ТОП просматриваемых книг сайта:
Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Читать онлайн.Название Qasoskorning oltin boshi
Год выпуска 0
isbn 978-9943-00-505-1
Автор произведения Xudoyberdi To‘xtaboyev
Издательство SHARQ
– Sizga atab osh damladim, begim, – boshini ko‘tardi kelinchak, – o‘zim damladim.
– Bundan buyon o‘choq boshiga borma, – hokimona bir ohangda dedi Mirza Hamid, – cho‘rilarni ishlatishni o‘rgan, uqdingmi?
– Xo‘p bo‘ladi, begim.
– Ayt, menga musallas berishsin.
– Hozir, aytaman, begim.
Mirza Hamid ruscha usulda oyna ravonli qilib shu kelin tushishi munosabati bilan yaqinginada solingan uyga kirib, hokimlik libosini yechdi. Bozillab turgan sandaliga o‘tirib, ko‘ksini olovga berdi. Oftobbibi sirlangan sopol ko‘zachada musallas ko‘tarib kirdi:
– O‘zim olib kela qoldim, begim.
– Yaxshi qilibsan, o‘tir yonimga. Bugun boshqacharoqsan, go‘zalsan! – nozlanib turgan kelinchakni qo‘lidan tortib bag‘riga oldi Mirza Hamid, – ish ko‘p… charchadi-m…
– Voy, sizdek pahlavon yigit ham charchaydimi? – chiroyli terilgan ingichka qora qoshlarini kerib, xumor ko‘zlarini suzib, ishvali bir ohangda dedi kelinchak.
– Polvonga ham jon kerak, shirinim!
Xuddi shu paytda ko‘cha darvoza yoniga uch otliq mirshab kelib to‘xtadi. Biri tashqarida qolib, otlarni ushlab turdi. Ikkisi jadal yurib, dastyor boladan hokim qaysi uyda o‘tirganligini so‘rab bildi-yu, to‘ppa-to‘g‘ri uning huzuriga qarab yo‘l oldi. Mirza Hamid shitob bilan kirib kelayotgan mehmonlarni deraza orqali ko‘rib turgandi. Issiq bag‘rida moydek erib, erkalanib o‘tirgan Oftobbibiga:
– Sen chiq, poshsholikdan chopar kelyapti! – dedi qalbi to‘la g‘urur va iftixor bilan. So‘ng irg‘ib o‘rnidan turdi-da, zarbof to‘nini kiyib, dur-u gavharlar qadalgan oq shoxi sallasini boshiga qo‘ndirdi. Hokimlarga xos viqor-u salobat bilan bitta-bitta bosib aziz mehmonlarning istiqboliga yurdi. Mirshablardan biri eshik oldida qolib, ikkinchisi ichkari kirarkan:
– Qo‘lingni ko‘tar, itvachcha! – deb qo‘ydi.
– Namozbek?! – tizzalari dag‘-dag‘ qaltirab ketdi hokimning,—assalomu alaykum, xush ko‘rdik!
– Orqangga o‘giril! – buyurdi Namoz, – boshingni devorga qo‘yib tur, itvachcha! Qani, mana endi bir kuch sinashib ko‘raylik-chi! Qo‘li bog‘langan bandilarning yuziga qanday qamchi tortishni ko‘rsatib qo‘yaman endi senga…
Hozirgina kelinchakning oldida o‘zini alpomishdek pahlavon sezib turgan Mirza Hamid tili kalimaga kelmay, chuldirab qoldi. Namoz yonidan to‘pponchasini tortib olgandan keyin esa oyoq-qo‘li dir-dir qaltirab, o‘zini yo‘qotgudek bir ko‘yga tushdi. Umrida birinchi marotaba bo‘lsa kerak, xudo esiga tushib, so‘zlarini poyma-poy aytib, kalima o‘gira boshladi.
– Qani, menga qara-chi, – g‘azabli bir ovoz bilan dedi Namoz.
– Namozbek, aziz mehmonim bo‘ling.
– Ayt-chi, – o‘sha kuni qaysi gunohim uchun meni qamchilading? Yuzimdagi yaralarni ko‘ryapsanmi? Nega meni ot o‘g‘risi qilding! Boyning o‘zi o‘g‘ri-ku, o‘zing borib turgan o‘g‘risan-ku, qassobning qizini o‘g‘irlab, daryo bo‘yida bulg‘agan senmasmiding! Gapir! Nega meni urding! Zo‘r bo‘lsang kel endi, halol turib yigitchasiga mushtlashamiz. Ur, ur deyapman! Qo‘rqayapsanmi? Hokimlik libosini kiyib kolyaskaga o‘tirganingda, o‘zingni Rustam hisoblaysan-ku! Nega endi, suvga tushgan kuchuk boladek dir-dir qaltirayapsan. Ur deyapman!..
Namoz rangi-quti o‘chib turgan hokimning ko‘ksidan qattiq itarib yubordi – Mirza Hamid gandiraklab borib boshi bilan devorga urildi. Namoz uni qarshi hamlaga o‘tar deb o‘ylagan edi, yo‘q, hokim orqasi bilan devorga suyangancha jim turaverdi: «G‘ururi yo‘q, pastkash!» fikridan o‘tdi Namozning.
