Скачать книгу

Bay-bay-bay, paxtadaqa oppog‘-a, jonivor. Boya paqqos e’tibor qimappan. Qarang-a, otiyam o‘zi bilan ekan – Oqtosh! Ha, endi, o‘qimishli odamsiz-da ming qilsayam, mulla.

      Zil-zalvor lomni gursillatib yerga urar ekanman, kulgim qistaydi. Oppoq bo‘lsa nima qipti? Oq it, qora it bari bir it-da. Tavba, o‘qimishlimish, itga nima aloqasi bor buning? Sodda odamlar-da. Bizni nuqul avliyo sanab, har ishimizdan bir hikmat qidirishadi. Bitta avliyo menmi? Birovning itini o‘zimniki deb, kap-katta odamni laqillatib o‘tiribman. Oshqozonida kasali bo‘lmaganida allaqachon otangiz yaxshi, onangiz yaxshi deb qo‘liga lomni tutqazib qo‘yardim. He, o‘rgildim o‘qimishli mug‘ambirlardan. Yana bitta o‘qimishlisi raisimiz Dadaxonmi? Uni qilgan ishini eshitgan odam uch kun yotib kuladi. Qarang Boymurod akani ishga solib, tomorqasiga tarvuz-qovun ektiribdi. Tog‘ joyda qovun-tarvuz bo‘maydi desa, siz ekovrung, u yog‘i bilan ishunguz bo‘masun, depti namanganchalab. Qovun-tarvuzlar palak otib, hosili mushtdek-mushtdek bo‘lib, bez bo‘lib turaveribdi.

      Dadaxon urdu tilini bilgani uchunmi Pokiston-u Hindistondan Toshkentga mehmonlar kelib qolsa, tilmochlik qilib turadi. Ayniqsa, pokistonliklarga. Ora-chora Pokistongayam qadamranjida qilib turadi. U yoqda katta-katta davralarda bo‘ladi. Villalarda ziyofat yeydi. U yoqlarda xizmatkorlar bisyor. Ayol xizmatkorlar ayollarning atrofida parvona, erkak xizmatkorlari erkak sohiblarning har bir ishorasiga zor. “Dadaxon sohib, sizda ham villa bordir”, deb so‘rab qolishadi ular gap orasida. Dadaxon sohib, albatta, Chorbog‘dagi “villa”sini kiftini keltirib maqtaydi. O‘zbekistonga kelib qolishsa, jon-jon deb villasiga olib borishga va’da beradi. Dadaxonning “villasi” rostdanam ajoyib. O‘zimizning baxmaldek mayin bedalarimiz turganda, kirpining tikaniga o‘xshash, mol yemaydigan ajnabiy o‘tlar o‘sadi. Sap-sariq bo‘tana suvlarni buloq suvi deb toshlar orasidan shaldiratib oqizib qo‘ygan. Ajnabiy mehmonlar oldida shavla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin-da, a, labbay!

      Bir kuni Dadaxon kechki payt shoshib kelib qoldi. Mashinaning orqa kapotini ochdi-da, katta-katta ikkita qovun bilan ikkita tarvuzni olib, Boymurod akaga tayinladi:

      – Manovilarni oborib, qovunni qovun palagining ichiga, tarvuzni tarvuz palagining ichiga qo‘ying. Qarang, yana almashtirvormang-a…

      – Anakka, xomini obsizmi, – deydi Boymurod aka qovun-tarvuzlarning dumiga e’tibor qilib.

      – I-i-i, dumugo tegmong, dumugo, dumu ertaga ish beradi-ya. Shu dumliguni topaman dab, bozor aylanovrib, oyog‘im qabardi.

      Dadaxon iziga qaytar ekan, Boymurod akaga yana tayinladi:

      – Ertaga pokistonluk mehmonlar keladi. Kelunungiz bilan shatta bo‘lung. Ha, bundoq tuzukroq kiyinub olunglar, hayitga kiyadiganlarudan bor-ku, o‘shanaqasudan. Mehmonlarnu olduda uyalib qolmayn tag‘un.

      Ertasiga Dadaxon sohibning “villasiga” ikkita yengil mashinada mehmonlar keladi. Tog‘larni, go‘zal tabiatimizni ko‘rib, bosh barmoqlarini ko‘rsatib “voh” deb yuborishadi. Dadaxon oshga unnaydi. Chunki Pokistonda oshni o‘z qo‘lim bilan damlayman, xizmatkorlarimga ishonmayman, deb va’da berib qo‘ygan-da. Boymurod aka yelkasiga sochiq tashlab, erkaklar qo‘liga suv quygan. Kelini bo‘lsa ayollar xizmatida. O‘zbekchilik, mehmon kutishni o‘rniga qo‘yishni yaxshi bilishadi baraka topkur qaynota kelin. Mehmonlar “villa”dagi har bir ko‘ringan narsani bilgilari keladi. Ularni Dadaxon sohibning qo‘lbola “buloq” suvlari qiziqtirib qoladi.

      – Dadaxon sohib, nimaga bu suv sap-sariq?

      Bu paytda podadagi sigirlar ariqning boshiga suv ichgani tushishgan, tirroqlashib, suvni xo‘p bulg‘atishgan bo‘ladi.

      Dadaxon sohib bo‘sh kelmaydilar:

      – Bizzi tog‘larumiz ma’danga juda boy, janoblar, Mendeleyev jadvalidagi hamma elementlar bor. Bu judayam shifobaxsh, tarkibida serovadarod-oltingugurti bor suv. Oshqozon, ichak kasalluklariga koni foyda. Teridagi toshmalarnuyam bir zumda yo‘qotadu. Hov narida “Oqbuloq ota” degan bulog‘imiz bor. Uni rangi sutdek oppoq. Tarkibida kumush moddasi bor.

