ТОП просматриваемых книг сайта:
Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Читать онлайн.Название Капитан Грант болалари
Год выпуска 0
isbn 978-9943-8002-4-3
Автор произведения Жюль Верн
Издательство Asaxiy books
‒ Juda soz! Ularning gapiga ishonsa bo‘ladi, – dedi Glenarvan.
‒ To‘g‘ri, lekin Vudning ham, Narboroning ham, Falknerning ham gapiga ishonsa bo‘ladi, ularning fikricha esa – patagoniyaliklar o‘rta bo‘yli, to‘g‘ri, Bayron, La-Jirode, Bugenvil, Uells va Karterelar patagoniyaliklarning bo‘yi o‘rtacha olganda olti fut olti dyumga to‘g‘ri keladi, degan fikrni bildiradilar, vaholanki, bu mamlakatni ancha yaxshi bilgan olim janob d’Orbini ularning bo‘yi o‘rta hisob bilan besh fut to‘rt dyumga to‘g‘ri keladi, xolos deb aytgan.
‒ Bo‘lmasa bu qarama-qarshi fikrlar ichidan haqiqatni qanday qilib topamiz? – deb so‘radi Elen.
‒ Haqiqat mana bunday: patagoniyaliklarning oyog‘i kalta, gavdasi uzun bo‘ladi. Hazilga burib aytsak, o‘tirganda ularning bo‘yi olti fut, turganlariga esa – faqat besh fut.
Glenarvan:
‒ Ofarin, bopladingiz, aziz Paganel! – dedi.
‒ Patagoniyaliklarning o‘zi tagida bo‘lmagandan keyin, barcha qarama-qarshi fikrlar ham o‘z-o‘zidan kuchini yo‘qotadi, – deb davom etdi Paganel. – Endi esa, do‘stlarim, so‘zimning oxirida bitta tinchlantiruvchi gap aytmoqchiman: Magellan bo‘g‘ozi patagoniyaliklarsiz ham g‘oyat go‘zal joy ekan.
Bu payt «Dunkan» Brunsvik yarimorolini aylanib o‘tmoqda edi. Ikkala sohil manzarasi ham tobora go‘zallashib bormoqda. Daraxtlar orasidan Chili bayrog‘i bilan cherkov qo‘ng‘iroqxonasi ko‘rinib qoldi. Bo‘g‘oz suvi katta-katta granit massivlar orasidan oqib o‘tardi. Tog‘lar etagi ulkan o‘rmon ichida yo‘qolib ketgan, abadiy qorlar bilan qoplangan cho‘qqilari esa bulutlar orasiga kirib yashiringan edi.
Janubi-g‘arb tomonda olti ming besh yuz fut balandlikdagi Tarn tog‘i qad ko‘targan edi.
Uzoqqa cho‘zilgan oqshomdan so‘ng qorong‘u tushdi. Kunduz yorug‘ligi sezilmaygina so‘ndi, yerga qop-qora soyalar cho‘kdi. Osmonda yulduzlar charaqladi. Janubiy Qutb yulduzlar turkumi dengiz sayohatchilariga janubiy qutb yo‘lini ko‘rsatib turardi.
Kema qop-qorong‘u tunda madaniyatlashgan mamlakatlardagi mayaklar o‘rnini bosadigan porloq yulduzlarga qarab, bo‘g‘ozda ko‘plab uchrab turgan to‘xtash uchun qulay buxtalarning birontasida ham langar tashlamay, dadillik bilan yo‘lida davom etdi. Uning reyalari45 tez-tez to‘lqinlar ustiga egilib turgan janub qora qayinlarining shoxlariga tegib o‘tar, vintlari esa yovvoyi g‘ozlar, o‘rdaklar, bedana-moshaklar, churraklar va bu yerdagi botqoqlarda yashovchi boshqa barcha qushlar olamining osoyishtaligini buzib, katta daryolarning bo‘g‘ozga quyiladigan joydagi chuchuk suvlarni ko‘piklantirib o‘tardi. Ko‘p o‘tmay allaqanday xarobalar va o‘pirilgan joylar ko‘rindi. Tunda ular vahimali ko‘rinardi.
