Скачать книгу

title>

      Champo otli ilon

      Men sizga Champo voqeasini aytib beraman. Champo deganim bu oddiy ilon. Bu nomni tasodifan o‘ylab topganman. Men bog‘hovlimizda ajoyib va g‘aroyib, zaharli va zaharsiz, uzun-qisqa ilonlar borligini, ularni hech qachon o‘ldirib, bezovta qilib bo‘lmasligini shu yerlik odamlardan eshitar edim. Aslida nafaqat ilonga, pashshaga ham ozor bermasam deyman. Biroq men o‘sha sirli ilonlarni juda-juda ko‘rishni xohlardim. Chunki men o‘z hayotimda ko‘plab ilonlarga duch kelgan, ularning tusi va angori o‘sha yashayotgan muhitiga o‘xshashini ko‘p kuzatgan edim. Keyin hayotimda ilonlar bilan bog‘liq ajabtovur, eslasa odamning eti junjikadigan voqealar ham bo‘lib o‘tgan edi.

      Bahor oxirlab, pichanlar o‘rilgan payt. Bog‘hovlimizdagi hali o‘zlashtirilib ulgurilmagan yerlarga ham o‘roq tushgan. Navbatdagi dam olish kuni bog‘hovliga qadam qo‘yar ekanman, pichanlar bir tekis o‘rilib, so‘qmoqlar ochilib qolganligini ko‘rib dilim yayrab ketdi. Bolaligim o‘tgan Bo‘zsuv bo‘ylarini esladim. Ayni pichan o‘rilgan paytlarida ilonlarning ini buzilardi. Har qadamda suv ilonlarini uchratish mumkin edi. Ular shuvillab oyoq tagidan o‘tar va hali qurib ulgurmagan pichan tagiga kirib berkinardi. Ba’zilari pichan ustiga cho‘zilib quyoshdan bahra olardi. Men o‘shanday damlarda ham ilonlarni kam uchratardim. O‘rtoqlarim undoq katta, bundoq katta ilonni ko‘rdim deb maqtanishardi. Bir odamdan ilon yilida tug‘ilganlarning ko‘ziga ilon kam ko‘rinadi. It yilida tug‘ilganlarni it qopmaydi, deganini eshitgan edim. Bundan chiqdi, ilon yilida tug‘ilganlarning ilonlarga aloqasi bor ekan-da, deb o‘ylardim. Ammo bir kuni o‘sha ko‘zimga kam ko‘rinadigan ilonlardan biri… ha, meni zaharlab qo‘yishiga ozgina qoldi. O‘n-o‘n bir yoshlarda edim. Ammamlarning uyida yashardim. Ammamning eri Majid pochcham urushdan yarador bo‘lib qaytgan, tanasining allaqayerida qolib ketgan temir parchasidan azob chekar edi. U kishi o‘sha og‘riq bilan olisha-olisha olamdan o‘tib ketdilar. Ammamlar uch go‘daklari bilan beva qoldilar. Shundan keyin bu yerga kelib qoldim. Ammam kasalxonada ishlar, bir kecha-yu bir kunduz uyda bo‘lsalar, bir kecha-yu bir kunduz ishda bo‘lardilar. Bizning Zoya otliq oq echkimiz bo‘lardi. Sersut edi. Suti ham qaymoqli, shirin. Ammam yo‘q paytlarida echkini sog‘ish, uni kosalarga quyib, chambaraklarga o‘rnatish menga qolardi. Hovlimizdagi omonatgina qurilgan chaylaga to‘rtta chambarak o‘rnatilgan, ular kosalarning katta-kichikligiga qarab yasalgan edi.

      Men kichkina chambarakka endigina emaklay boshlagan jiyanim Rixsining ulushini, undan keyiniga esa to‘rt yoshli Ergashning, undan keyiniga olti yoshli Yo‘ldoshning ulushini bir-bir joylardim. Oxirgi kattaroq chambarak meniki edi. Chambarakdagi sutlar kechasi bilan salqinda qaymoq olar, nonushtaga zog‘ora nonni bo‘ktirib mazza qilib yeb olardik.

