ТОП просматриваемых книг сайта:
Қор одам. Ганс Христиан Андерсен
Читать онлайн.Название Қор одам
Год выпуска 0
isbn 978-9943-08-854-2
Автор произведения Ганс Христиан Андерсен
Издательство Kitobxon
Ular o‘rmondan cho‘lga chiqishibdi, so‘ng qalin o‘rmonzorga kirishibdi, kechga yaqin birdan qaroqchilarga duch kelib qolishibdi.
– Bunchalik go‘zal qizni qayerdan ilashtirding? – deb baqirishibdi ular. Otni to‘xtatib, yigit bilan qizni pastga tushirishibdi; ular ko‘pchilik ekan-da.
Xristianda o‘zini himoya qilish uchun Xelga bilan olishib undan tortib olgan pichog‘i bor ekan, xolos. Qaroqchilardan biri unga bolta bilan hamla qilibdi, lekin yigit chap berib qolibdi, bo‘lmasa turgan joyida til tortmay o‘larkan. Bolta tig‘i otning bo‘yniga tegib, anchagina joygacha qirqib yuboribdi; sharillab qon oqibdi, jonivor yerga qulabdi. Shu payt Xelga qattiq uyqudan uyg‘ongan kishiday, jon berayotgan otga mahkam yopishibdi. Xristian qizga qarab kelayotgan qaroqchilarning yo‘lini to‘sibdi, lekin ulardan biri oybolta bilan uning boshiga tushiribdi, qon va miya har tomonga sachrab ketibdi, yosh ruhoniy o‘sha zahotiyoq jon beribdi.
Qaroqchilar Xelganing oppoq qo‘llaridan mahkam ushlab olishibdi, biroq shu payt quyosh botibdi, u esa yana badbashara baqaga aylanibdi. Uning oq-ko‘kish og‘zi qulog‘igacha yetibdi, qo‘l va oyoqlari ingichka, shilimshiq bo‘lib qolibdi, qo‘l panjalari orasida esa yelpig‘ichga o‘xshash pardalar paydo bo‘libdi. Qaroqchilarni dahshat bosib, uni qo‘yib yuborishibdi. Maxluq ular qarshisida ozgina turibdi-da, baland sakrab, o‘rmon chakalakzorlari ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Qaroqchilar Loke2 biz bilan hazillashayapti deb o‘ylashib, qochib ketishibdi.
To‘linoy nurlari atrofni yoritib yuboribdi. Badbashara baqa butalar orasidan chiqibdi. U xristian bilan ot jasadi oldida to‘xtab, ko‘zlariga jiqqa yosh olib, ularga uzoq tikilibdi; ko‘ksidan go‘dakning asta hiqillab yig‘lashiga o‘xshagan ovoz otilib chiqibdi. So‘ng u o‘zini goh unga, goh bunga tashlabdi, o‘liklarga pardali panjalari bilan hovuch-hovuch suv sepibdi. Biroq, o‘likni tiriltirib bo‘larmidi! Buni o‘zi ham bilar ekan. Hademay yovvoyi yirtqichlar kelib, ularni burdalab tashlamasa go‘rga edi! Yo‘q, bunga yo‘l qo‘ymayman, debdi. Ular uchun qo‘lidan kelganicha qabr kavlaydigan bo‘libdi. Qo‘lida faqat yo‘g‘on buta shoxidan boshqa hech narsa yo‘q ekan. Pardali panjalari esa yerni yaxshi kavlay olmas ekan. U shunchalik berilib ishlabdiki, panja pardalari yirtilib ketibdi; qo‘lidan qon oqa boshlabdi. Shundagina qabr kavlay olmasligiga aqli yetibdi: u yana hovuchlab suv olib kelib, o‘likning yuzini yuvibdi. Keyin jasadning ustiga yangi uzilgan ko‘m-ko‘k yaproqlar tashlabdi; ustidan shox bosibdi. Uning ustidan yana yaproq tashlabdi. Keyin uning ustidan katta-katta toshlar bostirib, oralariga yo‘sin tiqibdi. Bunday qabrda jasad bexatar yotadi, deb o‘ylabdi. Ana shu og‘ir ishlar bilan tun o‘tib ketibdi, quyosh chiqibdi. Xelga yana go‘zal qizga aylanibdi, biroq uning qo‘llari qizil qonga bo‘yalganmish. Qizning gul yuzlaridan umrida ilk da’fa ko‘zyoshlari oqa boshlabdi.
