ТОП просматриваемых книг сайта:
Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Читать онлайн.Название Қутлуғ қон
Год выпуска 0
isbn 978-9943-6313-5-9
Автор произведения Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Издательство Asaxiy books
– Tarixdan ma’lumki, ko‘p avliyolar tamom omi bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz ham omi edilar, Salimjon! – javob berdi kulib Abdishukur.
– Abdishukurni xudo gapga bichgan, yengib bo‘lmaydi – dedi Jamolboy pixillab.
Ofitsiant bir shisha konyak, bir shisha qizil vino olib keldi, bir ozdan so‘ng turkistoncha va kavkazcha kaboblar taqdim etdi.
Stakanlar bo‘shalgan sari, yuzlar qizarib, gapning kalavasi chuvala boshladi.
– Iching, Salimjon, iching, Abdishukur! —xitob qildi Jamolboy, – besh kunlik dunyoni kayfchog‘lik bilan shiringina o‘tkazish kerak. Kecha bir oz karta o‘ynab, ketidan toza ichibmiz, Maskovdan kelgan bir favurkonchi o‘risning to‘rt ming so‘mini yutibman. Ichishda ham qochirdim uni, azbaroyi xudo! «Sart» ham shunaqa ichadimi, deb hayron bo‘ladi. Qani, sovib qolmasin, ichinglar!
Yolg‘iz boylarga ham katta amaldorlarga muyassar bo‘luvchi bunday hashamatli restoranda o‘tirgani uchun xursand bo‘lgan, kayfi ko‘tarilgan Abdishukur Umar Xayyomning mana shu ruboiysiii yoddan o‘qib ketdi:
Chandon bixuram sharob, kin bo‘yi sharob,
Oyad zi turob, chun ravam zeri turob,
To bar sari xoki man rasad maxmure
Az bo‘yi turobi man shavad mastu xarob.
So‘ng bundan hech nima tushunmay, ko‘zlarini baqraytirgan do‘stlariga bu ruboiyning ma’nisini tushuntirish uchun shoshildi.
– O‘zi juda lazzatli bayt ekan, – zavqlanib gapirdi Jamolboy, – shuni tojiki qilmasdan, o‘zimizcha to‘qisangiz bo‘lmasmidi?
– Kechirasiz, buni ruboiy deydilar. Shoir Hakim Umar Xayyomniki…– javob berdi Abdishukur.
– Xah, munday deng. Sizga bunaqa baytlarni to‘qish tosh ichidan suv siqqanday og‘ir gap-ku, albatta, lekin mulla Abdishukur, shunday lazzat beradigan qilib to‘qishga urining.– Jamolboy stakanni og‘ziga ag‘darib, yana so‘zida davom etdi:– O‘zi ham mendan battar araqxo‘rga o‘xshaydi, oti nima u tojikni, Umar Bahrommi?.. Ha, jinday yanglishibman, Xallam… Sizniki bo‘lsa, nuqul «ko‘z ochaylik», «ilm bog‘ida sayraylik», «jaholat pardasini kuydir», tag‘in qiziqlari bor, xo‘sh, «zambilg‘altak», «Qo‘qon arava»… Kimning ko‘zi yumuq? Menimi? Salimjonnimi? Hakimboyvachchanimi? Hakimboyvachchadek hushyor yigit qayda? Boyonlaramizning bari hushyor. Aqli bo‘lgani uchun boy bo‘lganda. Shunday emasmi, Salimjon?
– Durust, Jamolboy aka, – Salimbayvachcha so‘zga kirishdi, – ko‘zimiz ochiq. Lekin savodli, o‘qigan boy bilan o‘qimagan boy orasida farq bor. O‘qigan boy yo‘l-yo‘riqni tushunadi, ishda oz qoqiladi.
– Bu juda to‘g‘ri gap. O‘zimdan qiyos qilaman. Ishim yomon emas-ku, lekin yo‘l-yo‘riqni oz bilaman. Zakunga tushunmayman. O‘ris orasida yurib, besh-o‘nta so‘z o‘rganib olganman, shuni ishga solaveraman. Endi bolalarimni o‘qitmoqchimanu, ammo dini susayib ketmasmikan, deb qo‘rqaman. Tunov kun bir abrazavan o‘ris bilan uchrashganimda, endi bizning «sartni» bolalari ham shkolda oz-moz o‘qiyapti» desam, u xafa bo‘ldi… «Sart» chistiy xalq, shkolda «sart»ning dini buziladi, senlarning eski shkollaring yaxshi» dedi. Kofir bo‘lsa ham, insofli ekan, deb o‘yladim.
– Jamolboy aka, – ko‘zlarini mastcha suzib gapirdi Salimboyvachcha, – diniy islomni qo‘ldan bermasdan, shariatni dilimizga mahkam joylab, zamon ilmlarini o‘qilsa, zarar qilmaydi. Sayidalim akaning o‘g‘li gimnaziya degan katta maktabda o‘qiydi. Maktabga shapka kiyib bordi-ya. Tushundingizmi, shapka!
– Bekor gapdir, musulmon bolasi shapka kiysin? – Jamolboyning ko‘zlari o‘ynab ketdi.
– Lekin, o‘z uyida besh vaqt namozni kanda qilmaydi. Men yaxshi bilaman. Ichaylik.– Salimboyvachcha stakanni ko‘tardi.
– Apelsin, konyak!
– Bir shisha «marsala»!