      Navbatdagi shunday nonushtadan keyin men o‘zimni nimagadir boshqacha, lohas seza boshladim. a’zoyi-badanim qizib, havo yetishmayotganday bo‘laverdi. Biroq biror yerimda qattiq og‘riq sezayotganim yo‘q. Jiyanlarimga qarayman: ular qorinlari to‘ygach, men bilan ishlari yo‘q, o‘ynab o‘tirishardi. Shu payt allanarsa meni bo‘g‘a boshladi. Nuqul qo‘llarim bilan o‘sha narsani olib tashlamoqchi bo‘laman, qo‘limga bo‘lsa hech narsa ilinmaydi. Oxiri madad istab qo‘shni hovliga yuzlandim. Mamariza tog‘a ko‘rindilar. U kishi domla edilar. Hovlida katta qanor qopni yo‘rmab o‘tirardilar. Aftidan somon olib kelishga otlangan. Men shoshmasam Mamariza tog‘a hali zamon ko‘k eshagini minib ketib qolishi tayin. Ikki hovlini bir-biridan ajratib turadigan ariqchadan sakrab, tog‘aning yonlariga o‘tdim. Tog‘a meni ko‘rdilar-da, nima deysan degandek yuzimga qaradilar, men u kishiga tovushim bo‘g‘ilib zo‘rg‘a salom berdim va bir amallab g‘alati holatni tushuntirdim.

      Tog‘a qanor qop bilan bigizni bir chekkaga qo‘ydilar-da, shoshmay o‘rinlaridan turdilar. Keyin qani qo‘lingni ber-chi, deb bilagimdan bir zum tutdilar. Keyin ko‘zimning oqini ko‘rib:

      – Nima yeding? – dedilar.

      Men nonushtada nima yegan bo‘lsam o‘shani aytdim.

      – Kosadagi sut qayerda turgan edi? – yana so‘radi tog‘a.

      – …

      Shundan keyin Mamariza tog‘a sal shoshib qoldilar. Qo‘limdan yetaklab hovlimizga o‘tdilar. Men ularga chayla tagidagi chambaraklarni ko‘rsatdim. Tog‘a bir zum chaylaning shox-shabbalari orasiga tikildilar-da, seskanib ketdilar. Seskanganliklarini bilagimni qisib ushlab turgan qo‘llaridan bildim. Ammo men tog‘a qarab turgan joyga qarab hech narsani ko‘rmadim. Aftidan ko‘zlarim ham xira tortib borar, havo yetmayotganidan chuqur-chuqur nafas olardim. Tog‘a yetaklaganicha ariqcha bo‘yiga olib bordilar. Va shu yerda o‘sgan toldan bir necha gavronni sindirib oldilar. Shu payt gavronlar qarsillab yelkamga tushib qoldi-ku! Iye, nimaga?! Tog‘aning qo‘lidan siltanib chiqdimda, qochdim. Tog‘a bo‘lsa meni quva boshladilar. Gavronlar goh yalang‘och oyoqlarimga, goh boshim aralash yelkamga tushib qoladi. Men kechirilmas bir ish qilib qo‘yganimni payqadim. Shunga jazo olardim chog‘i. U kishi har zamonda: “Ahmoq, bachchag‘ar! Yetib olsam go‘shtingni mayda-mayda qilaman”, deb qo‘yardilar. Jiyanlarim mening bu holimni ko‘rib, hang-mang bo‘lib qolishgan. Men hovli bo‘ylab tinimsiz yugurar, tog‘adan o‘zim bilmagan gunohim uchun yolvorib kechirim so‘rardim. Bu orada men ham, tog‘a ham terga botib, hansirab qoldik. Men boyagi azobni ham unutib, oxiri yiqilib qoldim. Ammo qahri qattiq tog‘a bas qilay demas edi. Kaltakdan qutulish uchun yana turib qocha boshladim. Endi men og‘zimga kelgan so‘zlar bilan tog‘ani bo‘ralab so‘kardim. Tog‘a battar jahl bilan meni quvar, gavron tegmagan joyim qolmagan, hamma yog‘im lovullab yonar edi. Oxiri yerga yotib qoldim. Tog‘a ham bir ahvolda yonimga cho‘kdilar. Duo o‘qib, dam soldilar. Men urganlari nimasi-yu, dam solganlari nimasi deb jig‘ibiyron edim.