Qizga aylanish oldidan uning har ikkala fe’l-atvori omixtalanib ketganday bo‘libdi. Dahshatli tushdan cho‘chib uyg‘onganday a’zoyi badani titrab, atrofga olazarak bo‘lib boqarmish. Keyin tik o‘sgan qora qayin daraxti shoxlariga tirmashib, mushukday epchil harakat qilib, daraxtning tepasiga chiqib ketibdi. U daraxtdagi shoxga mahkam yopishib, kimsasiz o‘rmonda qo‘rqoq olmaxonday o‘tiraveribdi. Kimsasiz o‘rmon! Ha, darhaqiqat, bu yer kimsasiz ekan, lekin havoda goh raqsga tushib, goh bir-birlari bilan olishib kapalaklar uchib yurganmish: chumolilar, mayda hasharotlar to‘lib-toshib yotganmish; osmonda son-sanoqsiz chivinlar, g‘ing‘illab ashula aytadigan pashshalar, tugmacha qo‘ng‘izlar va boshqa qanotli mavjudotlar uchib yurishganmish; yomg‘ir chuvalchangi nam tuproqdan yer betiga chiqibdi; ko‘rsichqonlar tuproq irg‘ita boshlashibdi – xullas, bu yerdagi kimsasizlikni tinch, osoyishtalik degan ma’noda fahmlash kerak. O‘rmonda yashovchilarning hech qaysisi Xelgaga e’tibor bermabdi, faqat u o‘tirgan daraxt ustidan shovqin-suron bilan uchib o‘tayotgan hakkalar unga qiziqib qolishibdi! Ular shoxdan shoxga sakrab, qizga ancha yaqinlashib kelishibdi – ular ana shunaqa jasur va juda qiziquvchan ekanda! Biroq qiz qarashi bilanoq hakkalar har yoqqa uchib ketishibdi; ular bu narsaning nimaligini bilishmabdi, umuman buni Xelganing o‘zi ham durustroq tushunolmabdi!
Kun botish oldidan baqaga aylanib qolishi yaqinlashayotganini sezib, Xelga daraxtdan tushibdi; quyoshning so‘nggi nuri ham so‘nibdi, u yana qo‘lining panja pardalari yirtilgan, qunishgan baqa qiyofasiga kiribdi. Lekin badbashara maxluqning ko‘zlari go‘zal Xelganing ko‘zlaridan ham jozibaliroq bo‘lib qolganmish. Bu ma’sum ko‘zlarda chuqur his etadigan ruh va insoniy qalb aksi namoyon bo‘libdi; bu ko‘zalardan tinmay yosh to‘kib biroz yengil tortibdi.
Qabr oldida xristian yasagan but hali yotgan ekan. Xelga uni qo‘liga olib, o‘zicha qabrga qo‘yilgan toshlar o‘rtasiga qo‘ymoqchi bo‘libdi. Qabr tagida yotgan marhumni eslaganida Xelganing ko‘zidan yana duv-duv yoshlar oqibdi. Qalbining eng tubidan chiqqan qandaydir da’vat kuchi bilan qabr atrofiga but belgilarini chizmoqchi bo‘libdi – shunday qilsam ajoyib ihota hosil bo‘lardi, deb o‘ylabdi. U ikkala qo‘llab dastlabki butni chizishi bilanoq panjalari orasidagi parda dabdalasi chiqqan qo‘lqopday yerga ko‘chib tushibdi. U qo‘lini buloq suvida yuvibdi, oppoq, chiroyli qo‘llariga ko‘zi tushib, hayron bo‘libdi, xuddi o‘shanday belgini o‘zi bilan qabr o‘rtasida havoda chizibdi, lablari titrabdi, og‘zidan yo‘lda marhum bir necha marta takrorlagan Iso payg‘ambarning nomi chiqib ketibdi.