– Jamolboy, bir daqiqa ruxsat yeting, kichkina izoh beraman…– asta turtib Jamolboyni o‘ziga qaratdi Abdishukur, – men sizga ko‘p dafta gapirsam ham, g‘olibo maqsadimni hali tushuntirishga muvaffaq bo‘lgan emasman. Kaminaning g‘oyaviy hayoti shunday, yana takrorlayman: milliy sarmoyani o‘z boylarimiz – musulmon boylarimiz to‘la egallasinlar, ya’ni butun Turkistonimizda tijorat shu boylarning qo‘lida bo‘lsin, bu bilan qanoatlanmay, zavod-fabrikalar qursinlar. Maskovga, Varshavaga va hokazo shaharlarga o‘zlari mol olib borsinlar, u yerlardan o‘zlari mol keltirsinlar, deyman. O‘rtadagi shu yahudiy, o‘ris savdogarlarining dumini qisib qo‘yish kerak, deyman. Milliy sarmoyani kuchaytirish uchun savdo-sanoat ilmini bilish, zamondan ogoh bo‘lish lozim, Jamolboy aka. To‘g‘ri, bizda hushyor savdogarlar, epchil boylar bor, ular ko‘paymoqda. Ammo bu kifoya qilmaydi. Komersant bo‘lish kerak, ya’ni ilmiy iqtisodni, ilmiy tijoratni bilgan savdogarlar yetishuvi kerak. Kaminaning dardi endi bir daraja anglashildimi? Milliy sarmoya uchun ichaylik!
– Komersant bo‘lish kerak. Milliy sarmoya uchun ichaman! —stakanni bo‘shatdi Salimboyvachcha.
– Oqpodshohning g‘aznasidan chiqqan hamma pul juhudda, – stakanga konyakni to‘ldirib, pixillab gapirdi Jamolboy, – shu bachchag‘arlarni sindirishga iloj bo‘lsaydi. Gapiring Abdishukur, juhudning pulini qanday qilib o‘zimizga ag‘daramiz?
– Buning uchun komersantlar kerak, bu bir, so‘ngra ittifoq kerak, ya’ni musulmon boylari bir-birlarini qo‘ltiqlasalar…– samimiyat bilan javob berdi Abdishukur.
– E… bizda boylar bir-birini ko‘ra olmaydi, birlashmaydi, shunisi chatoq-da, – shikoyatlandi Salimboyvachcha.
– Biz jadidlar ham bu ahvolga achinamiz…– boshini chayqab dedi Abdishukur
– Men kim? Jadidmi? —kulib so‘radi Jamolboy, – Men sizni ko‘pdan buyon jadidga aylantirganman.
O‘zingiz sezmaysiz-da! —Jamolboyning yelkasiga qoqib javob berdi Abdishukur.
Bir shisha konyak, bir shisha «marsala» va chiroyli vazaga qubba shaklida terilgan apelsin keldi. Jamolboy hali tetik edi. Abdmshukurniig ko‘zlari xiyla besaranjom. Ikkinchi shishaga avvalgiday ishtaha bilan yopishmadi. Salimboyvachcha «marsala»dan ikki stakan ichib xiyla mast bo‘ldi. Endi og‘ziga kelganini qisilmasdan gapishrishga, xotinlar bilan ko‘z urishtirishga, ularni imlashga boshladi.
Restoranda hayot borgan sari qaynaydi. Muzika har xil kuylarni chaladi. Odam qalin, aksari yaxshi kiyingan yevrupolik boylar va amaldorlar. Tatar savdogarlaridan ham ko‘rinadi. Turkistonliklardan esa, bu stoldagilardan tashqari, yana bir qancha kishi o‘tiradi. Bir tomonda qo‘ychi Sultonbekning ukasi Arslonbek, u yolg‘iz, mastlikdan mudraydi, stol to‘la pivo shishasi. O‘rtada zavodchi boyning o‘g‘li Mirkomilboyvachcha ikki yosh xotinni yoniga olib, do‘ppisini stolga qo‘yib o‘tiradi. Dam oyog‘ini chalishtirib, kichkina, bichimsiz yuzini mastlarcha burushtirib, papiros tutatadi, dam xotinlarning og‘ziga vino tutadi, ularga nimalarnidir shivirlab «hiring-hiring» kuladi. Bu yosh boyvachcha uchun restoranda go‘yo hech kim yo‘q, bu joy yolg‘iz uning ayshgohi… Pastroqda, burchakdagi stolda, toza buyumlardan, lekin qo‘polroq tikilgan kiyimlarda gavdali, miqti to‘rt kishi – aftidan, to‘qmoqlik yo olmatalik «sart» savdogar o‘tirishadi; stolni shishalar qoplagan, ular to‘kmada, yo gap-gashtaqda o‘tirganday, qichqirib gaplashadi, qattiq kulishadi. Bu «ulfati chor» ichida katta sallali, oppoq soqolli, lekin vajohati yigitday, bir keksa kishi o‘zining serzavq kulishi, ichishi, xullas, butun siymosi bilan ko‘p odamlarning diqqatini o‘ziga jalb etadi.
Salimboyvachcha o‘z yoniga bir xotinni o‘tqazdi. Xotinning yoshi o‘ttizdan oshgan bo‘lsa-da, upa-eligi, pardozi bilan yoshroq ko‘rinar edi, u yelkasi keng, ko‘krakdor, lo‘ppi yuzli edi.
– Shampanskiy! – buyurdi boyvachcha.
– Kerak emas, – yolg‘onni rostday qilib dedi xotin.
– Yana nima kerak? Shirinlikdan nima? – mastlikdan ruscha so‘zlarni yarim-yorti