ТОП просматриваемых книг сайта:
Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Читать онлайн.Название Капитан Грант болалари
Год выпуска 0
isbn 978-9943-8002-4-3
Автор произведения Жюль Верн
Издательство Asaxiy books
‒ Chayla, – dedi.
O‘n uchinchi bob
KORDILER TOG‘LARIDAN TUSHISH
Mak-Nabbsning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda bu chaylaning yonidan, hatto ustidan yuz marta o‘tib ketganda ham uning borligini sezmagan bo‘lardi. Qor bosib qolgan chayla atrofida do‘mpayib yotgan minglab xarsang toshlardan deyarlik farq qilmas edi. Uni qor tagidan ochib olishga to‘g‘ri keldi. Vilson bilan Myulredi yarim soatcha zo‘r berib ishlaganlaridan so‘ng kichkina otryad chaylaga kirib joylashdi.
Kazucha deb atalgan bu chaylani oftobda kuydirilgan g‘isht-adobes bilan hindular qurgan edilar. Kazucha tomonlari o‘n ikki futdan keladigan kub shaklidagi bino bo‘lib, bazalt qoya ustiga qurilgan edi. Chaylaga kiriladigan torgina birdanbir teshik oldiga toshlardan zinapoya qilingan, teshik qanchalik tor bo‘lmasin tog‘larda temporales quturgan vaqtda undan shamol, qor va do‘l yo‘l topib kira olardi.
O‘n kishi bahazur joylasha oladigan bu chaylaning yog‘ingarchilik paytlarda namdan unchalik saqlay olmaydigan devorlari hozir achchiq sovuqdan ancha saqlashi mumkin edi – termometr o‘n gradus sovuqni ko‘rsatib turardi. Buning ustiga, g‘ishtdan nari-beri qo‘nqaytirib qo‘yilgan trubali o‘choqqa o‘t yoqib, sovuq bilan kurashish ham mumkin edi.
‒ Mana boshpana ham topdik, – dedi Glenarvan, – u qadar qulay bo‘lmasa ham, har holda o‘ziga yarasha.
‒ Nima, nima?! – dedi Paganel. – Saroy-ku, saroy! A’yonlar bilan qorovullar yetishmaydi, xolos. Mazza qilib dam olamiz bu yerda!
‒ Ayniqsa o‘choqqa o‘t yoqib yuborsak bormi, – dedi Tom Ostin. – Axir sovuq bizga ochlikdan kam azob berayotgani yo‘q, hozir bir bog‘ o‘tin meni bir parcha mazali go‘shtdan ham xursand qilgan bo‘lar edi.
‒ Tashvish tortmang, Tom, o‘tin ham topamiz, – dedi Paganel.
‒ Kordiler cho‘qqilarida o‘tin nima qilsin! – dedi Myulredi, ishonmaganday bosh chayqab.
‒ Kazuchaga o‘choq qilganlaridan keyin, yaqin oradan o‘tin ham topilishi kerak, – dedi mayor.
‒ Do‘stimiz Mak-Nabbs juda to‘g‘ri aytdi, – dedi Glenarvan. – Sizlar ovqat taraddudini ko‘raveringlar, o‘tin topib kelish mening bo‘ynimga.
‒ Vilson ikkovimiz ham birga boramiz, – dedi Paganel.
‒ Mening ham foydam tegib qolar… – dedi o‘rnidan turar ekan Robert.
‒ Yo‘q, jasur o‘g‘ilcham, sen dam ol, – deb javob berdi Glenarvan. – Tengdoshlaring hali yosh bola chog‘ida sen kamolga yetgan yigit bo‘lib olasan.
Glenarvan, Paganel va Vilson kazuchadan chiqdilar. Kech soat olti edi. Tiq etgan shabada bo‘lmasa ham havo juda sovuq. Moviy osmon qorayib kela boshladi, botib borayotgan quyoshning oxirgi nurlari tog‘ cho‘qqilarining nayza uchida jilolanib o‘ynardi. Paganel barometrni o‘zi bilan olib oldi. Uning simobi o‘n bir ming yetti yuz fut balandlikni ko‘rsatib turar, demak, Kordilerning bu qismi Monblandan nihoyati to‘qqiz yuz o‘n metr past edi. Shveytsariyaning gigant tog‘larida har qadamda uchrab turadigan qiyinchiliklar bu yerlarda ham uchrab, sayohatchilarimiz bo‘ron va qor to‘fonlariga duch kelgudek bo‘lganlarida ularning birontasi ham Yangi Dunyoning qudratli tog‘ tizmalaridan oshib o‘tolmagan bo‘lardi.