      – Qani, – dedi u kishi. – Ko‘zingni och-chi?

      Men jahl bilan boshimni chetga burdim.

      – Senga aytyapman? Ko‘zingni och! Yo, yana kaltak yeging kelyaptimi?

      Men shundagina tog‘aning bu savalashlari va duo o‘qishlarida bir sir borligini angladim-da, tog‘aga itoat qildim. Tog‘a ko‘zimning paxtasini ag‘darib ko‘rdilar-da: “Ha, bo‘pti”, dedilar xotirjam. Keyin muloyim tikilib:

      – Bundan keyin chambarakka sut qo‘yganda, albatta, ustini yopib qo‘y. Ilon sut ichaman deb zahar ham solib ketibdi. Yaxshiki anovi jiyanlaringni kosasiga tegmapti. Xudo saqlabdi.

      Men qushdek yengil bo‘lib qolgan edim. Lekin azoyi badanim kuygandek jazillardi. Tog‘a yana dedilar:

      – Bir yomonning bir yaxshisi, endi seni ari ham, iskabtoparlar ham chaqmaydi, mazza qilib yurasan. Uncha-muncha ilonning zahri ham zahmat yetkazmaydi. Shunaqa!

      Endi bilsam rahmatli Mamariza tog‘a o‘shanda mening tanamdagi ilon zahrini xivchin-u va ter bilan haydab chiqargan ekanlar.

Ilonlarni qandoq qilib yeganimiz haqida

      O‘sha yili qishlog‘imizga allaqanday tilini anglab bo‘lmaydigan ozg‘in, qoracha odamlar ko‘chib kelishdi. Kattalarning aytishicha, ular xitoyliklar ekan. O‘sha tomonlardan surgun qilinibdi. Surgun qilinganlar kimningdir bo‘sh uylariga, yerto‘lalariga, omborxonalariga joylashishdi. Bechoralarning na ko‘rpa-to‘shaklari, na qozon-tovoqlari bor. Qishloq odamlari ana shu zarur narsalar bilan ularning turmushini to‘kis qildilar. Kirdi-chiqdi, bordi-keldi boshlandi. Biz esa bolalari bilan o‘ynar edik. Ularning bolalari ko‘proq qishloqdagi dastyori yo‘q xonadonlarning mollarini boqishga yollanishdi. Biz har kuni Bo‘zsuv bo‘ylariga mollarni haydab ketardik. Avvallari dalada choy qaynatib ichish, dasturxon tuzash degan narsalarga e’tibor bermas ekanmiz. Xitoylik bolalar kelgach, tush paytida ham mollar yonida qoladigan bo‘ldik. Ular orasida bitta ozg‘in, uzun bo‘yli, hamma ish qo‘lidan keladigani bor edi. Biz oshpaz deb chaqirardik. U ba’zan bizga o‘sha dalani o‘zida hammaning sigiridan oz-ozdan sog‘ib, shirguruch pishirib berardi. Allaqanday o‘tlardan choy damlab ichirardi. Ammo bir kuni u boshqacha bir ovqatga urinib qoldi. Bizlarni ilon tutib kelishga buyurdi. Ilon tirik bo‘lishi kerak. Shirguruch tayyorlaydigan guruchimizni esa doka ro‘molga tugib, buloq suviga tashlab qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, bolalar uzun-qisqa ilonlarni tutib kelishdi. Oshpazimiz ulardan eng uzun, eng semizini tanlab oldi-da, boshqalarini qo‘yib yubordi. Keyin haligi katta ilonni non to‘rvaga solib bir chekkaga qo‘ydi. O‘zi esa o‘tlab yurgan sigirlardan oz-ozdan sut sog‘ib ola boshladi. Hatto, mening echkimdan ham sog‘ib oldi. Sutni har kuni choy qaynatib ichadigan qorni katta, og‘zi kichik mis qumg‘onga quydi. Keyin to‘rvadagi ilonni oldi-da, buloq suviga bir-ikki chayib, boshini qumg‘on ichiga tiqdi. Ilon

Скачать книгу