ТОП просматриваемых книг сайта:
Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy
Читать онлайн.Название Mehrobdan chayon
Год выпуска 0
isbn 978-9943-26-778-7
Автор произведения Abdulla Qodiriy
Издательство SHARQ
– O‘rda ichida shunchalik oqil va donolar to‘lib yotqan bir fursatda, tahsil ko‘rmagan, nodon bir go‘dakka bunday ulug‘ bir vazifa, vallohi a’lam topshirilmas deb o‘ylayman. Bu vazifani uhda qilmoq uchun ko‘p gap kerak. Avvalo aqli solim, soniyan, tahsili tom lozim, vaholanki, siz aytkan yigit o‘tkan sanalar Solih maxdumda savod o‘qub, bizdan hijja103 o‘rganib yurar edi. Baharhol bu xabarga aql bovar qilmaydir…
– Ha-a, taqsir, – dedi Samad bo‘qoq va Shukur so‘fini tirsagi bilan turtti, – bu bala kimu, o‘rdag‘a mirzaboshiliq kim. Zamonaning zayli minan, boyag‘idek Mamarajab mirzaboshining yardamida o‘rdag‘a kirishib qog‘an-da… bayag‘idek oppoqina bo‘lsa Mamarajab o‘z yonig‘a og‘an-da…
Imom bo‘qoqning so‘zini tinglagan holda, ikki ko‘zini yerga qaratqan edi.
– Yurtning so‘ziga qarab aytayappan-da, – dedi Shukur so‘fi, yengilgan ohangda, – garchi bir necha kundan beri katta-kichchikning og‘zida shu gap.
– Ko‘bchilikning og‘zini tikib bo‘lardimi, so‘fi.
Samad bo‘qoqning bu so‘ngg‘i g‘iyqillashida to-mog‘i ostidag‘i yo‘g‘on tomirlari turtib chiqdi. Imom hamon ikki ko‘zi yerda bo‘lg‘ani holda kichkina boshini qimirlatdi:
– O‘rdadan birar kishi masxara uchun xabar tarqatqandir.
– Ha-a, taqsir.
Shu holda jilovxonag‘a to‘rtinchi kishi kirib keldi. Bunisi jikkak, qirq bilan ellikning orasi, yelkasi turtib chiqg‘an Safar bo‘zchi ismlik edi. Imomga salom berib, so‘fining yonig‘a o‘lturdi va so‘zga biroz quloq solg‘ach, tushunar-tushunmas bahska aralashib qoldi.
– Inshoollo, shu yigit mirzaboshi bo‘lar, – dedi Safar bo‘zchi suhbatning ruhini bilmagan holda, – o‘zi ajab zukko yigit, fuqaroparvar bola: bo‘g‘ani ma’qul, a, labbay, taqsir?
Imom yerga qarag‘an holda boshini qimirlatib qo‘ydi. Samad bo‘qoq xo‘mrayib Safar bo‘zchig‘a qaradi:
– E, akillay berasanda, Safar, – dedi bo‘qoq, – biz nima deyapbiz-ku, sen nima deyapsan.
– Xo‘sh, nima deyapsanlar?
– Ovoza gap deyapmiza, mirzaboshiliqqa katta milla kerak deyapmiz-a.
– U milla emas ekanmi?
– Milla bo‘lsa ham, xashaki millalardan-da.
– Ashunga qog‘anda chalg‘ibsan, Samad, – dedi Safar bo‘zchi, – xat bitishka kelganda qo‘yavur, kambag‘alga qayishqanini ko‘rsang, ha, bo‘ldi deysan.
– Zantalag‘ing kimga qayisha qopti?
– Hammaga, hammaga, – dedi Safar, – meni o‘zimga ham yordam qildi-da, yashag‘uring.
– Ha-a, xo‘sh?
