Скачать книгу

ekan: «Ayangni otibsan-ku! Ukacha tug‘ib beradigan ayani otadimi kishi!» dedi va qo‘limga damning arqonini berdi. Dadamning avzoyidan ayam tuzalib qolganini fahmlab, dam bosaverdim.

      Dadam varillab turgan o‘choqdan cho‘g‘day qizigan bir parcha temirni olib teshayotgan edi, undan chiqqan loyaday temir sandondan kundaga, undan yumalab chorig‘imning qo‘yniga tushib ketdi. Chorig‘imni qulantayoq kiygan edim, temir boldirimga jaz etib yopishdi. Chinqirib yubordim. Dadam chorig‘imni darrov yechib tashladi va meni ko‘tarib, do‘kon oldidagi taxtasupaga yotqizdi. Bir vaqt qarasam, tepamda besh-olti kishi turibdi. Bularning biri meni yelpiyapti, biri boldirimni puflayapti. Kimningdir: «Bu azamat bola, yig‘lamaydi, yig‘layotgani yo‘q, toychoq bo‘lib kishnayapti», deganini eshitdim. Boldirim harchand jazillayotgan bo‘lsa ham yig‘idan to‘xtadim, lekin vujudim qaltirab-silkinib ko‘zimdan yosh oqar edi. Bir chol jarohatimga kigiz kuydirib bosdi va boldirimni latta bilan bog‘lab qo‘ydi. Birov yarim qarich keladigan sariq obakidandon, birov qizil toychoq non keltirib berdi. Biroz tinchiganimdan keyin dadam kulib: «Temirchi degan kuyib-kuyib temirchi bo‘ladida!» dedi.

      Kechga yaqin dadam do‘konni yopdi, meni opichib oldi. Uyga ketdik.

      Ayam oyog‘im kuyganini eshitib hushidan ketayozdi; keyin nima bo‘lib meni yakka do‘konga yuborganini aqliga sig‘dirolmay o‘zini qarg‘adi. Mendan oldin va mendan keyin tuqqan sakkiz bolasini qora yer bag‘riga bergan ayam endi meni yer-ko‘kka ishonmas, ko‘z o‘ngidan bir qadam nari jilgani qo‘ymas edi. Ayamning yarador bo‘lgani, oyog‘imning kuygani bir chekkada qolib ketdi. Ota-onam, biri qo‘yib, biri olib, mushtday boshim bilan do‘konga yolg‘iz borganim, bu qadar uddaburroligim to‘g‘risida hayron qolib so‘zlar edi. Go‘yo butun dunyodagi hamma balo-qazo hovlimiz bilan do‘konimiz orasiga yig‘ilib, mening ko‘chaga chiqishimni kutib turgan ekan-u men birini urib, birini yiqitib, biriga chap berib, do‘konga yetib boribman.

      Shundan keyin ota-onamning nazarida, «xudoga ming qatla shukur» katta bo‘lib qoldim, uzoqqa ketmaslik sharti bilan ko‘chaga yakka chiqadigan bo‘lib qoldim, lekin hech vaqt ko‘chadan xush-xursandlik bilan qaytmas edim. Ko‘chaga birinchi chiqqan kunim eshigimiz oldidan o‘tadigan zovurga yiqilib tushdim: tor ko‘prikning ustida bo‘riq2yotgan ekan, shuni tepib zovurga tushirmoqchi bo‘lganimda ikkala oyog‘im ko‘tarilib ketdi shekilli, yiqildim va zovurga tushib ketdim. Zovurdan meni birov tortib oldi. Hovliga yig‘lab kirdim. Onam yuragi yorilguday bo‘lib yuzimga suv sepdi, ho‘l ko‘ylagimni yechib tashlash ham esiga kelmay, latta yoqib boshimdan aylantirib tashladi – alasladi. Shundan keyin bir hafta ko‘chaga chiqqani ijozat bo‘lmadi. Yana bir kuni, eshigimiz oldida loyparsilloq o‘ynab o‘tirgan edim, guzar tomondan bir to‘da otliq qozoq-o‘ris kelib qoldi. Men qozoq-o‘risni hech qachon ko‘rmagan edim. Bularning kizagi qizil ko‘k shapkasiga, chakkasida hurpayib turgan shohiga, kiyim-boshi va shop-sholopiga qarab angrayganimcha ergashib ketaveribman. Bir vaqt qarasam dalaga chiqib qolibman. Darrov orqaga qaytdim, biroq uyimizni emas, hatto ko‘chamizni ham topolmadim. Ayrilishda yig‘lab o‘tirgan edim, toleimga arava kelib qoldi. Aravakash aravasini to‘xtatib, otidan tushdi, mendan gap so‘radi; dadamni tanirkan, otiga mingashtirib hovlimizga keltirib qo‘ydi. Men bu voqeani ayamga aytmadim, aytsam ko‘chaga chiqarmay qo‘yardi. Lekin boyagi aravakash bu gapni dadamga aytibdi. Ayam dadamdan bu gapni eshitib vahima qildi:

