o‘tgan edi, xonim hushidan ketib yiqilib tushdi.

      – Ha-ha-ha!

      – Ha-ha-ha! – deb qotib-qotib kula boshladi olomonning bir qismi – ancha ozg‘inroq va soddaroq kiyingan odamlar. – Qoyil! Yashavor! Bopla ularni! Yo‘qolsin Uch Baqaloq! Yashasin Prospero! Yashasin Tibul! Yashasin xalq!

      Shu mahal kimningdir:

      – Yong‘in! Shaharga o‘t ketdi… – deya baqirgan ovozi baralla eshitildi.

      Odamlar bir-birlarini bosib-yanchib, o‘rindiqlarni ag‘darib, darvoza tomon otildilar. Qorovullar har tomonga qochib ketgan maymunlarni tutishga tushdilar.

      Izvoshchi orqasiga o‘girildi-da, qamchisi bilan uzoqqa ishora qilib doktorga dedi:

      – Qarang, gvardiyachilar ishchi mahallalariga o‘t qo‘yishyapti. Ular dorboz Tibulni qidirib topishmoqchi…

      Shahar uzra, to‘p-to‘p bo‘lib turgan balandpast qora uylar ustida pushtirang shafaq mavjlanardi.

      Doktor tushgan izvosh shaharning Yulduz deb nomlanuvchi eng asosiy maydoniga yetganida to‘xtab qoldi, chunki undan nariga o‘tishning imkoni yo‘q edi. Bu maydonga kiraverishdagi ko‘cha og‘zida son-sanoqsiz izvoshlar, foytunlar, otliqlar, piyodalar tiqilib ketgan edi.

      – Nima gap? – deb so‘radi doktor.

      Hech kim hech nima deb javob bermadi, chunki hamma maydonda bo‘layotgan voqeaga mahliyo edi. Izvoshchi ham o‘rindig‘idan tikka turib, o‘sha tomonga qaray boshladi.

      Bu maydonni Yulduz maydoni deb atashlariga sabab bor edi. Uning tevarak-atrofi balandligi, shakli bir xil uylar bilan qurshalgan, tepasi oynavand gumbaz bilan qoplangan edi, shu sababli u judayam ulkan sirkka o‘xshab ketardi. Gumbazning qoq o‘rtasida, judayam balandda dunyoda eng kattakon fonus yonib turardi. Bu tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada katta shar edi. Temir gardishdan belbog‘i bo‘lgan, juda yo‘g‘on simga osilgan bu sharsimon fonus Saturn sayyorasiga o‘xshab ketardi. Uning shu’lasi shunaqayam charog‘on, yer yuzidagi bironta ham shu’laga sira o‘xshamas ediki, odamlar bu fonusga Yulduz deb antiqa nom qo‘yishgan edi. Keyinchalik butun maydonni ham Yulduz deb ataydigan bo‘lishdi.

      Maydonning o‘zida ham, maydon yaqinidagi uylarda ham, ko‘chalarda ham hech bir chiroq yoqishning hojati yo‘q edi. Maydon tevarak-atrofidagi hamma tor ko‘chalarni, hamma uylardagi barcha hujra-yu, qaznoqlarni ham mana shu Yulduz yoritib turardi. Bu yerda yashovchi odamlarda hech qanday chirog‘-u, shamlarga ehtiyoj yo‘q edi.

      Izvoshchi o‘zidan oldinda turgan izvoshlar, foytunlar osha, aravakashlarning silindr kiygan boshlari osha (bu silindrlar aptekachilar pufagiga o‘xshab ketardi) qaray boshladi.

      – Nimalarni ko‘ryapsiz? Nima bo‘lyapti o‘zi u yoqda? – deya bezovtalanib so‘radi doktor, izvoshchining orqasidan mo‘ralarkan. Lekin kichkinagina jussali doktor hech nima ko‘ra olmas, buning ustiga, ko‘zida ko‘zoynagi ham yo‘q edida, axir. O‘zingiz bilasiz-ku, ko‘zoynaksiz olisni mutlaqo ko‘ra olmasdi boyaqish.

      Izvoshchi ko‘rganlarini unga batafsil gapirib turdi.

      Mana bu ko‘rgan narsalar:

      Maydon judayam g‘ala-g‘ovur edi. Bu ulkan doira maydonning har yer-har yerida to‘p-to‘p odamlar u yoqdan bu yoqqa zir yugurishardi. Go‘yo bu doira maydon misoli ot o‘yin singari aylanayotganga o‘xshardi. Odamlar yuqorida bo‘layotgan voqeani yaxshiroq ko‘rish uchun bir joydan ikkinchi joyga gur-gur ko‘chishardi.

      Juda balandda charaqlab yonib turgan bahaybat fonus ko‘zlarni xuddi oftobdek qamashtirar edi. Odamlar boshlarini baland ko‘tarib, ko‘zlari ustiga kaftlarini soyabon qilib osmonga qarar edilar.

      – Ana u! Ana! – degan qichqiriqlar eshitilardi.

      – Ho‘v, ana, qaranglar! Bu yoqqa!

      – Qani? Qani?

      – Yuqoriroqqa qara!

      – Tibul! Tibul!

      Yuzlab odamlarning ko‘rsatkich barmoqlari chap tomonga cho‘zildi. U tomonda olti qavatli oddiy bir uy turardi. Lekin uning hamma qavatidagi derazalar lang ochilgan edi. Har bir derazadan odamlarning‘ boshlari chiqib turardi. Bu boshlar turlicha qiyofada edi: ba’zilari popukli tungi qalpoq kiygan, boshqa birlari pushtirang chepets4 kiygan, gajaklari kerosin rangida edi; uchinchilari qiyiq ro‘molcha o‘ragandilar; shoirlar, rassomlar, aktrisalardan iborat kambag‘al yoshlar yashaydigan yuqori qavatdan quyuq tamaki tutuni orasidan xushchaqchaq, mo‘ylovsiz basharalar, zarrin sochlari yal-yal tovlanib, yelkalaridan qanot singari o‘sib chiqqanday ko‘rinuvchi ayollarning boshlari ko‘rinardi. Odamlari xuddi qushlarga o‘xshab rang-barang boshlarini lang ochiq derazalardan chiqarib turgan bu uy sa’valarga g‘ij-g‘ij to‘la ulkan qafasga o‘xshab ketardi. Hamma boshlar bo‘yinlarini qulayroq qayirib va jasadlarini sal bo‘lmasa derazadan otilib chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri tosh ko‘chaga tushib chilparchin bo‘lish xavfi darajasida tashqariga chiqarib, o‘z tepalaridagi tomda yuz berayotgan qandaydir juda alomat bir voqeani ko‘rishga urinardilarki, kishi ko‘zgu bo‘lmasa o‘z qulog‘ini ko‘ra olmaganidek, ular ham bu manzarani aslo ko‘ra olmasdilar. O‘z uylarida turib, o‘z tomlarida bo‘layotgan voqeani ko‘rmoqchi bo‘lgan odamlar uchun maydonni boshiga ko‘tarib g‘avg‘o qilayotgan olomon o‘sha ko‘zgu vazifasini bajardi. Olomon hamma narsani ko‘rib turar, baqirib-chaqirar, qo‘llarini siltardi: birovlar terisiga sig‘may xursand bo‘layotgan bo‘lsa, birovlar qattiq g‘azablanardi.

      Tomda kichkinagina bir odam yurardi. U tomning qiyalab tushgan yeridan asta-sekin,

Скачать книгу


<p>3</p>

Bo‘yi pakana ov iti.

<p>4</p>

Chepets – ayollarning bosh kiyimi.