Bu tashlab ketilgan koloniyalarning ko‘ngilsiz qoldiqlari bo‘lib, bu koloniyaning ismiyoq bu yerlar serhosil yerlar, o‘rmonlar esa qushlarga boy, degan fikrni tamom rad qilardi. «Dunkan» Ochlik porti yonidan o‘tib bormoqda edi.
Bu yerga 1581-yilda ispaniyalik Sarmiento boshchiligida to‘rt yuzta emigrant ko‘chib kelgan edi. Sarmiento bu yerda San-Filipp shahriga asos soldi. Ko‘chib kelganlarning bir qismi qahraton qish sovuqlariga bardosh berolmay halok bo‘ldi, qishdan omon chiqqanlar ochlikdan o‘lib ketdilar, 1587-yilda korsar Kevendish kelganda bunda olti yil yashagan, lekin olti asrning azobini tortib qiynalib ketgan bechora to‘rt yuz emigrantdan faqat bittasini tirik uchratgan.
«Dunkan» mana shu bo‘m-bo‘sh sohillar yonidan o‘tib bordi. Tong paytida kema qoraqayin, shumtol va oqqayin o‘rmonlari orasidagi tor bo‘g‘ozdan o‘tdi.
Kema avliyo Nikolay buxtasi mansabi yonidan o‘tib bordi. Bir vaqtlar Bugenvil uni Fransuz qo‘ltig‘i deb atagan edi. Uzoqda tyulenlar, shuningdek kitlar to‘dasi o‘ynoqlab yurar, kitlarning qay darajada katta ekanini ularning haddan tashqari kuchli fontan otayotganidan bilib olish mumkin edi, bu suv fontanlari to‘rt mil masofadan ham ko‘rinib turardi. Nihoyat, «Dunkan» hali qishki muz bilan qoplanib yotgan Frouord burunini aylanib o‘tdi. Bo‘g‘ozning narigi tomonida Olovli Yerda, Sarmiento tog‘i olti ming fut balandlikka bo‘y cho‘zib turar, orasida bulutlar suzib yurgan bu qoyatoshlar va xarsanglar uyumi osmon bo‘shliqlarida go‘yo bir arxipelag tashkil qilgan edi.
Aslida, Frouord buruniga kelib Amerika qit’asi tugaydi, chunki Gorn buruni ellik oltinchi gradus janubiy kenglikda okean qa’riga kirib yo‘qoluvchi tog‘-toshlardan boshqa narsa emas.
Frouord burunidan o‘tgandan keyin, Brunsvik yarimoroli bilan Umidsizlik Yeri oroli o‘rtasida bo‘g‘oz torayadi. Xarsang toshlar sochilib yotgan qirg‘oqqa to‘lqin chiqarib tashlagan bahaybat qit’ani eslatadigan bu uzun orol bir qancha mayda orollar orasida cho‘zilib yotadi. Amerikaning parcha-parcha bo‘laklarga bo‘linib ketgan bu uchi Afrika, Avstraliya va Hindistonning yaxlit, tekis burunlariga sira-sira o‘xshamas edi. Ikki okean orasiga joylashgan bu kattakon burunni bizga noma’lum bo‘lgan qanday falokat bunchalik parchalab tashladi ekan?
Keyin serhosil sohillar o‘rniga bu chalkash labirintni tor qilib kesib o‘tgan bo‘m-bo‘sh tosh sohillar cho‘zildi.