      – Voy sho‘rim, xudo bir saqlapti! Qozoq-o‘ris oyog‘ingdan olib yerga ursa, yo otiga bostirib ketsa nima qilardik! Qulog‘ingda bo‘lsin: qozoq-o‘risni ko‘rsang qoch, qocholmasang o‘zingni zovurga ur!

      Dadam meni maqtadi:

      – Durust, durus, botir yigit bo‘ladiganga o‘xshaysan, – dedi va ayamga yuzlandi: – Qozoq-o‘risni ko‘rsa katta odam shoshib qoladi-yu!..

      Do‘konga yakka o‘zim borganim, qozoq-o‘risdan qo‘rqmaganim go‘dakning birinchi aytgan so‘zlari singari ota-onamni quvontirib yubordi. Shundan keyin ko‘chaga bemalol chiqadigan, hatto narigi ko‘cha va torko‘chalarga borib, bolalar yotsirasa va o‘yinga qo‘shmasa ham, ularning o‘yinini tomosha qiladigan, shikast yetmasdan, adashmasdan uyga qaytadigan bo‘ldim.

      Ramazon kirdi. Allaqayerda chalinayotgan nog‘oraning taka-tumi, echkining tovushiga o‘xshash surnay sadosi hammani saharlikka uyg‘otardi. Ota-onamning so‘zidan, harakatidan, ro‘za qiziq narsa bo‘lsa kerak, deb bir-ikki sahar men ham turdim. Biroq ro‘zaning saharligi emas, bozorshabi qiziq bo‘larkan. Dadam meni bozorshabga olib bordi.

      Chorraha va katta maydonning atrofidagi son-sanoqsiz do‘konlarda chiroq, kamida ikkitadan, uchtadan sham. Odam ko‘p. G‘ovur, hayqiriq, kulgi, ashula… Sotuvchilar qichqirgani qichqirgan: «Issiq non bu!» «Saharlikka qo‘shaloq somsa degan bormi!» «Shiming-u chaynamang!»… Bolalar uchqun sochayotgan sixmushakni vizillatib u yoqdan-bu yoqqa chopishadi. Ora-sira tollar orasidan qizil uchqun sochib vashillaganicha osmonga ko‘tarilgan qamish-mushak yulduzlar orasida chilparchin bo‘ladi-yu, paqillab, hamma uchqun so‘nadi, faqat bitta kattakon uchqun yerga qarab sho‘ng‘iydi.