– Yo‘qsullardan olgan tilxatlaring qani? – xuddi hokimning o‘limi haqidagi hukmni o‘qigandek bir ohangda dedi Namoz.
– Hozir, o‘zim olib beraman, maylimi?
– Tez bo‘l!
– Qarzdorlar daftarini hammi?
– Hammasini ol!
– Obbo, Namozboy… Lekin xudo haqqi, men siz bilan do‘stlashib olaman, deb yurib edim, mana, sizga atab bir xalta tanga yig‘ib qo‘yibman, oling, beva-bechoralarga ulashing. Xudo haqqi, kelmasangiz o‘zim ulashgan bo‘lardim.
Namoz oq surp xaltachadagi tangalar bilan bir dasta tilxat-u qarzdorlar daftarini eshik orqasida poyloqda turgan jo‘rasiga tashladi.
– Hokim, yuzimdagi yarani unutmaysan-a?
– Endi… Namozbek, uzr!
– O‘sha qamchini ehtiyot qilib qo‘y, uqdingmi! Hali oramiz ochiq bo‘lganicha yo‘q. Men birovning kaltagini yeb, indamay ketadiganlardan emasman. Kimning oldida urgan bo‘lsang, o‘shalarning oldida halol mushtlashamiz. Yengsang, boshimni ol, roziman.
– Hammasi Boybuvadan chiqqan edi… – o‘zini oqlay boshladi Mirza Hamid, – o‘shaning gapiga kirib…
Boybuva qarshisida kuchukboladek jilplanglab, qo‘l-oyoqlarini barobar yalab yurgan hokim endi uning orqasidan yomonlashga tushdi. Ana shu narsa Namozni battar tutaqtirib yubordi. «Pastkash!» – yashin tezligida fikridan o‘tdi uning.
Bo‘lis hokimi nimadir demoqchi bo‘lib, og‘zini ochgan edi, og‘zi ochilgancha qoldi. Qulog‘i ostiga kelib tushgan mushtmidi, gurzimidi, har qalay og‘ir bir zarb uni yerga qulatdi. Keyin nima bo‘lganini bilolmay qoldi. Oftobbibi chinni laganda bug‘i ko‘tarilib turgan sergo‘sht palov ko‘tarib kirganda: «pahlavon»i yerda cho‘zilib yotar, og‘zidan sizib qon kelmoqda edi.
– Voy, xudoyim! – uvvos tortib yubordi kelinchak.
Kelinchak uvvos tortgan xuddi shu bir paytda, Namoz qozixona mahkamasiga kirib borayotgan edi. Ikki qo‘liga barobar to‘pponcha olib navbat kutayotganlarga o‘qtaldi: – Yot, hammang!
Kishilar boshlarini yerga qo‘yib jim bo‘lishdi. Namoz shoshilib ichkariga, bundan bir necha kun muqaddam arz-dod bilan kelib, dodini aytolmay, qoniga tashna bo‘lgan katta xonaga o‘tdi. Qozi kalon o‘zining xos o‘rnida kimxob ko‘rpacha ustida, Mirza Qobil sal quyiroqda, ikkovi ham tashqarida nima bo‘lyapti ekan, deb eshik tomon bo‘yinlarini xiyol cho‘zib turishardi. Namozga ko‘zlari tushishi bilan shu alpozda, bo‘yinlarini tashqariga cho‘zgancha tarrakdek qotib qolishdi.
– Xo‘sh, Mirza, arzgo‘ylarni talashni davom ettiryapsanmi?—peshonasiga to‘pponchaning og‘zini qadab so‘radi Namoz.
– Xudo shohid, men…
– Bugun qancha olding?
– Bor-yo‘g‘i shu, mana… – Mirza Qobil cho‘ntaklarini kavlab hamyonini chiqara boshladi.
Namoz bizning jonimizni olgani emas, balki pul uchun kirgan ekan, deb o‘ylab, rangiga oz-moz qon yugurgan qozi kalon ham to‘shak ostini paypaslab, hamyonini negadir ichkariroqqa sura boshladi:
– Bo‘tam, bugun menga hech narsa tushmadi.
– To‘ram, men sizning oldingizga iltimos bilan keldim, – dedi Namoz to‘pponchalaridan birini g‘ilofiga solayotib.
– Xo‘sh, bo‘tam, – ikki qo‘lini barobar ko‘ksiga qo‘ydilar qozi kalon.
– Anavi kuni menga bir oyat aytib edingiz.
– Xo‘sh, xo‘sh?
– «Ilgimdin kelguncha»… deb boshlanar edi.
– Ha-ha, bo‘tam, lekin bu oyat emas. Hazrat Navoiyning hikmatlaridur. «Ilgimdin kelguncha zolim tig‘in ushotib, mazlum jarohatig‘a intiqom malhamin qo‘ydum», so‘raganingiz shumidi?
– Ne uchun darkor bo‘lib qoldi sizga bu, bo‘tam?
– Yigitlarimga yod oldirurman.
– Barakallo,