O‘sha zahotiyoq Xelganing egnidagi baqa choponi g‘oyib bo‘libdi, u yana yoshgina go‘zal qizga aylanib qolibdi; lekin boshi horg‘in egilibdi, butun vujudi hordiq talab bo‘lib turganmish, shunday qilib, u uxlab qolibdi.
Biroq, u uzoq uxlamabdi; yarim tunga borib uyg‘onibdi: qarasa, o‘ldirilgan ot qarshisida tirik, nur sochib turganmish, ko‘zlaridan o‘t chaqnayotganmish; bo‘ynidagi yarasidan ham nur taralayotganmish. Otning yonida esa vikingning xotini aytganday, «Baldurdan ham go‘zalroq» o‘ldirilgan xristian turganmish, u ham nurga burkangan emish.
Uning ma’sum ko‘zlari kishi qalbiga bemalol kirib bora oladigan adolatli qozi ko‘zlariday sinovchan, jiddiy nazar tashlab turganmish. Xelga titrab ketibdi, qiyomat kunidagiday xotirasi birdan jonlanibdi. Unga qilingan har bir xayrli ish, u eshitgan har bir shirin so‘z xotirasida bir zum jonlanib, shu kungacha sinovda bo‘lganmish, tirik ruh va o‘lik botqoqning bolasini faqat mehr-muhabbat qo‘llab-quvvatlaganini payqabdi. Bu o‘rinda u nuqul ichki kayfiyati ovoziga quloq solganini, o‘zi uchun hech narsa qilmaganini, unga berilgan hamma narsani u o‘zi emas, balki allaqanday oliy irodaning rahnamoligida ro‘yobga chiqarganini bilibdi. O‘zining ojizligini yaxshi anglab nomus o‘tida qovirilib, qalbining to‘ridan o‘rin olgan, mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan odam oldida egilib, ta’zim bajo keltiribdi. Shu lahzada u o‘zida chaqmoqday yorqin ilohiy uchqun, avliyo ruhining uchquni paydo bo‘lganini sezibdi.
– Botqoqlik qizi! – debdi xristian, – botqoqdan, tuproqdan yaralgansan, tuproqdan bosh ko‘taryapsan. Senga hayot ato qilgan quyosh nuri o‘z manbai bilan aylanib qo‘shilishga intilmoqda, lekin uning manbai quyosh emas, xudoning o‘zi! Jahonda hech bir jon o‘lmaydi, lekin yerdagi hayot asta davom etaveradi, abadiylikning yagona lahzasi bor, xolos. Men huzuringga marhumlar maskanidan keldim; qachonlardir sen ham katta vodiy orqali Shafqat va Kamolot maskani bo‘lgan munavvar tog‘ qishloqlariga safar qilasan. Endi seni boshlab boray, faqat cho‘qintirish uchun Xedebyaga eltmayman. Avvalo chuqur botqoq ustidagi pardani yirtishing, hayotingning tirik ildizini va beshigini ozod qilishing, shu bilan o‘z burchingni ado etishing kerak. Shundan keyingina imon keltirishing mumkin.
So‘ng qizni otga mingashtirib, uning qo‘liga vikingning uyida ko‘rgan va unga juda o‘xshagan buxo‘r tutatadigan oltin idish beribdi; idishdan xushbo‘y isiriq hidi taralibdi. Xristianning boshidagi yara tillaqosh singari nur sochibdi. U qabr ustidagi butni olib, boshi uzra baland ko‘taribdi, ular shovillagan o‘rmonzorlar, qahramonlar dafn etilgan maqbaralar, qabr toshlari o‘rniga ularning otliq turgan haykallari qo‘yilgan joylar ustidan uchib o‘tishibdi. Qudratli soyalar ko‘tarilib harakatga kelibdi va maqbaralar ustida to‘xtabdi; oy shu’lasi qahramonlar
2
Loke – Skandinaviya afsonalaridagi makr va hiylagarlik xudosi.