– Bultur ana shu kezda, – dedi Safar engashinqi- rab, – bozorg‘a sakkizta bo‘z olib tushkan edim. Birarta mushkit ig‘vo qildimi zakotchining tomog‘i taqilladimi, harchi falakat, qo‘ltug‘imdag‘i bo‘zni yoppo oldi, qo‘ydi; “otang yaxshi, onang yaxshi, kosibman, savdogar bo‘lsam uyim kuysin”… Asti qo‘ysa-chi… Bir yillik zakoting deb ko‘tardi, ketti. Qo‘lingdan nima keladi, Samad. Xafaligim oshib, uyga quruq qaytdim. Mayda-chuyda kutib o‘lturgan bola-chaqaning quti uchti. Mol ketti – jon ketti, ishka ham qo‘lim bormaydi. Endi bo‘lar ish bo‘lg‘an desang yurak achiydi, dastmoya ham g‘altakka chiqadig‘an. Arza-parza bittirsammi deyman. Ko‘chada unga-bunga kengash solsam, arzang ma’qul deyishdi. Shu yaqinda, o‘zi o‘rdada turadig‘an bir arzachi bor emish. Ketkan ustiga ketkan deb do‘kon tegi yarimta bo‘z bor ekan, qo‘ltug‘img‘a tiqib oldim. Ana shu toblarda so‘rog‘lab arzachi mirzonikiga borsam, hozir o‘rdadan kelib, endi to‘nini yeshib turg‘an ekan. Yosh, navqiron yigit, “salom, alik”, “horma”, “bor bo‘l”. “Shunday, shunday gap; bir parcha arza bittirsam, deb kelgan edim”. O‘rdaliqqa gap uqdirish qiyomatdan qiyin, taqsir. Lekin bu yigitda gavrlik104 siyoqi yo‘q. Shukur so‘fi. Gapka qonib olib, quloq qoqmay “xo‘b”. Arzaning bir yeriga zakotchining oti tushar ekan, necha qayta so‘rasa ham bilmadim, undan keyin afti basharasini uqdirib edim, tusmollab bittasining otini yozdi, chog‘i. “Endi keta bering, arzani o‘zim topshiraman”, – deydi. Javobini ham ikki kundan keyin o‘zidan olar emishman…
– Manavi osonliqni qarang, taqsir. Duo qilib qalam uchisiga bo‘zni berdim, olmaydi. “Yopiray, ozsindiyov, qurg‘ur” deb qo‘rqdim. “Arza o‘runlasa, yana xizmat qilarmiz, mirzaboshi”. Yana yo‘q, “toza falakat bosti” – deb tursam, “arzaga haq olmayman; bo‘zingni olib ketavur” – degani ekan. Baraka topqurni qarang, taqsir. A, shundaqqa odam ham bo‘ladimi, Samad og‘a. “Oltin olmasang, duo ol”– deb qo‘limni ochtim. Ha, endi buni qo‘yavuring. Ertasi kechqurun gula to‘g‘rilab o‘ltursam, eshikni birav taqillatadi. “Ha, kelavuring”. Do‘konxonaga bo‘z qo‘ltuqlag‘an bir kishi kirdi.
– Safarboy sizmi?
– Ha, biz.
– Arza berganmidingiz?
– Bergan edim.
– Otangizning oti nima?
– Mamatboy.
Qo‘ltug‘idag‘i bo‘zni oldimg‘a tashladi. Xuddi kechagi bo‘zlarim: tappa-taq sakkizta.
– Bo‘zlaringizni oldingiz-a?
– Ha, oldim.
– Xayr.
– Xo‘sh.
Bu yaxshiliq arzadan ham burun mirzaboshidan bo‘ldi, deb o‘yladim. Balalarning kengashi bilan ikki bo‘zni ko‘tarib shom paytida mirzaning uyiga bordim. Chaqirdim, chiqdi. Minnatdorchilik bilan ikki bo‘zni uzatdim; asti olsa-chi. “Yaxtakka bo‘zim bor, ketavuring”, deydi. “Sotib, pulini beraymi”, desam “pulim ham ko‘b” deydi. Aqalli bittasini ham olmadi. Yana duo qilib bo‘z bilan qaytdim. Farishta ham shunchalik bo‘lar, deb o‘ylab qoldim, Shukur so‘fi! A, shunday yigit mirzaboshi bo‘lmay kim bo‘lsin, Samadboy! Ko‘bni duosi ko‘l deganlar; ishonmasanglar, ana taqsirimdan so‘ranglar!
Hikoyani eshitish asnosi imomda bir g‘ijinish vaziyati bor edi. Hikoya bitkach, zaharxanda bilan Samad bo‘qoqqa qaradi, dami kesilayozg‘an bo‘qoq bundan ruhlandi.
– Yolg‘onni ham yamlamay yutadig‘an bo‘libsanda, Safar, – dedi bo‘qoq.
Safar bo‘zchi to‘sundan o‘zgarib ketdi. Rangi o‘chinqiradi:
– Azbaroyi xudo, qasammi?
– Ikkita bo‘zni ikki qo‘llab oborsang, – dedi Samad bo‘qoq, – qaysi ahmoq olmay qaytarar ekan? Yolg‘onni sal kishi ishonadig‘an qilib gapirish kerak, Safar!
– Azbaroyi xudo, olmadi! – dedi Safar va asabiylanib o‘rnidan turib ketdi, – shu ka’batulloning ichida o‘lturib yolg‘on gapirgan odam musurmon emas, kishining qasamig‘a ishonmag‘an ham yetti mahzabda mo‘min emas!
Safar akaning aztaxidil achchig‘lang‘anini sezgan imom orag‘a tushti:
– Bunday yaxshiliqni har kim ham qila oladir, Safar aka, – dedi, – shuning uchun mirzaboshining sizga qilg‘an yaxshilig‘ig‘a men ishondim. Ammo bizning bahsimiz uning beva-bechoraga qilg‘an yaxshilig‘i to‘g‘risida bo‘l-may, bu odam o‘rdadag‘i mirzolarg‘a boshliq bo‘la oladirmi, ya’ni o‘shandog‘ katta ishning uddasidan chiqadirmi, ustidadir.
– Barakalla, taqsir, – dedi Safar bo‘zchi turg‘an
103
104