      Yana bir kecha bozorshabga chiqqanimizda dadam meni maydonning to‘ridagi samovarga olib bordi. Bu yerda ham odam ko‘p, g‘ovur kulgi. O‘rtaga osilgan kattakon, juda ham alomat bir chiroq ko‘zni qamashtirib ayvon va sahnadagi odam to‘la so‘rilarni kunduzday yoritib turardi. So‘rilarni oralab ayvonga tomon ketayotganimizda birov meni ko‘tarib so‘rining chetiga o‘tkazdi. Dadamga ham joy berishdi. So‘rining ostidami, tepasidami kimdir ingichka, lekin juda o‘tkir tovush chiqarib ashula aytmoqda edi. Men alanglab qolgan edim, dadam imo bilan kattakon, quchoqqa sig‘maydigan bir dona karnaygulni ko‘rsatdi. Qarasam, ashula sariq qutichaga sanchib qo‘yilgan shu karnaygulning ichidan chiqayotgan ekan. Men «moshina-qo‘shiq» deb eshitganman, lekin o‘zini ko‘rmagan edim, moshina-qo‘shiqqa tikilganimcha qoldim. Ashula tugagandan keyin yana shu karnaygulning ichidan: «Otangga rahmat, Hamroqul qori!» degan tovush chiqdi. Nazarimda karnaygul ostidagi sariq qutichaga soqol-mo‘ylovli kichkina-kichkina odam-chalar qamab qo‘yilganga o‘xshardi.

      Ashula tugagandan keyin bir nima qars-qars etib ketdi. Qo‘rqib dadamning quchog‘iga otildim. Dadam: «Qo‘rqma, qo‘rqma, baqamushak», dedi. Qarasam, davrada haqiqatan baqaga o‘xshagan bir nima qarsillab, har qarsillaganida odam bo‘yi sapchib yuribdi. Davrada mendan boshqa ham qo‘rqib ketgan odamlar bor ekan, rosa kulgi bo‘ldi. Keyin, mushakdan gap chiqib, qaytarmayoqa oq kamzul kiygan sersoqol bir odam Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan bir voqeani gapirib berdi. Xo‘jandda dong‘i ketgan bir mushakchi bor ekan. Shu odam allanima degan bir boyning to‘yida beliga to‘rtta katta-katta mushak bog‘lab osmonga uchibdi. Mushakchi terak bo‘yidan balandroq chiqqanda, mushakning dorisi tamom bo‘lmay turib, odamlar uni oyog‘iga bog‘langan arqondan tortib yerga tushirishibdi. Buni eshitib hamma yoqasini ushladi.

      Yana moshina-qo‘shiq xonish boshladi. Narigi so‘rining ustida «gardish mushak» degan uchqun va tutun puflab aylana ketdi.

      Shundan keyin «Buvaqovoq» degan o‘yin boshlandi.

      Qirg‘izbashara jikkakkina bir odam ayvonning bir chekkasiga tutib qo‘yilgan bordon orqasidan uchta sanochni bittama-bitta zo‘rg‘a ko‘tarib chiqdi-yu, keltirib so‘rilar davrasiga qo‘ydi va kattakon shokosani chertib, qimizini maqtay ketdi. O‘sha bordon orqasidan oq eshak mingan, novcha, sallasi qozonday, qorni eshakning yoliga, uzun ayri soqoli qornining ikki tomoniga tushgan bir odam chiqdi. «Buvaqovoq» degan shu ekan. Buvaqovoq qirg‘izning oldidan o‘tayotib qimizning narxini so‘radi. Qirg‘iz qimizni maqtab: «Bir shokosasi ikki pul», dedi. Buvaqovoq o‘n shokosasini bir pul so‘radi. Qirg‘iz unamadi, bag‘illab berdi. Odamlar xo‘p kulishdi. Buvaqovoq eshagidan tushdi, sanochlardan birining og‘zini ochib qimizni tatib ko‘rdi; ikkinchisini ochdi, bundan ham tatib ko‘rdi. Qirg‘iz ochilgan ikkala sanochning og‘zini burab, mahkam ushlab turganda Buvaqovoq uchinchi sanochni nariroq tortdi-da, qimizni tatib-netib o‘tirmasdan shokosaga quyib ichaverdi va har safar shokosani bo‘shatganida qirg‘izga qarab: «Gap bitta – o‘n shokosasi bir pul!» deb qo‘yardi. Qirg‘iz shovqin solar, talpinar, so‘kar, lekin ikkala sanochning og‘zini qo‘yib yuborolmas edi. Odamlar yumalab-yumalab kulishdi.

      Shunday qilib, piston kasofatining

Скачать книгу


<p>2</p>

Jo‘xoripoyaning bir bo‘g‘ini.