«Dunkan» trubalaridan chiqqan tutunni o‘zini o‘rab yotgan tumanga aralashtirib, bu tez-tez qayrilib-burilib turgan yo‘ldan to‘xtovsiz va xatosiz o‘tib borardi; ba’zan tuman orasidan qoyatoshlar mo‘ralab qo‘yadi. Kema yurishini sekinlatmay bu bo‘m-bo‘sh sohillarga o‘rnashgan bir necha ispan faktoriyalari46 oldidan o‘tib ketdi. Tamar buruni oldida bo‘g‘oz yana kengayadi. «Dunkan» Narboro orollarining tik sohillarini aylanib o‘tib, janubiy sohilga yaqinlashib kela boshladi. Nihoyat, «Dunkan» Magellan bo‘g‘oziga kirganiga o‘ttiz olti soat bo‘ldi deganda kemadagilar Umidsizlik Yerining eng chetidagi Pilar burunining qoyasini ko‘rdilar. «Dunkan» forshteveni47 qarshisida bepoyon dengiz quloch yozib yotar edi, shu payt uni xursandlik bilan tabriklagan Jak Paganelning hayajoni «Trinidad» kemasi Tinch okean shamollariga urilib chayqalgandagi Magellanning hayajonlaridan kam emas edi.
O‘ninchi bob
O‘TTIZ YETTINCHI PARALLEL
«Dunkan» Pilar burunini aylanib o‘tganiga bir hafta deganda, jadal suzib Talkaguano buxtasiga – uzunligi o‘n ikki mil va kengligi to‘qqiz mil bo‘lgan ajoyib daryo mansabiga kirib keldi. Havo juda yaxshi edi. Bu o‘lkada noyabrdan martgacha osmonda qilt etgan bulut ko‘rinmaydi, Kordiler tog‘lari pana qilib turgan qirg‘oq bo‘ylab doim janub shamoli esib turadi. Eduard Glenarvanning buyrug‘iga muvofiq Jon Mangls kemani Chiloe arxipelagi va Amerika materigining bu yerlardagi boshqa sonsiz-sanoqsiz orollariga yaqin olib yurdi. Bu yerlarda uchrab qolgan biror siniq holda yoki taxta, odam qo‘lidan chiqqan bir parcha yog‘och «Dunkan»dagilarga «Britaniya»ning halokatdan darak berishi mumkin edi, lekin atrofda hech narsa ko‘rinmadi. Kema o‘z yo‘lida davom etdi va, nihoyat, tumanli Klayd qo‘ltig‘idan chiqqaniga qirq ikki kun bo‘ldi deganda, Talkaguano portida langar tashladi.
Glenarvan o‘sha zahotiyoq suvga qayiq tushirishni buyurdi, Paganel ikkovi qayiqqa o‘tdilar-da, ko‘p o‘tmay yog‘och to‘siq qilib qo‘yilgan qirg‘oqqa chiqdilar. Geografiya olimi ko‘p mehnat sarf qilib o‘rgangan ispan tilini amalda sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi, lekin yerlilar uning bir og‘iz so‘ziga ham tushunmadilar.
‒ Aftidan, yomon talaffuz qilayotganga o‘xshayman, – deb qo‘ydi Paganel.
‒ Yuring bojxonaga, – dedi Glenarvan.
Bojxonadagilar bir necha inglizcha so‘z va imo-ishoralar yordamida ularga ingliz konsuli bu yerdan bir soatli yo‘ldagi Konsepsion shahrida turadi, deb tushuntirdilar. Glenarvan tezda ikkita chopqir ot topdi, ko‘p o‘tmay Paganel ikkovlari aka-uka Pisarrolarning yo‘ldoshi uddaburon Valdivia tufayli qurilgan bu katta shaharga kirib bordilar.
Qarang,
45
Reya – kema machtalarida yelkan bog‘lanadigan ko‘ndalang yog‘och.
46
Faktoriya – ajnabiy savdogarlarning mustamlaka mamlakatlardagi savdo-sotiq olib boradigan manzili, kontorasi.
47
Forshteven – kema tagyog‘ochining kema tumshug‘iga o‘tgan tomoni.