      – Bu sariq suvingiz qanday ichiladi, Dadaxon sohib, – deya qiziqishlari tobora ortadi mehmonlarning.

      – Oddiy suvni ichgandek ichilaveradu, janoblar.

      – O‘zingiz ko‘rsatib bering, biz ichmoqchimiz, Dadaxon sohib, – deya shaylanib qolishadi mehmonlar.

      – Kechirasuzlar, janoblar, meni oshqozonum soppa-sog‘-da, ichishga hecham ehtiyojim yo‘q.

      – Shunday bo‘lsayam-da, bilasiz-ku, bizda mezbon boshlab bermasa mehmon tuz totmay o‘tirovradi.

      – Bizdayam shunday, janoblar va xonumlar, odatlarumiz deyarli bir xil aslida.

      Dadaxon noiloj sigirlar jo‘natgan sharbatdan hovuchida olib ichib ko‘rsatadi. Mehmonlar ham “tabarruk” suvdan ichishadi va zo‘r deya bosh chayqab qo‘yishadi. Buni kuzatib turgan Boymurod aka nimalar bo‘layotganiga tushunmay ko‘ngli aynib, nari ketadi.

      Ana undan keyin antiqa, chinni laganlarga osh suziladi. Mehmonlar hayron, osh yesinlarmi yo laganni tomosha qilsinlarmi? Bilishmaydiki, laganlar antikvar do‘konidan ijaraga olib kelingan. Bunaqasi villalik mehmonlardayam yo‘q.

      Oshdan keyin navbat qovun-tarvuzlarga keladi.

      – Obchiqing, – amr qiladi Dadaxon sohib Boymurod akaga.

      Boymurod aka tomorqaga kirib, bittadan qovun bilan tarvuzni qo‘ltiqlab chiqadi. Buni ko‘rgan kelinining aqli shoshib qoladi. Nahotki, qovun-tarvuzlar shunchalik bo‘lgan bo‘lsa-yu, bola-chaqamiz bilan ko‘rmagan bo‘lsak!

      Mehmonlar qovun va tarvuzlarning bunaqa dodasini ko‘rishmagan ekanmi, hayratdan biri olib, biri qo‘yib ushlab ko‘rishadi. Dadaxon tantanavor bir harakat bilan, qovun bilan tarvuzning dumini uzib oladi-da, pichoq tortadi. Maqtab-maqtab yeyishadi.

      Nihoyat, Dadaxon sohibning “villa”sidagi mehmondorchilik nihoyalaydi. Mehmonlar Dadaxon sohibning “xizmatkor”lariga minnatdorchiliklar bildirishib, xayrlasha boshlaydilar. Shunda Dadaxon sohib yana Boymurod akaga amr qiladi:

      – Dehqonchulukdan obchiqung.

      Dadaxon sohib qovun bilan tarvuzni mehmonlarning mashinasiga joylaydi. Ular shunaqangi suyunishadiki, go‘yo Dadaxon sohib ularga to‘n kiydirib, qo‘y yetaklatib yuborgandek…

      Boymurod aka tushmagur ana shunaqa qip-qizil nayranglardanam bir hikmat qidiradi. Nimagaki biz o‘qimishli odamlarmiz. Qing‘ir ishlarimizam bu kishining ko‘ziga allambalo bo‘lib ko‘rinaveradi.

      Shularni o‘ylab, odam degan shunchaligam sodda bo‘ladimi, deb Boymurod akaga qarayman. U kishining fikri-yodi itimda bo‘p qolgan. “Itim”ni sovg‘a qilvorsammikan, degan o‘y ko‘nglimdan kechadi.

      – Itim sizga yoqib qoldi-a? – deyman kulib.

      – Erkakmi, urg‘ochimi?

      Qah-qah otib kulib yuboraman. Kasalni yashirsa, isitmasi oshkora qiladi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. “Itim”ning bunaqa tomonlariga e’tibor qilmagan edim. Endi ochiqdan-ochiq shumlikka o‘tdim.

      – Sigirlarni qanaqaligini tuyoq izidan bilaman deysiz, itniyam biling-da, – dedim sir boy bermay.

      Boymurod aka hamon serrayganicha tik turar, Oqtoshga tikilib bir nimalarni xayol qilardi. U cho‘ntagidan qoq non chiqardi-da: “Ma, Oqtosh”, deb engashganicha yerga tashladi. Jonivor ochiqqan ekan, nonni u jag‘idan bu jag‘iga o‘tkazib, qitirlatdi-yu, yutib yubordi. “Yana bormi” degandek labini yalab, ko‘zlarini o‘ynatdi.

      – Urg‘ochiykan, – dedi Boymurod aka. – Bilasiz, bu yerga qanaqasini obkelishniyam.

      – Sizga ma’qul bo‘lsa bo‘pti-da, Boymurod aka. Ana, qattiq non bilan bo‘lsayam do‘stlashib oldinglar.

      – Yo‘q, – dedi Boymurod aka keskin bosh chayqab, – bu itingizga butun boshli qo‘y so‘yib bersamam menga el bo‘lmaydi. Bu itingiz uncha-muncha itlardanmas, – dedi Boymurod aka kutilmaganda.

      – Gapingizga tushunolmadim, – deya navbatdagi toshni qo‘porib, nari olib qo‘ydim. Belim og‘rib qaddimni bazo‘r rostladim.

      Boymurod

Скачать книгу