Glenarvan bilan Paganel porfir qoya ustiga chiqib, ufqqa nazar soldilar. Ular Kordiler tog‘ tizmalarining eng baland cho‘qqisida turar, qirq kvadrat mil masofani ko‘zdan kechirar edilar. Tog‘ning sharqiy yonbag‘ri qiya bo‘lib, undan tushish qiyin emas edi, peonlar hatto undan yuz sajenlab masofalarda sirg‘anib tushib ketaverar edilar. Uzoqda muzlar siqib tushirib yuborgan toshlar va xarsanglar to‘planib hosil bo‘lgan katta-katta morenalar58 ko‘rinib turardi. Kolorado vodiysida qosh qoraya boshlagan: quyosh g‘arbga botib bormoqda. Sharqdagi uning so‘nggi shu’lalari tushib turgan do‘ngliklar, qoyalar, cho‘qqilar birin-ketin so‘nib, tog‘ning butun sharqiy yonbag‘ri sekin-asta qorong‘ulasha bordi. G‘arbiy tik yonbag‘irdagi hamma past-baland tizmalar esa hali yorug‘. Botib borayotgan quyosh nurida bu qoya va muzliklar juda chiroyli tovlanadi. Shimol tomonga esa borgan sari pastlashib borgan qat-qat cho‘qqilar cho‘zilib ketgan: asta-sekin bir-biriga qo‘shila borib, oxiri ko‘rinmay ketgan bu qator cho‘qqilar tajribasiz odam qo‘li bilan chizilgan to‘g‘ri chiziqqa o‘xshaydi. Lekin janub tomondagi manzara g‘oyat go‘zal bo‘lib, tun yaqinlashib kelgan sari yana ham go‘zal va ulug‘vor bo‘la bordi. Pastda yovvoyi bir vodiy yastlanib yotar, uning tepasida esa, bizning sayohatchilar turgan yerdan ikki mil narida Antuko krateri og‘iz ochib turardi. Vulqon og‘zidan o‘t, kul va tutun purkab, bahaybat ajdahodek o‘kirar, uni qurshab turgan tog‘lar o‘t tushgandek qizarib turar edi. Vulqon og‘zidan do‘ldek otilib turgan, qiziganidan oppoq oqarib ketgan toshlar, burqsib chiqayotgan qizg‘ish tutun, to‘xtovsiz oqib chiqayotgan lava – bularning hammasi qo‘shilib yarqiroq bir oqim hosil qilgan. Quyosh o‘chib borayotgan chiroqdek botib, qorong‘u ufq orqasiga yashiringan sari, vulqonning tobora kuchayib borayotgan o‘tkir yog‘dusi ko‘z ilg‘amas masofada butun atrofni yorita borardi.
Tasodifiy o‘tinchilarimiz Paganel bilan Glenarvan qalbida rassomlik hissiyoti uyg‘ondi, ular zavqlanib tabiatni tomosha qilishga berilib ketdilar, agarda o‘zini hushyorroq tutgan Vilson haqiqat olamiga qaytarmaganda ular osmon va yer yog‘dusi o‘rtasidagi bu ajoyib kurashni hali uzoq tomosha qilgan bo‘lar edilar. To‘g‘ri, bu atrofda o‘tin topilmadi, lekin baxtlaridan bo‘lib, qoyalar ingichka, quruq lishaynik bilan qoplangan ekan. Sayohatchilarimiz shu lishaynik bilan ildizi yaxshi yonadigan lyaretta degan o‘simlikdan anchagina g‘amlab oldilar. Bu qimmatbaho o‘tinni kazuchaga olib kelish bilanoq, darhol o‘choqqa qaladilar. Lekin o‘tni yoqish, ayniqsa uni o‘chirmay yoqib turish juda qiyin ish edi. Siyraklashib qolgan havoda o‘tning o‘chib qolmasligi uchun yetarli darajada kislorod yo‘q edi, to‘g‘rimi-yo‘qmi, har holda, mayor bunga shunday izoh berdi.
‒ Lekin, – deb qo‘shib qo‘ydi u, – bu yerda qaynatish uchun suvni yuz gradusgacha isitish shart emas; suvni yuz gradus issiqda qaynatib kofe ichishni yaxshi ko‘rgan kishi bu yerda kamroq issiqlikda qaynagan suvga qanoat qilishi lozim bo‘ladi, chunki kofe to‘qson gradusdan ham kamroq issiqda qaynab ketadi59.
Mak-Nabbs to‘g‘ri aytgan ekan: suv qaynatganda uning ichiga tushirilgan termometr faqat sakson yetti gradusni ko‘rsatdi. Hammalari ham mazza qilib bir necha qultumdan kofe ichishdi. Qoq go‘shtga kelsak, u yo‘lovchilarga kam lazzat berdi, shunda Paganel garchi to‘g‘ri bo‘lsa ham, hozir tamoman foydasiz bir fikr bildirdi.
‒ Rostimni aytsam, – dedi u, – hozir bir parcha qovurilgan lama go‘shti bo‘lsa ortiqchalik qilmasdi-da. Bu ajoyib jonivor ho‘kizning ham, qo‘yning ham o‘rnini bosa oladi, de yishadi. Bu gap uning go‘shtiga ham taalluqlimikin, shuni bir bilishni istardim.
‒ Ana xolos! Hali ovqatimizdan rozi ham emassiz deyman, olim Paganel? – deb so‘radi Mak-Nabbs.
‒ Yo‘q, hurmatli mayor, men ovqatdan juda minnatdorman, lekin bir parchadan yangi go‘sht bo‘lsa juda o‘rniga tushardi-da.
‒ Siz noz-ne’matni sevgan odam ekansiz, – dedi Mak-Nabbs.
‒ Bu qochirig‘ingizga qo‘shilishaman, mayor, lekin ochig‘ini ayting, hozir yaxshilab pishirilgan bifshteks bo‘lsa, yemas edingizmi?
‒ Yo‘q demasdim, albatta, – dedi mayor.
‒ Bordi-yu, sovuqqa ham, qorong‘uga ham qaramay, hozir sizni ovga yuborishsa, borar edingizmi?
‒ Albatta. Agar lozim topsangiz…
Mak-Nabbsning hamrohlari unga
58
Morena – muzliklar bilan birga ko‘chib kelgan tog‘ jinslari uyumi (Muharrir).
59
Taxminan har 324 metr balandlikda suv bir gradus past temperaturada qaynaydi (Muallif izohi).